Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:41

Samarqandda 17 nafar abiturient apellyatsiyasi qabul qilinmadi


SamDUda imtihon adolatsiz o‘tayotganini iddao qilgan abiturientlar
SamDUda imtihon adolatsiz o‘tayotganini iddao qilgan abiturientlar

Samarqand Davlat universitetining jismoniy tarbiya fakultetiga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirgan 17 nafar abiturient, ijodiy imtihonlarning adolatsiz o‘tganligini iddao qilib, Ozodlikka bog‘landi.

Abiturientlarning aytishicha, 25 iyul kuni yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan imtihonda, domlalar ko‘rsatkichi past bo‘lgan abiturientlarga yuqori ball qo‘yib bergan.

Ko‘z o‘ngida o‘zidan kuchsiz bo‘lgan tengdoshlarini asossiz yuqori ball olganiga guvoh bo‘lgan abiturientlar, 1 iyul kuni Universitet qabul komissiyasi qoshida tashkil etilgan “Adolat komissiyasi”ga apellyatsiya berib, qaytadan imtihon olinishini talab qilgan.

Ammo, komissiya ularning shikoyatini rad qilgan.

Universitet qabul komissiyasi appelyatsiya topshirish muddati imtihondan so‘ng 24 soat bo‘lishi, bu vaqt o‘tgandan so‘ng shikoyatlar qabul qilinmasligini Ozodlikka aytdi.

Кириш имтиҳонлари натижаларидан норози абитуриентлар прокуратура ва Адолат комиссияси олдида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:22 0:00

Samarqand Davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetiga o‘qishga kirish uchun 25 iyul kuni 7-8 guruhda ijodiy imtihon topshirgan 17 nafar abiturient 2 avgust kuni Ozodlikka murojaat qilib, imtihonning adolatsiz o‘tganligini iddao qildi.

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidan jismoniy madaniyat fakultetiga hujjat topshirgan Husan Azizovning aytishicha, imtihonda yaxshi ko‘rsatkich ko‘rsatgan abiturientlar qolib ketib, ularning ko‘z o‘ngida past ko‘rsatkich ko‘rsatgan bolalarga yuqori bal qo‘yilgan:

- Masalan menga 20 bal qo‘ygan, yonimizdagi guruhdagi yugurishdan ham o‘tolmay qolgan bolalarga esa 89-90 bal qo‘ygan. Bizning guruhimizdagi bir bola, voleybolda balandlikka 17ta otyapti, lekin unga 45ta qilib yozib qo‘yayapti. O‘zi eng ko‘p otgani 15-20ta otyapti. Faqat bitta bola 36ta otgan edi. Buni hammasini biz ko‘rib turibmiz, - dedi abiturient.

Abiturient Husan Azizov "Adolat komissiyasi"dan adolat topolmaganidan arz qildi
Abiturient Husan Azizov "Adolat komissiyasi"dan adolat topolmaganidan arz qildi

Husan Azizovga ko‘ra, 25 iyul kungi imtihonlarda kameralar bo‘lmagan:

- Hech qanday nazoratchi ham yo‘q edi. Faqat domlalarning o‘zi nazorat qilib, sekundomerlarni ham o‘zlari olivolgan. Nima xohlashsa, o‘shanday qilishdi, umuman adolat bo‘lmadi, - deydi abiturient.

Samarqand viloyatining Jomboy tumanidan o‘qishga kirish uchun kelgan 19 yashar Islom Yaramovning aytishicha, yugurishda undan keyin kelgan bola undan yuqori ball olgan:

- Biz yuz metrga yugurishda 25 ball olyapmiz, bizlardan qolib ketib, uchinchi o‘rinda kelgan bola 69 ball olyapti. Umuman bajarolmagan bola 84 ball olyapti! Har bir guruhdan 3-4 bolaga ana shunday erishilmagan yuqori ball qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Imtihon olayotgan domlaga borib, nega bunday adaolasizlik qilyapsiz, deb norozilik bildirsak, bor ishingni qil, bo‘lmasa seni balingni ham pasaytirib qo‘yaman, deb do‘q qilyapti. Bu, biz qolgan imtihonlarni ham topshirmasak bo‘ladi, baribir o‘qishga kirolmaymiz, degani. Faqat bizning guruh emas, boshqa yuzlab bolalar ham imtihonlarning adolatsiz bo‘layotganidan dod deb yuribdi, - deydi Islom Yaramov.

