Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:39

Ozodlik surishtiruvi: Yoshlar Ittifoqi trollar guruhining ilk qadamlari


Yoshlar ittifoqining trollar guruhi media oromgohdagi seminarda ishtirok etgan 150 nafar yosh reportyorlardan iborat bo‘lgan.
Yoshlar ittifoqining trollar guruhi media oromgohdagi seminarda ishtirok etgan 150 nafar yosh reportyorlardan iborat bo‘lgan.

Yoshlar Ittifoqining bir guruh faol a’zolari Facebook tarmog‘ida feyk akkauntlar ochib, trollik qilib kelayotgani oshkor bo‘ldi.

Shu ish bilan shug‘ullangan yoshlarga ko‘ra, ular ittifoq rahbarlari buyrug‘i bilan 4-5tadan feyk akkaunt ochgan va shu akkauntlar orqali Yoshlar ittifoqiga qarshi fikr bildirgan shaxslarga qarshi trollar hujumini uyushtirib kelmoqda.

Ayni paytda Yoshlar ittifoqi mulozimi Gulchehra Ashurova Ozodlik bilan suxbatda trollar guruhi tuzilganini inkor qildi.

Trollar ijtimoiy tarmoqlar forumlaridagi bahslashuvchilarni gij-gijlash¸ ularni haqorat qilish¸ g‘azabini qo‘zg‘ash orqali bahsni butunlay boshqa yo‘nalishga burib yuborishga¸ muayyan mafkurani yoyishga xizmat qiluvchilardir.

Rossiyada Kreml manfaatlariga xizmat qiluvchi, Kremlga qarashli manbalardan moliyalashtiriluvchi maxsus "Trollar fabrikasi" atalmish struktura borligi haqida ko‘p yozilgan.

Trollar guruhi tuzilgan kun

Xorazmlik Shahzod Sobirovning aytishicha, soxta akkauntlar ochish borasida joriy yilning 28-30 may kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi

medialagerda yosh reportyorlar uchun o‘tkazilgan seminar payti aytilgan.

- Men "trollar" jumlasini o‘sha paytda birinchi marotaba eshitganman. Markaziy kengash xodimasi Gulchehra opa tomonidan “Har bitta mana shu yerda yig‘ilgan insonlarning Feysbukda profili bo‘lishi kerak. Kamida 4-5 ta profil bo‘lishi kerak va o‘sha kuni ertalabgacha o‘shani ochish kerak”, degan vazifa berildi, dedi Shahzod Sobirov Ozodlik bilan suhbatda.

23 yashar Shahzod Sobirov O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (NAESMI) qoshidagi Yoshlar studiyasining Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiri va “Mening yurtim” telekanalining Xorazmdagi muxbiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, Shahzod - Yutub tarmog‘idagi chiqishlari bilan tanilgan bloger.

Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil qilingan may oyidagi o‘sha tadbirda turli viloyatlardan yig‘ilgan 150 nafar yosh ishtirok etgan.

Yosh reportyorlar guruhi. Bo‘stonliqdagi seminar payti. 28-30 may. 2018 yil
Yosh reportyorlar guruhi. Bo‘stonliqdagi seminar payti. 28-30 may. 2018 yil

​Ozodlik o‘sha tadbirda qatnashgan Shahzod Sobirovdan tashqari yana bir yigit va qiz bilan suhbatlashdi. Bir-biridan mustaqil bu ikkala yosh ham trollar guruhi tashkil qilishga oid ma’lumotni tasdiqlashdi.

Ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan qizning aytishicha, bu tadbirda turli viloyatdan kelgan yosh jurnalistlar ishtirok etgan va ular Yoshlar ittifoqining “piar komandasi” deb atalgan.

Gulchehra Ashurova “Har bitta seminar ishtirokchisi ertalabgacha Feysbukda o‘zining profilidan tashqari 5tadan akkaunt ochib, ssilkasini emayl pochtamga yuborsin”, deb aytdi.

