Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:45

"O‘rxon Jamol o‘zbek xalqining do‘sti edi"


O‘rxon Jamol
O‘rxon Jamol

Markaziy Afrika Respublikasida (MAR) rossiyalik taniqli jurnalist O‘rxon Jamol va uning ikki hamkasbi - operator Kirill Radchenko va rejissyor Aleksandr Rastorguev otib o‘ldirildi

O‘rxon Jamolning xotini Irina Gordienko Ozodlik muxbiri bilan qisqa suhbatda marhumning O‘zbekiston va o‘zbeklarga katta ehtirom bilan qaraganini esladi.

Irinaning aytishicha, O‘rxon Jamol har gal Toshkentga sevinch bilan yo‘l olgan. O‘rxon Jamol 2011 yilda Berlinda o‘tkazilgan "O‘zbekiston xalq harakati" ta’sis qurultoyida qatnashib bu harakatga a’zo bo‘lgan edi. Ozodlik O‘rxon Jamolni yaqindan tanigan jurnalistlar: Daniil Kislov¸ Paxlavon Turg‘unov¸ kinoijodkor Umida Ahmedova va o‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solih bilan gaplashdi.

Rossiyalik taniqli jurnalist O‘rxon Jamol harbiy mojarolar va musulmon davlatlari bo‘yicha yirik mutaxassis hisoblanardi.
Rossiyalik taniqli jurnalist O‘rxon Jamol harbiy mojarolar va musulmon davlatlari bo‘yicha yirik mutaxassis hisoblanardi.

"O‘zbekiston haqida eng xolis yozadigan rus jurnalisti edi"

O‘rxon Jamol bilan suhbatlari asosida qator maqolalar e’lon qilgan BBS jahon xizmati jurnalisti Pahlavon Sodiqning fikricha, O‘rxon O‘zbekiston haqida eng xolis va eng haqqoniy yozadigan rus jurnalisti edi:

- O‘zbekiston haqida yozadigan rus jurnalistlari Sovet davrida ham sanoqli edi. Shu sanoqlilari ham Kreml quyushqoni doirasida yozishardi. Ayni mualliflarning maqolalari Kremldan esgan havoga ko‘ra turlanib, tuslanib turar edi. O‘rxon Jamol esa imkon qadar xolis yozar edi¸ qanchalik achchiq bo‘lsa ham, O‘zbekiston haqida bor haqiqatni yozar edi. O‘rxon Jamol 2005 yil 13 mayda Andijondagi qonli isyon bostirilishi oqibatlarini yoritish uchun chegarani yashirincha kesib o‘tgan edi. O‘rxon Jamol o‘zbek xalqining do‘sti edi. U, 2010 yil iyunidagi O‘sh qirg‘inini ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi. "O‘shdagi vahshiyliklarni dunyoning hech bir yerida ko‘rmadim. O‘sh voqealari mening inson zoti qanchalik vahshiy bo‘lishi mumkinligi haqidagi eng yomon tasavvurlarimdan ham dahshatli edi. Eslasam, hali hali jirkanaman", degan edi u menga 2016 yili. Jurnalistlar har-xil bo‘ladi. Kim uchundir jurnalistika nihoiy maqsad. Ammo O‘rxon Jamol uchun jurnalistika, qalam undan kattaroq, oliyroq maqsad yo‘lidagi bir vosita edi. U e’tiqodli inson edi. Ehtirosli, o‘zining nuqtai nazari, fuqarolik pozitsiyasini qattiq turib himoya qiladigan, ayni paytda xolislik mezonlarini har doim yodda tutadigan jurnalist edi. O‘rxon Jamolning o‘limi boshqa bir rus jurnalisti – Valeriy Batuevning taqdirini yodimga soldi. Batuev ham O‘rxonga o‘xshab turkiy aslli, asli udmurt edi. U Erik Batuev taxallusi bilan go‘zal she’rlar ham yozgan. Chechen urushini yoritgan bu jurnalist bilan biz 2000-yilda Bokudagi jurnalistlar treningida tanishgandik. U chechen qo‘mondonlarining ko‘pchiligini tanir, Putinninng ikkinchi Checheniston kampaniyasini ichidan yoritayotgandi o‘sha payt. Ayni vaqtda Yaqin Sharqda ham bo‘lgan, ayniqsa, turk-kurd mojarosini yaqindan yoritgan jurnalist edi. “Moskovskie Novosti” gazetida ishlagan Batuev 2002 yilda Moskvadagi uyida o‘ldirib ketildi. Hech kim shov-shuv solgani yo‘q, maishiy sabab keltirildi. Afsus, endi bu ro‘yxatda O‘rxon Jamol ham bor. Rossiyalik jurnalist uchun nafaqat Rossiyaning o‘zi, balki Rossiyaning harbiy va xavfsizlik manfaatlari bo‘lgan dunyoning boshqa mintaqalari ham xavfsiz emasligini ko‘rsatadi O‘rxon Jamolning taqdiri¸ deydi jurnalist Pahlavon Sodiq.

