Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:41

Rosgvardiya boshlig‘i general Zolotov Aleksey Navalniyning "abjag‘ini chiqarmoqchi" (VIDEO)


Viktor Zolotov FBK surishtiruvidan darg‘azab.
Viktor Zolotov FBK surishtiruvidan darg‘azab.

Uzoq yillar davomida Vladimir Putinning tan soqchilari bo‘linmasi boshlig‘i, hozirda milliy gvardiya qo‘shinlari bosh qo‘mondoni Viktor Zolotov muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni “yakkama-yakka olishuvga” chaqirib, unga "abjag‘ini chiqarish" bilan tahdid qildi.

Zolotovning Navalniy boshqarayotgan Korrupsiyaga qarshi jamg‘arma (FBK) chop etgan surishtiruvga javobi shunday bo‘ldi.

Bundan oldinroq FBK xodimlari milliy gvardiya rahbariyati va shaxsan Zolotovni o‘z xodimlariga oziq-ovqat mahsulotlarini qimmat narxda sotib olayotganlik va buni noqonuniy daromad manbaiga aylantirganlikda ayblagan edi.

Maxsus hozirlangan videomurojaatnomasida Zolotov Aleksey Navalniyni “Amerika probirkasi mahsuloti”, uning bayonotlarini esa “tahqirlovchi, badnom qiluvchi mulohazalar” ekani va ofitser sifatida “bunday haqoratni javobsiz qoldirmasligi”dan ogohlantirdi.

Bu chiqishida Viktor Zolotov o‘zi boshqarayotgan idora haqiqatan fosh etilgan korrupsiya holatlariga qarshi boshqa idora xodimlari hamkorligida kurashayotganini bildirdi.

- Men sizni olishuvga chaqiraman – ring, tatami, istagan joyingizga va abjag‘ingizni chiqaraman. Oilamga nisbatan yana bir bor ortiqcha gap-so‘z qilsangiz - men sizga oyog‘imni artaman va butun shaxsiy qismim oldida tomosha ko‘rsataman, deya tahdid qildi armiya generali.

Kreml matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov Zolotovning chiqishiga izoh berib, uning tahdid emasligi va “ayrim hollarda uyatsiz tuhmatlarga qarshi har qanday yo‘l bilan kurashish mumkin”ligini aytdi. Rossiya Boks Federatsiyasi esa¸ bu olishuvga ring hozirlab berishini bildirdi.

Rosgvardiya boshlig‘i Viktor Zolotovnining yaqin do‘sti Ramzan Qodirov ham uni darrov qo‘llab chiqqanlardan biri bo‘ldi. O‘z Telegram kanalida Checheniston prezidenti Zolotov o‘zi va mamlakati sha’nini himoya qilayotgani, Navalniy va “uning to‘dasida” vijdon yo‘qligini uqtirdi.

Korrupsiyaga qarshi jamg‘armasi o‘z surishtiruvi xulosalarini sudga taqdim etishga tayyorligini bildirdi. FBK Rosgvardiya rahbari Aleksey Navalniy hozirda 30 sutkalik qamoq jazosini o‘tayotgani va unga munosib javob bera olmasligini yaxshi bilishini ta’kidladi.

Rosgvardiya FBK olib borgan surishtiruvni “soxtalashtirish va provokatsiya” deb atadi.

Maxsus surishtiruv davomida Rosgvardiya jangchilariga sotib olinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari 2017 yilga nisbatan joriy yilda bir necha barobar qimmatroqqa sotib olinayotganini aniqlagan. Jurnalistlar milliardlab rublga mahsulot sotib olinishi “Bosh vazir Dmitriy Medvedev va unga yaqin bo‘lgan odamlar” tomonidan boshqarilayotganini iddao qildi.

Bundan avval Aleksey Navalniy va uning guruhi tomonidan olib borilgan surishtiruv taniqli oligarx Alisher Usmonovni ham maxsus chiqish qilishga undagan edi.

Asli namanganlik oligarxning “Tuf senga, Aleksey Navalniy!” degan iborasi tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga olib kelgan edi.

XS
SM
MD
LG