“Bu yosh reportyorlar uchun uch kunlik seminar-trening edi. Seminarning ikkinchi kuni- 29 may kuni Gulchehra Ashurova “Har bitta seminar ishtirokchisi ertalabgacha Feysbukda o‘zining profilidan tashqari 5tadan akkaunt ochib, ssilkasini e-mayl pochtamga yuborsin va yana mening Feysbukdagi profilimga o‘sha akkauntlardan “do‘stlik” jo‘natsin. Hammani tekshiraman”, deb aytdi”, deydi seminarda ishtirok etgan qiz.

Yoshlar Ittifoqi xodimi Gulchehra Ashurova Bo‘stonliqdagi seminar payti. 28-30 may. 2018 yil.
Yoshlar Ittifoqi xodimi Gulchehra Ashurova Bo‘stonliqdagi seminar payti. 28-30 may. 2018 yil.

Feyk akkauntlar ochish yo‘l-yo‘rig‘i

Seminarda ishtirok etgan yoshlarga ko‘ra, o‘sha kuni Gulchehra Ashurova soxta akkauntlar ochish topshirig‘ini berishidan avval ularga qanday qilib, Feysbukda akkaunt ochish tartib-qoidalari o‘rgatilgan.

Oramizda umuman Feysbukdan umrida biror marta ham foydalanmaganlar bor edi. Bizga boshida maxsus trenerlar kelib, profil ochishni o‘rgatdi. Internetga ulanib, brauzerni ochishdan boshlab, profilning konfidentsial nastroykalarigacha hammasini qadamba -qadam tushuntirib berishdi”, deya eslaydi seminarda qatnashgan yigit.

Shahzod Sobirovga ko‘ra, shundan so‘ng Gulchehra Ashurova tomonidan soxta akkauntlar mavzusi ko‘tarilib, uning sir-asrorlari ham o‘rgatilgan.

- Qanaqa qilib ochiladi, 4-5ta akkaunt, nima deb ochamiz deganda, misol uchun Anvar Palankasov bo‘lsa, keyingisida Palankasov Anvar. Keyingisida Anvar Palankasov Palankosovich deganday, deb o‘rgatilganini aytadi Shahzod Sobirov.

Bo‘stonliqdagi o‘sha seminar ishtirokchi bo‘lgan qiz esa profillarga qo‘yiladigan suratlargacha aytilganini eslaydi.

“Profilga real odamlarning rasmi ya’ni biror tanishimizning suratini qo‘yish aytildi.

Agar Feysbukda akkaunti bo‘lmagan tanishlaringiz bo‘lsa, o‘shalarning suratlarini profilga qo‘yish kerak deyildi.

Iloji bo‘lsa, profilga ham do‘stlaringizning ismlarini sal o‘zgartirib qo‘ysanglar bo‘ladi. Profilga kirgan odam uning soxtaligini sezmasligi uchun imkon qadar reallikka yaqinlashtiringlar, dedi o‘sha kuni Gulchehra opa”, deydi seminar qatnashchisi bo‘lgan qiz.

Sodiq yosh reportyorlar

Seminar qatnashchilari bo‘lgan yoshlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, Feysbukdagi soxta akkauntlarni birlashtirib turish uchun Telegramda maxsus guruh tuzilgan.

Telegramdagi "Sodiq yosh reportyorlar" guruhidan skrinshot.
Telegramdagi "Sodiq yosh reportyorlar" guruhidan skrinshot.

“Bu guruh yopiq guruh bo‘lib, unga faqat o‘sha seminar ishtirokchilari a’zo edi. Guruh “Sodiq yosh reportyorlar” deb nomlandi. Agar kimdir Feysbukka biror post qo‘ysa, o‘sha post linkini Telegramdagi o‘sha guruhimizga tashlardi. Keyin guruh a’zolari o‘zining profili va yana ochgan 5tadan akkauntlari orqali kirib, o‘sha postga layk bosib, postni podelitsya qilishardi. Post tagiga pozitiv fikrlar bildirib, ittifoq maqtalishi kerak edi”, deydi ittifoq a’zosi bo‘lgan yigit.