Паҳлавон Содиқ ўз ҳамкасби Ўрхон Жамол ўлимига муносабат билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:59 0:00
Бевосита линк

O‘rxon Jamol va uning otasi Haydar Jamol Berlindagi O‘zbekiston xalq harakati qurultoyida
O‘rxon Jamol va uning otasi Haydar Jamol Berlindagi O‘zbekiston xalq harakati qurultoyida

"Musulmon edi"

O‘rxon Jamolning eng yaqin do‘stlaridan biri¸ taniqli jurnalist¸ Fergana.ru axborot agentligi rahbari Daniil Kislov Ozodlik bilan suhbatda marhumga "mo‘min-musulmon edi", deya ta’rif berdi:

-Har bir musulmon kabi O‘rxon Jamol taqdirga butkul ishonar edi. Har bir ish Ollohdan derdi. Men 2001 yildan boshlab yaqindan taniganim O‘rxon Jamol eng avvalo haqiqiy musulmon edi. U qo‘rqmasdan ko‘ksini o‘qqa tutib berar ekan¸ buni jurnalist dovyurakligi bilan emas¸ yoshlik-beboshligi bilan emas, balki taqdiri Olloh qo‘lida bo‘lgan¸nima bo‘lishi peshonasida ëzilgan musulmon sifatida qilar edi. 2005 yilda o‘q yomg‘iri ostidagi Andijonga kirganida ham¸ 2010 yilda O‘sh qirg‘inini yoritganida ham¸ yoki Suriya va Liviyadagi urush jabhasida qon kechganida u ham Ollohga tavakkal qilgan edi. Ayni paytda u o‘z maslak-qoidalariga mutlaq amal qilgan professional jurnalist edi. U jurnalistik burchini sodiqlik bilan bajarar edi. Bu ikki jihat bois uning maqolalari o‘zgacha mukammalik kasb etdi. U eng zo‘r jurnalist¸ analitik va ekspert edi¸ deya eslaydi Daniil Kislov

Даниил Кислов ўз дўсти Ўрхон Жамол ўлимига муносабат билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:19 0:00

O‘rxon Jamol¸Tursunbek Bakir o‘g‘li¸Daniil Kislov¸ Muhammad Solih.
O‘rxon Jamol¸Tursunbek Bakir o‘g‘li¸Daniil Kislov¸ Muhammad Solih.

"Ertaklardagi kabi botir¸ qo‘shiqlardagi kabi mehribon edi"

O‘zbekistonlik taniqli fotosuratchi va kinoijodkor Umida Ahmedova “ O‘rxon Jamol menga bir uka kabi aziz edi”, deya eslaydi:

- Boshimga ish tushgan paytimda ,vatandoshlar mendan o‘zini olib qochib turgan bir paytda O‘rxon Jamol Moskvadan Toshkentga uchib kelib menga tasalli bergan¸ meni qo‘llagan edi. Senga yomonlik qilganlarga beshafaqat bo‘l¸ ulardan qo‘rqma ular zaif, sen kuchlisan degan gaplarini eslayman. O‘zbek hukumati menga qarshi jinoyat ishi ochganida qo‘rqib qolgan paytim edi. O‘rxon Jamol mening ko‘zimga ertaklardagi kabi qo‘rqmas botir bo‘lib ko‘ringan. Shu bilan birga u qo‘shiqlarda tarannum qilingani kabi mehribon edi. Men uchun aziz bir uka kabi edi. Uning o‘qqa uchganiga¸ hech ishongim kelmayapti¸ deydi Umida Ahmedova.

