Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:26

Velosportchi Zabelinskaya va kurashchi Murodov O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldi


Mahmud Murodovning Instagramdagi sahifasidan.
Mahmud Murodovning Instagramdagi sahifasidan.

Rossiyalik velopoygachi, Olimpiya o‘yinlarining uch karra sovrindori Olga Zabelinskaya ortidan O‘zbekiston fuqaroligini yana bir taniqli sportchi – MMA jangchisi Mahmud Murodov oldi.

O‘tgan bir oydan ortiq vaqt davomida birvarakayiga ikkita taniqli sport ustasiga O‘zbekiston pasporti topshirildi.

Shu yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston pasporti mashhur MMA jangchisi, asli buxorolik 28 yashar Mahmud Murodovga topshirildi.

Bu haqda Mahmud o‘zining Instagram sahifasida xabar qildi.

Alhamdulilloh, yana bir orzuim amalga oshdi. Shavkat Miromonovich, mamlakatimiz uchun qilayotgan ishlaringiz va bugun menga bergan ulkan xursandchilik uchun sizga katta rahmat aytmoqchiman. O‘tgan 26 yil davomida men bu kun kelishini bilardim va o‘z ildizlarimni hech qachon unutmaganman va men o‘zbek yurti o‘g‘loni ekanimni bilib kelganman. Bugun esa men buni isbotlovchi hujjatni qo‘lga oldim”, deb yozdi Mahmud Murodov.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda tug‘ilgan Mahmud Murodov O‘zbekistonda "fuqaroligi yo‘q shaxs" maqomida yashab kelgan.

MMA jangchisi keyingi yillarda Chexiyaning Praga shahridan qo‘nim topgan va o‘sha mamlakatdagi jangovar sport klubi nomidan musobaqalarda qatnashgan.

Murodov UFC xalqaro aralash janglarida ishtirok etishni boshlagan birinchi o‘zbeklardandir.

2012 yilda boshlagan professional karyerasi davomida Mahmud Murodov MMAA Arena, BA, XFN va boshqa turnirlarda ishtirok etib kelgan. U World Kickboxing Network tashkilotining interkontinental chempionligi, Caveam versiyasi bo‘yicha hamda XFN (X Fight Night) vaqtinchalik chempion kamarlari sohibidir.

Mahmud Murodov o‘tkazgan 19 jangdan 14 tasida g‘alaba qozongan.

Rossiya o‘zbek grajdanligini olgan velopoygachiga muammolar yaratmoqchi

Bundan biroz oldinroq, 5 iyul kuni rossiyalik velosipedchi, London (2012) va Rio-de-Janeyro (2016) olimpiadalarining ikkita bronza va bitta kumush medali sohibasi, jahon, Yevropa va Rossiyaning ko‘p marotaba chempioni 38 yashar Olga Zabelinskaya o‘zbek pasportini olgani sport jamoatchiligida katta shov-shuv bo‘lgandi.

Olganing O‘zbekiston bayrog‘i ostida musobaqalarda ishtirok etishi Rossiya sport mulozimlari va oddiy rossiyaliklar noroziligiga uchradi: Rossiya Velosport federatsiyasi uni 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdan mahrum qilishini bildirdi.

Olga Zabelinskaya
Olga Zabelinskaya

Leningradda tug‘ilgan Olga Zabelinskayaning otasi - taniqli Olimpiya chempioni Sergey Suxoruchenkov ham qizining O‘zbekiston bayrog‘i ostida chiqishiga qarshi chiqdi: u doimiy ravishda Kiprda yashovchi Olgani “biznesmen” va “shoumen” deb atadi.

Biroq, Olga Zabelinskaya Rossiya bayrog‘i ostida chiqishdan bosh tortayotgan yagona sportchi emas. Oldinroq birdaniga 3 biatlonchi qiz boshqa mamlakat grajdanligini olganini bildirdi.

MatchTV kanaliga bergan intervyusida u boshqa davlat uchun velosiped uchirishini bunday tushuntirdi:

- 99% ishonchim komilki, 2020 yilgi O‘yinlarda Rossiya bayrog‘i ostida ishtirok eta olmayman. Ilgari doping muammolari bo‘lgan boshqa sportchilar bilan bog‘liq vaziyat takrorlanadi va meni Olimpiadaga taklif qilishmaydi. O‘zbekistondan menga taklif o‘tgan yilning kuzida kelib tushgandi. Men rahbarim Yekimovga aytganimda u “Qaerga ketayapsan? O‘zbekistonga? Eshak minasanmi u yerda?” degan gaplarni qildi.

Shu tariqa yaqin orada O‘zbekiston sharafini Osiyo O‘yinlarida himoya qilishi mumkinligini aytgan sportchi Rossiyani mahalliy sport mulozimlarining doping janjallariga befarq bo‘lgani sababli tark etganini aytdi.

Gap shundaki, Dopingga qarshi qo‘mita WADA va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ommaviy tarzdagi doping iste’mol qilganlikda aybdor topilgan rus sportchilarini xalqaro musobaqalardan chetlashtirgan edi.

Ayni paytda, Rossiya velosport federatsiyasi rahbariyati Olga Zabelinskayaning O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tishiga qattiq qarshilik qilishi va unga nisbatan 3 yillik karantin joriy qilishni talab qilishini bildirdi.

Velosport Xalqaro ittifoqi qoidalariga ko‘ra, Olga bu va keyingi yilda velosport bo‘yicha jahon chempionatlarida ishtirok eta olmaydi.

Bundan 26 yil oldin o‘zbekistonlik velopoygachi Zulfiya Zabirova Rossiya grajdanligini olib, 1995 yilgi Atlanta Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgandi.

XS
SM
MD
LG