Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:42

Piyoz mojarosi: Toshkentda 11 bozorqo‘m ikki oydan beri hibsda qolmoqda


Joriy yil 30 iyun kuni Toshkentdagi kamida 11 ta bozorning rahbari “Toshbozorsavdo” tashkilotida o‘tayotgan majlis payti hibsga olingani Ozodlikka 20 avgust kuni ma’lum bo‘lgan edi.

Bosh prokuratura mulozimiga ko‘ra, bozorlar rahbarlari ustidan davlat zahirasidagi piyozning chirib ketgani uchun jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.

Majlis payti ushlangan bozorqo‘mlar

30 iyun kuni Toshkent shahar bozor va savdo komplekslari uyushmasi -"Toshbozorsavdo"da o‘tayotgan majlis paytida poytaxt bozorlarining rahbarlari yoppasiga hibsga olingan.

Bu haqda Ozodlikka 20 avgust kuni xabar qilgan hibsdagilarning yaqinlariga ko‘ra, hibsga olinganlar soni kamida 11 nafar bo‘lib, ular qariyb ikki oydan beri Ichki ishlar vazirligining tergov izolyatorida hibsda saqlanmoqda. Poytaxtdagi bozor rahbarlaridan birining o‘g‘li ismini ochiqlamaslik sharti Ozodlikka bunday dedi:.

“Dadamni 30 iyun kuni “majlis bo‘ladi” deb, “Toshbozorsavdo”ga aldab chaqirib, hibsga olishgan. Dadamdan tashqari yana o‘n kishi bor. O‘sha kuni majlis ertalabki soat 10 da boshlangan, yarim soatdan so‘ng prokuratura xodimlari kelib, majlisdagi hammani mashinasiga bosib, olib ketgan. Buni dadamni ko‘chada kutib o‘tirgan haydovchimiz ko‘rib, bizga xabar berdi”.

Boshqa bir bozor rahbari xotinining Ozodlikka aytishicha, ushbu voqeadan ikki hafta avval prokuratura tomonidan erining pasporti olib qo‘yilgan bo‘lgan:

“Hibsga olishidan avval ham rosa sarson qilishdi. Deyarli har kuni prokuraturaga chaqirishdi. Hibsga olishidan ikki hafta avval hech qaerga qochib ketmasin degan ma’noda pasportini ham olib qo‘yishdi. Hibsga olingan boshqa bozorqo‘mlarning ayollari bilan gaplashdim. Ularning erlarining ham pasportlari olib qo‘yilgan ekan”.

Bozorqo‘mlarga chirigan piyoz mojarosi bo‘yicha ish ochilgan

Hibsga olingan bozorqo‘mlarga davlat byudjetiga 12 milliard so‘m (taqriban 1,5 million dollar) dan ziyod zarar keltirish aybi qo‘yilayapti.

Joriy yil bahorida Toshkentda sifatini yo‘qotgan qariyb 3000 (uch ming) tonna piyoz bepul tarqatilgan edi. "Toshbozorsavdo" mulozimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, o‘ndan ziyod bozorchining hibsga olinishi aynan ushbu voqea bilan bog‘liq:

“Hibsga olingan bozorqo‘mlarga davlat byudjetiga 12 milliard so‘m (taqriban 1,5 million dollar) dan ziyod zarar keltirish aybi qo‘yilayapti. Masalan, Bek to‘pi bozori rahbari Botir Toshmatov 3,3 milliard so‘mga 2 ming tonnaga yaqin piyoz xarid qilgan. Chorsu buyum savdo kompleksi rahbari Ibrohim Sobirov 820 tonnadan ziyod piyozni zahirada saqlash uchun xarid qilgan. Unga buning uchun 1 milliad 400 million so‘mga yaqin mablag‘ berilgan. O‘tgan kuzda zahira uchun bozorlarga jami 12 milliard so‘m pul ajratilgan. Bu pulga olingan piyoz bahorga kelib, chirib ketdi. Bozorqo‘mlar ko‘rilgan zararni tekshirish payti qamoqqa olindi”.