Suhbatdoshlarimizga ko‘ra, Feysbuk lentasiga faqat Yoshlar Ittifoqi bilan bog‘liq postlar qo‘yilishi ta’kidlangan.

“Gulchehra opa “Feysbuk lentada faqat ittifoq haqida postlar bo‘lsin. Ittifoq qilgan ishini podelitsya qilinglar. Bir-biringlarning postlaringni srazu layk bosinglar, podelitsya qilinglar. Ittifoq qilayotgan ishini odamlarga ko‘rsatish kerak. Ko‘proq druzya yig‘inglar. Publikatsiyalaringizni tekshirib turaman” dedi. Gulchehra opa o‘zi gapirib, o‘zi tushuntirdi”, dedi seminar qatnashchisi bo‘lgan qiz.

Ittifoqni maqtash

Xorazmlik bloger Shahzod Sobirovga ko‘ra, Feysbukka qo‘yiladigan postlar mazmuni ittifoq sha’nini ko‘tarishga qaratilgan bo‘lishi lozimligi aytilgan.

"Ey molodtsi, qoyil, bizning yurtimizda mana shunaqangi yoshlar ko‘paysin” degan ijobiy, ko‘proq ijobiy fikrlarga e’tibor qaratildi

- Telegramda bir-biriga maqolasining ssilkasini tashlaydi. Boshqa profillardan kirib, o‘shalarga ijobiy fikr qoldirish kerak. Misol uchun, bitta bolaga nogironlik aravachasi topshirgan bo‘lsa, "Ey, zo‘r bo‘libdi, bizning mahallada ham 5 tasiga topshirildi, bizdayam beshtasi” kabi. Qanaqadir tadbir bo‘lgan bo‘lsa, kimdir qanaqadir loyihada birinchi o‘rinni olgan bo‘lsa, "Ey molodtsi, qoyil, bizning yurtimizda mana shunaqangi yoshlar ko‘paysin” degan ijobiy, ko‘proq ijobiy fikrlarga e’tibor qaratildi, ​deydi Shahzod Sobirov.

Ozodlik qo‘lga kiritgan suratda Yoshlar ittifoqi rahbari Qahramon Quronboevni qo‘llash haqida post tasvirlangan. Seminar qatnashchilari bo‘lgan va Ozodlik suhbatlashgan yoshlarga ko‘ra, bu suratda aynan Telegramdagi “Sodiq yosh reportyorlar” guruhiga tashlangan postlardan biri aks etgan.

Surat Qahramon Quronboevning Feysbukdagi sahifasidan olingan skrinshot bo‘lib, uning tagiga quyidagi so‘zlar bitilgan.

“Xurmatli faollar, Kaxramon Kuronboev-Prezident maslaxatchisiga otziv koldiring.

1. Yukoridagi link orkali Kaxramon Kuronboevning feysbukdagi saxifasiga kirish.

2. Otziv degan joyga bosib, 2-rasm kabi 5 yulduzni belgilashimiz va #karshiev_out xeshtegini yozishimiz kerak” deyilgan. (Post matni tahrirsiz qo‘yildi. tahr)

Seminar ishtirokchisi bo‘lgan yigitga ko‘ra, bu post Qahramon Quronboevning kortejlar bilan bog‘liq majorosidan keyin yozilgan bo‘lib, o‘sha paytda aksar guruh a’zolari postda berilgan topshiriqni bajargan:

"Biroq o‘sha kunlari Yoshlar ittifoqiga nisbatan tanqidiy fikrlar ko‘payib, Quronboevning sahifasiga yomon otziv qoldirganlar ko‘payib ketdi. Keyin otziv joyini o‘chirib qo‘yishdi".

Tanqidchilarga qarshi trollar hujumi

“Sodiq yosh reportyorlar” guruhi a’zolariga ko‘ra, ular shuningdek, Yoshlar ittifoqiga qarshi tanqidiy fikr bildirganlarga nisbatan trollar hujumini uyushtirib kelishgan.

Yosh reportyorlar guruhi Bo‘stonliqdagi seminar payti.
Yosh reportyorlar guruhi Bo‘stonliqdagi seminar payti.