Imtihon natijasidan qoniqmagan abiturientlarning DXXga yozgan arizasi
Imtihon natijasidan qoniqmagan abiturientlarning DXXga yozgan arizasi

Imtihonlar adolatsiz bo‘layotganini iddao qilgan abiturientlardan yana biri, 19 yashar Behruz Qahhorov Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidan kelganini aytadi:

- 25 iyul kuni Dinamo stadionida imtihon bo‘ldi. Misol uchun, ming metrga chopishda, granata otishda, uzunlikka sakrashda mendan ancha past ko‘rsatkich ko‘rsatgan bolalarga 84-89 ball qo‘yishgan. Menga esa 49 bal berilgan. Men bugun normativlarni ko‘rib, hisoblab chiqsam, menga to‘g‘ri ball berilgan ekan. Lekin, mendan ortda kelgan, kam uzoqlikka sakragan bolalarga mendan qariyb ikki baravar ko‘p ball berilgan. Qaerdan keldi bu ballar? Ular bizdan kuchsiz bo‘lib o‘qishga kirib ketadiyu, biz esa qolib ketamizmi, endi?, - deydi Behruz Qahhorov.

Ozodlik suhbatlashgan yana 3 nafar abiturient ham imtihonlarda yaxshi yugurolmagan, yaxshi sakrolmagan, to‘pni kam otgan abiturientlar sirli tarzda yuqori ball olganini iddao qildi.

1 iyul kuni imtihonlar natijalaridan norozi bo‘lgan 17 nafar abiturient imtihonlarni qayta va xolis o‘tkazish talabi bilan Samarqand davlat universitetining Adolat komissiyasiga murojaat qilgan.

Abiturientlarning aytishicha, o‘zini tanishtirmagan komissiya raisi ularni qabul qilmagan va xohlagan joylariga arz qilishi mumkinligi haqida gapirgan.

Shundan so‘ng o‘ttizdan ortiq abiturientlarning Samarqand viloyati Xalq qabulxonasiga murojaat qilganini, lekin avval u yerda ularga tahdid qilinganini abiturientlardan biri aytdi:

Xalq qabulxonasida, mayli arizalaringni qabul qilib olamiz, lekin tasdiqlanmasa, sizlar 15 sutkaga qamalishlaring mumkin, deb aytishdi. Biz, adolat istab keldik sizdan, bo‘lmasa prezident portaliga murojaat qilamiz deganimizdan so‘ng, arizamizni qabul qildi va bir oy ichida ko‘rib chiqilishini aytdi. Bir oy ichida hamma narsa tamom bo‘ladiku, desak, tartib shunaqa, deb javob berishdi”, deydi abiturientlardan biri.

Abiturientlar bundan tashqari DXX Samarqand viloyati boshqarmasiga va prokuraturasiga ham ariza bilan murojaat qilgan.

Ozodlik 2 avgust kuni Samarqand davlat universitetining qabul komissiyasi bilan bog‘landi.

Ismi-sharifini aytishdan bosh tortgan komissiya mulozimi imtihonlarni adolatsiz o‘tayotganini inkor qildi:

- O‘sha yerda uzluksiz ravishda hamma yerda kameralar ishlagan. Noto‘g‘ri ma’lumot berishgan sizga, hech qaerda bunaqa bo‘lmagan. Kelib, istalgan kunni zapisini bering deng, shunday beradi. 25 iyulning ham zapisi bor, - dedi o‘zini tanishtirishdan bosh tortgan mulozim.

Ozodlik suhbatlashgan abiturientlarning barchasi 25 iyul kuni "Dinamo" stadionida birorta ham kamera qo‘yilmaganini ta’kidladi.

Bu yil O‘zbekistondagi 60 ta Oliy Ta’lim muassasasi va uning 19 ta filialiga 675 mingdan ortiq abiturient hujjat topshirdi. Bu o‘tgan yilgiga qaraganda 54 mingga kamdir.

O‘zbekistondagi oliy ta’lim maskanlari (OTM) rektorlari ota-onalar va abiturientlarga murojaatnoma e’lon qilgan edi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi saytida chop etilgan murojaatda kirish imtihonlari arafasida korrupsioner "tovlamachi va firibgarlar"ga pora bermaslik so‘ralgan.

XS
SM
MD
LG