O‘zbekistonning taniqli shoirasi Halima Xudoyberdieva 17 avgust kuni 71 yoshida Toshkentda vafot etdi.
Islom Karimov prezidentligi davrida barcha vazifalaridan olib tashlangan, "istalmagan shaxs" bo‘lgan Halima Xudoyberdievaning ijodi prezident Mirziyoev qudratga kelgunga qadar OAVda ham, televidenieda ham aks etmadi.
O‘tgan asrning 70 yillaridan o‘zbek she’riyatiga o‘zining isyonkor ovozi bilan kirib kelgan shoira ijodida sobiq ittifoq davrida huquqlari kamsitilgan, og‘ir turmush tarzi va haqsizlikdan o‘ziga o‘t qo‘yayotgan o‘zbek ayolining achchiq qismati gavdalandi.
Halima Xudoyberdieva o‘zbek she’riyatiga 60 yillarning oxirida kirib keldi. U 12 yil davomida (1982-1994) O‘zbekistondagi yagona ayollar jurnali "Saodat"ga bosh muharrirlik qildi.
1990 yilda shoira O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining raisi etib saylandi.
Halima Xudoyberdievaning prezident Karimov davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagan eri Mavlon Umrzoqov 1994 yil oxirida qator jinoyatlar, xususan, katta miqdorda poraxo‘rlik va mansabni suistimol qilishda aybdor, deb topilgandan so‘ng shoiraning ustida ham qora bulutlar paydo bo‘ldi.
Mavlon Umurzoqovning qamalishi ortidan uning rafiqasi, O‘zbekiston Xalq shoirasi Halima Xudoyberdieva mamlakat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisligidan va boshqa lavozimlardan bo‘shatilgan edi.
Mavlon Umrzoqov 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, qamoqda 2,5 yil o‘tirib, ozodlikka chiqqan edi.
Bundan bir yil muqaddam Ozodlikka intervyu bergan shoira o‘zining "tutqun"likda qolganini shunday izohlagan edi:
- Qora ro‘yxatlardan ijodkorlarning o‘chirilganligini qo‘llayman, albatta. O‘zim o‘sha qora ro‘yxatda edim. 22 yil istalmagan shaxs bo‘ldim. 22 yil radio va TV dan uzoq tutildim. 22 yillik tanaffusdan keyin o‘tgan yilning dekabridagina TV da yuzim ko‘rindi¸ degan edi shoira.
18 avgust kuni Halima Xudoyberdievaning ta’ziyasida qatnashib turgan jurnalist Sharof Ubaydullaevning aytishicha, qariyb 23 yil davomida shoirani tutqunlikda ushlab turilishiga sababchi bo‘lgan amaldorlar ko‘ngil so‘ragani kelishgan:
- Men bugun erta tongda Halimaning Do‘mbiroboddagi hovlisiga bordim. Borsam, Halimaning yuragini 23 yil davomida qonu-zardob qilgan baland amaldorlar o‘sha yerda turibdi ekan. Ular ko‘ngil so‘ragani kelmagan, ular katta kelib qolishi mumkin degan xavotir bilan, tong sahardan yetib kelgan. Turgan bu odamlarning kattasi Halimani 23 yil uyda tutqunlikda turishiga sabab bo‘lgan, kerak bo‘lsa bosh rejissyor bo‘lgan. Endi esa ular motamsaro bo‘lib turishibdi. Ey sizlar, ey noinsoflar, ey adabiyot kushandalari, 23 yil davomida qaerda edilaring? Halimaning boshida musibatlar yong‘og‘i chaqilganda birortang ko‘rinmadingku?, deydi jurnalist.
Sharof Ubaydullaevning aytishicha, u Halima Xudoyberdieva bilan uch kun oldin gaplashgan:
- Halima Toshkent travmatoliya instituti kasalxonasida kichik bir jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan edi. Borib ko‘rib turardim.Uch kun oldin u bilan telefonda gaplashgan . Ko‘rgani boraman desam, kelmang, agar siz kelsangiz bizning dardlarimiz bu kasalxonaning devoriga sig‘maydi, chiqsam gaplashamiz degan edi, deydi Sharof Ubaydullaev.
Halima Xudoyberdievaning dardini yaxshi bilgan, ismi sir qolishini so‘ragan adiblardan birining Ozodlikka aytishicha, prezident Shavkat Mirziyoev shoirani orden bilan taqdirlagandan va u "Dugonalar" jurnalini tashkil qilganidan so‘ng ham jurnaldagi maqolalar qattiq tsenzura qilingan:
"Halima opa bilan bir ko‘rishganimda yangi faoliyatidan hafsalasi pir bo‘lganini gapirdi. Devondagi maslahatchi baribir erkin ishlagani qo‘ymayotganini aytdi: "Jurnal ochib berdi, lekin bu jurnalda biror bir ish qilgani qo‘ymayapti. Hamma maqolani avval u ko‘rib berishi shart ekan. To‘rt qo‘l-oyog‘im bog‘langan. Har bir narsa uchun kattaning oldiga chopib bora olmaymanku. Kasalxonadan chiqsam, u "Gitler" bilan o‘zim yakkama-yakka kurashaman", degan edi. Lekin umr vafo qilmadi", deydi o‘zbekistonlik yozuvchilardan biri.
Halima Xudoyberdievaning janoza namozi 18 avgust kuni Toshkentning Qozirabot jome masjidida asr namozida keyin o‘qildi va shoira shu qabristonga dafn etildi.
Halima Xudoyberdieva bilan quyidagi suhbat bir yil avval yozib olingan:
Nafaqat
O‘tsang yozib,
Kuz yanglig‘ so‘lib, ozib,
Bozillagan cho‘g‘ bosib,
Qo‘rdayam hayqirolsang,
Demakki, Sen shoirsan!
Oltinmi
Yo olmosda,
Tig‘da yurolsang, rost-da
Itqitsa, oyoq ostda,
To‘rdayam hayqirolsang,
Demakki, Sen shoirsan!
Nafaqat
Ko‘tarsa xalq,
Ko‘ksingdan itarsa xalq,
Peshonang namakob, talx,
Sho‘rdayam xayqirolsang,
Demakki, Sen shoirsan!
Nafaqat
Zar, zo‘rlarni,
Uzsang, to‘sin, to‘rlarni,
Chayqaltirsang go‘rlarni,
Go‘rdayam hayqirolsang,
Demakki, Sen shoirsan!
Halima Xudoyberdieva