“Agar biror joyda ittifoqqa qarshi biror fikrni guruh a’zolaridan kimdir ko‘rib qolsa, o‘sha post linkini Telegramdagi guruhimizga tashlardi. Keyin guruh a’zolari ko‘pchilik bo‘lib o‘sha komment egasiga hujum qilardi. Gulchehra opa bizga “Agar agressiv foydlanuvchilar fikr bildirayotgan bo‘lsa, sizlar ham

Gulchehra opa bizga “Agar agressiv foydlanuvchilar fikr bildirayotgan bo‘lsa, sizlar ham shunga yarasha javob beringlar” deb o‘rgatgan

shunga yarasha javob beringlar. Yoshlar Ittifoqi sha’nini himoya qilish kerak” deb o‘rgatgan”, deydi “Sodiq yosh reportyorlar” guruhi a’zosi bo‘lgan yigit.

Shahzod Sobirov boshidan bu kabi soxta amallarga qarshi bo‘lganini aytar ekan, Gulchehra Ashurova tomonidan tanqidga qarshi tanqid bilan javob berish o‘rgatilganini eslaydi:

- Agar viloyatdagi raislar, respublikadagi rais, o‘zining Feysbukdagi akkauntiga post qo‘yadigan bo‘lsa, unga negativ fikr qoldiradiganlar bo‘lsa, o‘sha akkauntlar orqali ularga javob berish. Mana shu bizning kommentariymizga yomon javob qoldirgan insonlar bo‘lsa, ularga o‘sha boshqa profildan kirib javob yozish. Feysbukka kirib yoshlar ittifoqi nimalariga a’zo bo‘lib va Yoshlar ittifoqini tanqid qiladigan eng ommabop Feysbukdagi gruppalarga ham podpisatsya bo‘lib qo‘yishimizni, maslahat berib, ularni kuzatib borishimizni maslahat berib... shunaqa maslahatlar bo‘ldi.

Ittifoq sha’nini ko‘tarishga urinish

Suhbatdoshlarimizdan biri -”Sodiq yosh reportyorlar” guruhi a’zosi bo‘lgan qizning aytishicha, u Yoshlar ittifoqi tomonidan yosh reportyorlar uchun Bo‘stonliqdagi mediaoromgohda tashkil qilinadigan seminarda har yili qatnashib kelmoqda va uning aytishicha, trollar guruhi tuzish borasida joriy yil ilk bor gapirilgan:

“Bu tadbir yosh jurnalistlar, fotograflar, umuman matbuot sohasidagi faol yoshlar uchun har yili bir marta o‘tkaziladi. Kamolot payti ham bor edi. Taniqli jurnalistlar kelib dars o‘tishadi. Oldingi yillari umuman soxta akkaunt haqida gapirilmagan. Bu yil birinchi marta bu haqda gap bo‘ldi. Chunki bu yil ittifoqqa qarshi gapiruvchilar ko‘payib ketdi. Uch kun seminar bo‘lsa, shu uch kun faqat ittifoq sha’nini himoya qilish va obro‘sini ko‘tarish haqida seminar o‘tildi. Seminarga hatto Quronboevning o‘zi kelib, yoshlar bilan tanishib ketdi”.

Qahramon Quronboev Bo‘stonliqdagi seminar ishtirokchilari bilan. 2018 yil 28-30 may.
Qahramon Quronboev Bo‘stonliqdagi seminar ishtirokchilari bilan. 2018 yil 28-30 may.

Suhbatdosh qizning aytishicha, ular zimmasiga ittifoq sha’nini ko‘tarish vazifasi yuklatilgan:

“Ittifoq taqdiridan xavotir juda kuchli edi. Seminar 28-30 may kunlari bo‘ldi. Bir oydan so‘ng ya’ni 30 iyun kuni Yoshlar ittifoqi qurultoyi o‘tkazilishi kerak edi. Bizga to qurultoygacha ittifoq reytingini ko‘tarish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Aks holda qurultoyda ittifoq yopilib ketishi xavfi bor edi, xuddi Kamolot singari. Feysbukdagi soxta akkauntlar ochish ham aynan ittifoqni qutqarib qolish yo‘lidagi bir harakat edi. Feysbukdagi faollik orqali ittifoq reytingini oshirish ko‘zlangan edi. Biroq keyinchalik Quronboev bilan bog‘liq kortejlar ishkali chiqdi va ittifoq reytingi battar tushib ketdi. Natijada qurultoy ham qoldirildi”.