Умида Аҳмедова ўз дўсти Ўрхон Жамол ўлимига муносабат билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:59 0:00

O‘rxon Jamol Ukrainada
O‘rxon Jamol Ukrainada

"E’lon qilinmagan urush qurboni"

O‘zbekiston muxolifati lideri¸ O‘zbekiston «Erk» demokratik partiyasi raisi Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda O‘rxon Jamolni "E’lon qilinmagan urush qurboni", deb atadi.

- Avvalambor Olloh rahmat qilsin. O‘rxon Jamol juda ochiq ko‘ngil va jasur yigit edi. Bugungi Putin Rossiyasining hurfikrli insonlarga qarshi qaratilgan g‘addor siyosati qurboni bo‘ldi deyishimiz mumkin. Voqea rasmiy matbuot taqdim etayotgani kabi «tasodifiy hujum emas» balki «Siyosiy buyurtma asosidagi qotillik» deyish mumkin. Bu gapga juda ko‘p asoslar bor. O‘rxon Jamol Rossiyaning bugungi konyukturasida jurnalistlarga qarshi e’lon qilinmagan urushning navbatdagi qurboni bo‘ldi. Endi O‘rxonning shaxsi haqida ham gapirsam. O‘n yildan beri taniyman. Men uning marhum otasi Haydar Jamol bilan do‘st edim Olloh rahmat qilsin. Otasi vositasida O‘rxonni yaqindan tanidim. Otasiga o‘xshagan barvasta edi. O‘rxon nafaqat otasining jussasini¸ balki zakovat va mardligini ham olgandi. Yaxshi ma’noda otasining butun fazilatlarini mujassam qilgan o‘g‘il edi O‘rxon. O‘rxon ham otasi Haydar Jamol ham "O‘zbekiston Xalq harakati"ning a’zosi edi. Qo‘lidan kelgancha bizni qo‘llab-quvvatladi. Haydar Jamol olamdan o‘tkanida men o‘g‘li O‘rxonga tasalli bergandim. O‘rxon ham o‘ldirildi. Uning o‘g‘li Mansurga tasalli bermoqchiman. Mansurbek sening otang ham, bobong ham qalam sohibi o‘laroq, o‘z kasbiga hiyonat qilishmadi. Sening bobong ham, otang ham doim mazlumlar yonida turgan ikki buyuk inson edi. Men sening shu ikki insonga loyiq o‘g‘il bo‘lib yetishishingni tilayman¸ dedi Muhammad Solih.

Муҳаммад Солиҳ ўз дўсти Ўрхон Жамол ўлимига муносабат билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:11 0:00
Бевосита линк

O‘rxon Jamol Muhammad Solihning uyida mehmonda
O‘rxon Jamol Muhammad Solihning uyida mehmonda

Nima bo‘lgan edi

Rossiyalik taniqli jurnalist O‘rxon Jamol harbiy mojarolar va musulmon davlatlari bo‘yicha yirik mutaxassis hisoblanardi.

Xabarlarga ko‘ra, O‘rxon Jamol ikki hamkasbi - operator Kirill Radchenko va rejissyor Aleksandr Rastorguev MARga shanba, 28 iyul kuni ertalab etib borgan.

Rossiyalik jurnalistlar o‘limi haqida xabar bergan Frans-Press agentligi ularning jasadi Sibut shahridan 23 kilometr uzoqlikda topilganini ma’lum qildi.

Frans-Press manbalarining bildirishicha, rossiyaliklar noma’lum qurollilar tomonidan o‘ldirilgan.

O‘rxon Jamol, Aleksandr Rastorguev va Kirill Radchenko
O‘rxon Jamol, Aleksandr Rastorguev va Kirill Radchenko

Marhum¸ jurnalist O‘rxon Jamol O‘zbekiston¸ Qirg‘izistondagi voqealarni joyidan turib yoritib kelgan. Shimoliy Kavkaz, Afg‘oniston, Iroq, Livan va Suriyada ishlagan Jamol 2008 yilda Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi mojaro haqida "To‘qqiz kunlik urush xronikasi" nomli kitob yozgan.

2011 yilda Liviyaga safar qilgan O‘rxon Jamol oyog‘idan og‘ir yaralangan edi.

Jurnalistlar o‘limi jamoatchilikni larzaga soldi
Jurnalistlar o‘limi jamoatchilikni larzaga soldi

XS
SM
MD
LG