Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:33

Huquq himoyachisi kvartirasida ikki muhojirni qaydga olgani uchun sudlanmoqda


11 sentabr kuni “Memorial” Inson huquqlari himoyachisi, huquq faoli Bahrom Hamroev ustidan sud jarayoni boshlandi.

Hamroev ikki o‘zbek qochqinini o‘z kvartirasiga registratsiya qilganlikda ayblanmoqda.

Jinoyat ishining uydirilganini aytgan huquq faoli sudda mutlaqo aybi yo‘qligini, aksincha, u Rossiya migratsiya qonunlarini bajarayotgani uchun javobgarlikka tortilayotganini bildirdi.

Moskvaning Bibirevo tuman sudida 11 sentabr kungi mahkamada taniqli huquq faoli, “Yordam” inson haqlari tashkiloti rahbari, “Memorial” a’zosi Bahrom Hamroev ustidan jinoiy ish ko‘rilishi boshlandi.

Moskva politsiyasi huquq faolini ikki nafar xorij grajdanini o‘z kvartirasiga qaydga olgani uchun javobgarlikka tortilayotganini Ozodlikka Bahrom Hamroevning o‘zi bildirdi:

- Bir yil oldin menga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi. Qidiruvda bo‘lgan va ekstraditsiya qilinishi kerak bo‘lgan ikki nafar muhojirni o‘z uyimdan ro‘yxatdan o‘tkazgandim. Bundan keyin ham men odamlarni ro‘yxatdan o‘tkazaveraman – yordamimni ayamayman. Politsiya ularni registratsiya qilganim uchun emas – “Nima uchun ular registratsiyaga turib, seni uyingda yashamaydi?” degan aybni qo‘yishmoqda. “Biz keldik, ko‘rdik – ular yashamagan!”, deb bahonalar qilib, jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov 1 yil davom etdi va mana sudga oshirildi.

Bibirevo tuman politsiyasi Bahrom Hamroevni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 322.3 (Xorij grajdanini soxta qaydga olish) moddasi asosida ayblayotgani ma’lum bo‘ldi.

Birmuncha vaqt oldin qabul qilingan bu modda Rossiyada “noqonuniy migrantlar” sonini kamaytirish va ularning qayd joyi bo‘yicha yashashga undashga qaratilgani iddao qilib kelinadi.

Sudya Reznikova oldida qilgan chiqishida Bibirevo tuman prokuraturasi vakili Hamroevni bir xonali kvartirasida yashamasligi oldindan aniq bo‘lgan o‘zbek muhojirlarini qaydga olganlikda aybladi.

Moskvaning Bibirevo tuman politsiyasidan Ozodlik olgan ma’lumotga binoan, “Memorial” vakili o‘z himoyasida bo‘lgan qirg‘izistonlik Valisher Qodirov va Firuz Rustamovlarni 2018 yilning yanvarida Rossiya qonunchiligi talablariga muvofiq vaqtinchalik qaydga qo‘ygan.

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga oid qarorda “Hamroev shaxsiy manfaatlari yo‘lida harakat qilib, bu shaxslarning qayd etish manzili bo‘yicha yashamasligini oldindan bilgan holda <...> Bibirevo tuman UFMS bo‘limiga yuqorida zikr etilgan shaxslar ustidan migratsiya nazoratini o‘rnatish va Rossiya hududida harakatlanish imkonidan mahrum etgan”likda ayblanayotgani aytilgan.

Bahrom Hamroev Valisher Qodirov 2010 yildagi O‘sh hodisalaridan keyin Qirg‘izistonni tark etishga mmajbur bo‘lgani, 2012 yilda Rossiyada Qirg‘iziston talabi bilan hibs etilgani va “Grajdanskoe sodeystvie” qo‘mitasi yordamida Yevropa sudiga murojaat qilgani va 39- Qoida asosida ekstraditsiya qilinmaganini aytdi.

Biroq huquq faoli va uning himoyachisi mazkur ish siyosiy tus olgani va uning qochqinlarni himoya qilishga qaratilgan faoliyatiga to‘sqinlik, deya baholamoqda.

- Bu qo‘yilgan ayblovlar o‘ydirma va noqonuniydir, dedim sudyaga. Bu holatga aynan Rossiya davlati javobgardir, chunki davlat Rossiyaga kelayotgan muhojir va qochqinlardan registratsiyaga turishni talab qiladi birinchi qonun bo‘yicha. Ular o‘zlari registratsiya qilmaydi, “O‘zing top!”, deydi. Bu odamlarning yaqinlari, tanishlari registratsiyaga olsa – ikkinchi qonun asosida registratsiya qilganlarni javobgarlikka tortadi. Qarang! Bu qarama-qarshi qonunlar bir-biriga, dedi Bahrom Hamroev.

Rossiyadagi qochqinlar masalalari bilan uzoq yillardan beri shug‘ullanib kelayotgan “Yordam” rahbarining fikricha, Rossiya migratsiya qonunchiligidagi qarama-qarshiliklar politsiya va FSB tomonidan “kerakli paytda” olib ishlatilishi va asosan “nomaqbul” sanalgan shaxslar va huquq himoyachilariga nisbatan qo‘llanilib kelmoqda.

Bahrom Hamroev bu jinoiy ish ochilishi oldidan uning bir xonali kvartirasida politsiya va FSB bir necha marotaba tintuv o‘tkazgani, uning kompyuter va axborot tashuvchi boshqa moslamalari FSBda tekshirilganini ma’lum qildi.

B.Hamroev qamoqda qolayotgan rejissyor Oleg Sentsov himoyasiga piketda
B.Hamroev qamoqda qolayotgan rejissyor Oleg Sentsov himoyasiga piketda

Sudda ishtirok etgan advokat Timofey Shirokov Ozodlikka Rossiyada yaratilgan huquq tizimi xorijliklarni va ular himoyasi bilan shug‘ullanayotgan faollarga bosim o‘tkazishga qaratilgandek tuyulayotganini bildirdi:

- Mushkul ahvolda qolgan, o‘z yurtida nohaq sud va qiynoqlar kutayotgani bois Rossiyaga kelgan, ammo yashash, qaydga turish joyi bo‘lmagan odamlarga befarq bo‘lgan davlat undan registratsiya qaydiga turishni talab qiladi. U qaerda qaydga turadi, nimaga tirikchilik qiladi – ularni qiziqtirmaydi. Qochqinlarga yordam berib, o‘z o‘ylarida registratsiya qilganlarni esa hukumat jinoyatchi deb e’lon qilmoqda!

Advokat sudda keltirilgan mulohazalarni tinglagan sudya Reznikova bu ishni chuqurroq o‘rganish uchun tomonlarga muhlat bergani va keyingi mahkama 25 sentabrda o‘tkazilishini e’lon qildi.

“Memorial” tashkiloti bu ayblovni o‘z xodimiga nisbatan boshlangan bosim sifatida baholamoqda.

2010 yilda himoyachi Bahrom Hamroev FSB xodimi tomonidan qattiq kaltaklangan; 2011 yilda u noma’lum shaxslar tomonidan o‘z uyi yaqinida kaltaklab ketilgan; 2016 va 2017 yillarda FSB va Rosgvardiya maxsus kuchlari uning kvartirasida tintuv o‘tkazganini Ozodlik xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG