Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:32

Toshkentdagi taxta bozorida tadbirkorlardan paxta terimi uchun pul yig‘ilyapti


Zangiota tumanidagi taxta bozori
Zangiota tumanidagi taxta bozori

Toshkent viloyat, Zangiota tumanidagi “Chig‘atoy Oqtepa” MChJga qarashli taxta bozori tadbirkorlarining iddao qilishicha, bozor ma’muriyati har bir tadbirkordan paxta mavsumi uchun bir yarim million so‘mdan pul yig‘ish haqida bozor nazoratchisiga topshiriq bergan.

Tadbirkorlarning aytishicha, Karimov davrida boshlangan paxta terimi uchun tadbirkorlardan pul yig‘ish tadbiri Mirziyoev prezident bo‘lganidan so‘ng ham davom etmoqda.

Bozor ma’muriyati bozor hisobidan paxtaga odam chiqarish topshirig‘i hokimlik tomonidan berilganini tan olar ekan, lekin pul yig‘ish haqidagi iddaolarni inkor qildi.

Toshkent viloyat, Zangiota tumanidagi “Chig‘atoy Oqtepa” taxta bozorida ishlovchi bir necha tadbirkordan Ozodlikka kelgan shikoyatda shunday yozilgan:

“Biz Zangiota tumanidagi “Chig‘atoy Oqtepa” taxta bozoridan yozmoqdamiz. Bizga har bir joy uchun bozor ma’muriyati 1 500 000 so‘mdan pul yig‘ib olyapti. Bu tadbirga mas’ul qilingan bozor nazoratchisi Jamil akaning aytishicha, yig‘ilgan pulga paxta terimi uchun bizning o‘rnimizga mardikor yollanar ekan. Prezidentimiz majburiy mehnat bizda bo‘lmaydi, deb aytgan edi. Lekin, prezidentning gaplari bularga yetib kelmabdi”.

Ozodlik bog‘langan tadbirkorlardan birining aytishicha, bozor ma’muriyati pul bermaganlarga tovar olib kirishga ruxsat berilmasligi bilan tahdid qilinyapti:

“O‘tgan seshanba kuni majlis qilinib, Jamil aka degan nazoratchimiz shu haqda gapirdi. Bermagan odam o‘zidan ko‘rsin, bozorga mol olib kirgani qo‘ymayman, dedi. Bozorda qariyb 250 tacha joy bor. Bir yarim million so‘m ham deyarli 190 dollar bo‘ladi. Bozor bo‘yicha hisoblasak, qariyb 50 ming dollar bo‘ladi ekan. Bu pulga qancha mardikor sotib oladi, qancha paxta teradi, bunisi bizga qorong‘u. Prezidentimiz bu yil klaster qilamiz, hech kimdan pul ham yig‘ilmaydi, majburiy mehnat ham bo‘lmaydi, deb aytgan edi. Lekin, hech narsa o‘zgarmayapti. Karimov davrida ham pul yig‘ib bergan bo‘lsak, xuddi shu holat bugun ham davom etyapti”.

“Chig‘atoy Oqtepa” taxta bozorining nazoratchisi Jamil Yunusov Ozodlik bilan suhbatda, tadbirkorlarning paxta terimiga o‘zi chiqishi yoki o‘rniga odam yollab berishi majburiy qilib qo‘yilganini tan oldi:

- Bizlarga shu paxta to‘g‘risida gap bo‘lgan edi, chunki bizning tuman paxtaga boradi-da. Tadbirkorlar borishi kerak paxtaga. Paxta faqat muallimlar bilan do‘xtirlarga yo‘q, tashkilot va tadbirkorlarga bor. Tadbirkor paxtaga borgani bilan u yerda ishlamaydi, faqat “vodka”sini urib yotadi. Shuning uchun o‘rningga odam topib ber, deyapmiz. Har yili paxta mavsumida hamma bozorlar odam beradi. Bizga ham 160ta odam yozib qo‘yishgan. Bizlar tadbirkorlarga o‘zlaring odam olib kelasanlar, deyapmiz. Biz faqat tashkilotchilik qilyapmiz, pul yiqqanimiz yo‘q, dedi taxta bozori nazoratchisi Jamil Yunusov.

Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yilgi paxta mavsumida majburiy mehnat mutlaqo qo‘llanilmasligi shart ekanini 29 mayda o‘tgan videoselektor yig‘ilishida gapirgan edi:

“Kimga kerak paxta? Korxonaga kerak. Qaysi korxona? Qayta ishlaydigan. O‘zini odamlari, o‘zi borib, pul to‘lasin, o‘zi yig‘sin. Abdulla Ne’matovich, sizga bir oy muddat. O‘tgan yili qancha qiynaldik. Butun dunyo hozir bolalar mehnati deb, o‘zimizni o‘zimiz ahmoq qilib yurganmiz. Qaerga bormasak, bolalar mehnati. Undan 2-3 milliard foydami, yoki undan ko‘ra obro‘ni, siyosatimizni joyiga qo‘yish kerakmi. Shuning uchun bir oy muhlat, o‘tgan yilgi tajribani qo‘llash lozim. Hech qanday, bironta bolalar mehnati, majburiy mehnat kerak emas. Mana qancha to‘qimachilik kombinatlarimiz bor, o‘zlari borib, o‘zini paxtasini o‘zi terib olaversin”, - degan edi​ prezident.

O‘zbekistonda har yili paxta terimi kampaniyasi davrida tashkilot va korxonalar, savdo muassasalari, bozorlar ishchi-xodimlarini majburiy mehnatga jalb etish holatlari kuzatiladi.

Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan paxta yig‘im - terimida kamida 336 ming odam majburiy mehnatga jalb qilingan.

XS
SM
MD
LG