Ichki nizo

Suhbatdoshlarimizning aytishicha, Qahramon Quronboev bilan bog‘liq kortejlar mojarosidan so‘ng “Sodiq yosh reportyorlar” guruhida ichki nizo yuzaga kelgan:

“Guruhdagi ko‘pchilik Quronboevning bu ishini qo‘llamadi. Quronboevga protiv bo‘lganlar guruhda ko‘payib ketdi. O‘zaro kelishmovchilik kelib chiqdi. Quronboevni qo‘llamaganlar guruhdan chiqib ketdi. Guruhda ishtirokchilar soni juda kamayib ketdi. Keyin Gulchehra opa guruhni yopib qo‘ydi”.

Telegramdagi “Sodiq yosh reportyorlar” guruhi yopilgan kuni qoldirilgan oxirgi postning skrinshotini Ozodlik qo‘lga kiritdi.

Undan ma’lum bo‘lishicha, boshidan 150dan ziyod a’zosi bo‘lgan guruhda o‘sha paytda 85 ishtirokchi qolgan.

Guruhni yopish haqida xabar Gulchehra Ashurova tomonidan qoldirilgan bo‘lib, “Guruh yopilayapti. Endi har bir jamoa o‘zining matbuot kotibi bilan ishlaydi” deyilgan.

Gulchehra Ashurova: Soxta akkaunt masalasi ko‘rilmagan

Gulchehra Ashurova
Gulchehra Ashurova

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashining ma’naviyat-ma’rifat va diniy bag‘rikenglik bo‘limi bosh mutaxasisi Gulchehra Ashurova Ozodlik bilan suxbatda yosh reportyorlardan trollar guruhi tuzilganini inkor qildi.

- Uch kunlik mavzular bo‘lgan-da. Uch kunlik seminar jarayonida kunlik mavzular bo‘lgan bizlarda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochish masalasi ham mavzu sifatida ko‘rilgan.

Yo‘q, yo‘q, hech qanaqa soxta akkaunt masalasi ko‘rilmagan​

Ozodlik: Soxta akkauntlar ochish masalasi ham ko‘rilganmi?​

- Yo‘q, yo‘q, hech qanaqa soxta akkaunt masalasi ko‘rilmagan​, - dedi Gulchehra Ashurova Ozodlik bilan suhbatda.

Yoshlar ittifoqi matbuot kotibi: U guruhga ittifoqning aloqasi yo‘q

Yoshlar ittifoqi matbuot kotibi Nodir Abduqodirov Ozodlik bilan suhbatda ​Gulchehra Ashurova boshchiligida (qandaydir) guruh tuzilgan bo‘lishi mumkinligi, biroq bu guruhning Yoshlar ittifoqiga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Bu guruhga tashkilotning aloqasi yo‘q.

- Tashkilotning rasmiy pozitsiyasini aytaman. Bu guruhga tashkilotning aloqasi yo‘q. Mening bu guruhdan xabarim yo‘q, dedi Nodir Abduqodirov 7 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Shuningdek, Nodir Abduqodirov suhbat davomida Bo‘stonliqdagi seminarda ko‘rilgan mavzular, Yoshlar ittifoqiga har yili ajratilayotgan 200 milliard so‘m pulning qaerga sarflanayotganiga ham to‘xtaldi.

Quyidagi linkda suhbatni tinglashingiz mumkin:

Нодир Абдуқодиров билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:25 0:00
Бевосита линк

Tahlilchi Anvar Nazir
Tahlilchi Anvar Nazir

Tahlilchi: Yoshlar ittifoqi trollikni Rossiyadan o‘rgangan

Toshkentlik tahlilchi Anvar Nazir Feysbuk tarmog‘ining o‘zbek segmentidagi faollardan biri. Anvar Nazir tarmoqda yoshlar tomonidan trollik harakatlarini ko‘p uchratganini aytar ekan, buni Rossiyadan o‘rnak olish deb baholaydi.