"Toshbozorsavdo" mulozimlaridan birining aytishicha, hibsga olinganlar orasida, O‘rikzor savdo kompleksi, Chilonzor buyum savdo kompleksi (Ippodrom), Bek to‘pi savdo kompleksi, Chorsu buyum bozori, Sergeli avtomobil bozori, Yunusobod dehqon bozori, Eski jo‘va dehqon bozori kabi poytaxtdagi yirik bozorlarning rahbarlari bor.

Bu ma’lumotlarni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mulozimi tasdiqladi. Uning Ozodlikka aytishicha, piyoz mojarosi bilan bog‘liq hibsga olinganlarga nisbatan JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) va boshqa bir qancha moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hibsdagilar soni yana oshishi mumkin.

“Ayblanuvchilarning doirasi hali yakuniy emas. Tergov yo‘li bilan aniqlanayapti. Hozirda ish dastlabki tergov bosqichida”, dedi mulozim.

Ushbu jinoyat ishini Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tergov qilayapti.

Piyoz mojarosi va bozorqo‘mlar

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, hibsga olinganlar orasida nooziq-ovqat bozorlari rahbarlari ham bor. Jumladan, Ippodrom, Chorsu buyum bozori va hatto Sergeli avtomobil bozori rahbari ham bor.

Bu safar byudjet puli bo‘lgani uchun shov-shuv katta bo‘ldi

“2013 yildan boshlab oziq-ovqat mahsulotlarini zahiraga g‘amlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu vazifa oziq-ovqat mahsulotlari bozorlari zimmasiga yuklatildi. Har yili bozorlar o‘z hisobidan kredit olib, kartoshka-piyozni zahiraga g‘amlab kelgan. Har yili bahorda bozorlar zahiraga sarflagan harajatlarini qoplay olmay, zarar ko‘rib kelgan. Olingan kreditlar qaytarilmadi. 2017 yili banklar bozorlarga kredit bermasligini aytdi. Shundan keyin zahiralar uchun pul davlat byudjetidan ajratildi va poytaxtdagi barcha yirik bozorlarga omborlarida zahiraga oziq-ovqat g‘amlash buyurildi. Odatdagidek, bahorga kelib yana zarar ko‘rildi, biroq bu safar byudjet puli bo‘lgani uchun shov-shuv katta bo‘ldi”, deydi Toshbozorsavdo tashkiloti mulozimi.

Toshkentdagi yirik bozorlardan birining xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, bozor omborxonasi oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallanmagani uchun ular piyozni saqlay olishmagan:

“Piyozni saqlashning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor. Ma’lum bir temperatura bo‘lishi lozim. Havo kirib turadigan, skvoznyak bo‘lib turadigan joy kerak. Omborxonamizda bunaqa sharoit yo‘q. O‘zlari qaror chiqarib, majburlab berishdi. Endi esa bizni ayblab, ko‘rilgan zararni bizdan undirib olishmoqchi”.

Piyoz mojarosi xronikasi

Ozodlikka taqdim qilingan hujjatlarga ko‘ra, bozorlarga piyoz zahirasini topshirish bilan bog‘liq bir qancha qaror qabul qilingan.

Dastlab O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 20 oktabrdagi “2017-2018 yillar qish-bahor faslida respublika aholisini va ijtimoiy soha muassasalarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlari bilan kafolatli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3345-son qarori qabul qilindi.

26 oktabrda Toshkent shahar hokimining ushbu qaror asosidagi 1443- sonli farmoyishi chiqdi.

14 noyabrda Vazirlar Mahkamasida bu borada yig‘ilish o‘tkazildi.

Yana Toshkent shahar hokimining 20 noyabrь, 29 noyabr va 1 dekabrdagi farmoyishlari chiqdi.

Bozorlar bahorda zahiradagi mahsulotni sotib, pulini 2018 yil 1 iyungacha qaytarishi lozim edi.

“Shu hujjatlar asosida davlat byudjetidan 12 milliard so‘mdan ko‘proq miqdordagi pul ajratilib, bozorlarning katta- kichikligiga qarab bo‘lib berildi. Bozorlar bahorda zahiradagi mahsulotni sotib, pulini 2018 yil 1 iyungacha qaytarishi lozim edi. Biroq bahorda piyozlar chiriy boshlagach muammo yuzaga keldi”, dedi "Toshbozorsavdo" mulozimi.

Ozodlikdagi mavjud hujjatlarga ko‘ra, bozorlar rahbarlari fevral oyida mutasaddi tashkilotlarga chiqib, bozorda piyoz narxining past bo‘layotgani va piyozlarni saqlash imkoni bo‘lmayotgani uchun amaliy yordam so‘rab murojaat qilishgan.

“Biroq bizning yozma murojaatlarimiz barchasi e’tiborsiz qoldirildi. Mart oyi oxiriga kelibgina piyozni sotishga ruxsat berildi. Biroq uje kech bo‘lgandi. Piyoz pochti chirib bo‘lgandi. Shu bois byudjet idoralariga sotishga to‘g‘ri keldi”, dedi poytaxt bozorlaridan birining xodimi.

Ko‘karib ketgan piyoz Toshkentda o‘qituvchilarga pullanayotgani to‘g‘risida Ozodlik 3 aprelda xabar qildi va ertasiga Toshkent shahar hokimligi piyozni bepul tarqatish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Bozorlar omboxonalarida chirib yotgan piyozni bepul sotish uchun Toshkent shahar hokimi, Toshkent shahar prokurori, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari –Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, Toshkent shahar DSB boshlig‘i hamda Toshkent shahar Adliya boshqarmasi 2018 yil 4 aprel kuni qo‘shma Qarorni imzoladi.

Qaror “bahor fasli erta kelganligi, havo xarorati keskin isib ketishi oqibatida tegishli mutasaddi idoralarning zaxiraga g‘amlangan piyozning sifati o‘zgarishi mumkinligi haqidagi xulosalarini inobatga olib, shuningdek ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish maqsadida” qabul qilingani ta’kidlandi.

Shu bilan chirigan piyoz muammosi tugaganday bo‘ldi. Biroq bozorlar ma’muriyati 2018 yil 1 iyunga qadar byudjetdan olgan pullarni qaytarishi lozim edi. Bozorlar belgilangan muddatda pulni qaytarmagach, iyun oyi o‘rtalarida Bosh prokuratura tekshirish boshladi va tekshirish natijasida bozor rahbarlari hibsga olindi.

Hibsdagilar yaqinlari: Zararning 10 foizini to‘lagan chiqadi, deb aldashdi

Ozodlikka bog‘langan hibsdagilar yaqinlari iddaosiga ko‘ra, avvaliga ko‘rilgan zararning 10 foizini qoplaganni ozod qilamiz deb va’da berilgan, biroq bu pulni to‘laganlar ham keyin qayta hibsga olingan:

“Biz hibsdagilarning qarindoshlari hammamiz bir-birimiz bilan aloqadamiz. Shuning uchun kim qancha berdi, kim nima qilayapti, hammasidan xabardormiz. Boshida ko‘rilgan zararning 10 foizini to‘laganni ozod qilamiz deyishdi. Keyin Sergeli avtomobil bozori, Ippodrom va O‘rikzor bozorlari rahbarlari shu pulni berishgach, ularni chiqarib yuborishdi. Lekin oradan 1-2 kun o‘tgach ularni yana qamab qo‘yishdi. Chorsu bilan Yunusobod bozorlari rahbarlari ham bu pulni berishdi, biroq ularni umuman chiqarishmadi. Biz esa buncha pulni topa olmadik. Biroq dadam bizga uyimizni sotib, pulini berishimizni aytgan. Buni dadam advokat orqali bizga etkazdi. Endi uyimizni sotsak kerak”.

Boshqa bir suhbatdoshimiz esa, hibsdagilar bilan uchrashtirilmayotganidan shikoyat qildi:

Piyozini o‘zlari majburlab berishdi. Endi erimni aybdor qilishmoqchi.

“Erimning davleniyasi bor. U yerda yana insulьt bo‘lganlar bor. Tibbiy muoalajaga muhtojlar ko‘p qamalganlar orasida. Bizni uchrashtirmayapti. Ikki oy bo‘lib qoldi. Nima gapligini ham bilmaymiz. Erim odam o‘ldirgan jinoyatchi bo‘lmasa, piyozini o‘zlari majburlab berishdi. Endi erimni aybdor qilishmoqchi. Aslida boshidan zahira masalasini yaxshilab rejalashtirmagan mutasaddilar aybdorku?!”

XS
SM
MD
LG