Yoshlar Ittifoqiga 200 milliard so‘m ajratilar ekan har yili. Bu pul shu kabi narsalarga ketayaptimi?

- Bular trollar fabrikasini kimdan o‘rganadi? Bularning tanigan bitta mamlakati bor va ular ibratni kimdan olishni bilishadi. Bu Rossiya. Eng pastkashlik bu trollik menimcha. Trollar fabrikasini yaratish, bu o‘layotgan, kuchsiz, hech qanaqa boshqa yo‘l bilan raqobat qila olmaydigan mamlakatning usuli. Rossiya buni sevadi. Bular shunday metodlarni Rossiyadan o‘rgangan. Yoshlar Ittifoqiga 200 milliard so‘m ajratilar ekan har yili. Bu pul shu kabi narsalarga ketayaptimi?, deydi Anvar Nazir.

Tahlilchi Anvar nazir bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Анвар Назир билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:18 0:00
Бевосита линк

Trolling nima?

Trolling deganda odatda Internet forumlariga oldindan belgilangan maqsad (ko‘pincha yomon niyat) bilan qo‘shilib¸ forumlardagi bahslashuvchilarni gij-gijlash¸ ularni haqorat qilish¸ g‘azabini qo‘zg‘ash orqali bahsni butunlay boshqa yo‘nalishga burib yuborish¸ maxsus ishlov berilgan mafkurani ëyish nazarda tutiladi.

Bu ishni qiluvchilar esa troll deb ataladi va so‘zning ingliz tilidagi ma’nolaridan biri dev¸ ya’ni bahaybat va qo‘rqinchli¸ lekin ahmoq maxluqni anglatadi.

Internet trollari ko‘pincha anonim holda¸ ba’zan esa¸ doimiy taxallus bilan turli Internet forumlarining kunda-shundasiga aylanib¸ muayyan mafkuraviy yo‘nalishdagi xabar va sharh tarqatadilar¸ ko‘pincha buni kasbga aylantiradilar. Ularning maqsadi virtual hududdagi konstruktiv muloqotga yo‘l bermaslik¸ shunday muloqot qiluvchilar¸ xususan¸ mustaqil va tanqidiy fikrlovchilarni onlayn forumlardan turli yo‘llar bilan siqib chiqarishdir.

Ozodlikning rus xizmati e’lon qilgan “Kreml trollari jazavasi” nomli maqolada Ukraina-Rossiya mojarosi boshlanib¸ unga bevosita yoki bilvosita yarim dunyo tortilganidan beri Internet forumlarida yangi bosqichga chiqqan trolling manzarasi tasvirlanadi.

Joriy yil aprelida Facebook Rossiyadagi trollar fabrikasiga tegishli yuzlab akkauntni o‘chirib qo‘ydi.

Yoshi 1 ga kirgan ittifoq

2017 yilning 30 iyun kuni O‘zbekistonda “Kamolot” yoshlar harakati tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etildi.

“Kamolot” harakatining prezident Mirziyoev ishtirokida o‘tgan so‘nggi yig‘ilishida “Kamolot”ga nisbatan yoshlarning ishonchi so‘nib borayotgani ta’kidlandi.

O‘sha kuni prezident zalga yig‘ilgan yoshlar bilan suhbat qurar ekan, tashkilot nomini va faoliyatini tubdan o‘zgartirish vaqti kelganini ta’kidladi.

“Kamolot” O‘zbekiston hali SSSR tarkibida bo‘lgan paytda Komsomol – Kommunist yoshlar ittifoqi o‘rnida tashkil topgan edi.

Ushbu maqolani audio formatda tinglang:

Озодлик суриштируви: Ёшлар Иттифоқи троллар гуруҳининг илк қадамлари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:43 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG