Farg‘ona viloyat, Beshariq tuman, Zarqaynar mahallasi aholisi vakillari tuman hokimini qabriston uchun ajratilgan yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, qabrlarni oyoq osti qilgan holda paxta va boshqa ekin ekish uchun fermer xo‘jaligiga sotib yuborganlikda ayblamoqda.
Beshariq tumani Yer resurslari va davlat kadastr bo‘limining Ozodlik bog‘langan mulozimi qabriston uchun 1966 yilda ajratilgan 10 gektar yerning 4 gektari Yusupova Madina fermer xo‘jaligi balansiga o‘tgan yili qonuniy asosda o‘tkazilganini aytdi.
Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan beshariqliklar qabriston yerining uchdan bir qismi fermer xo‘jaligiga o‘tkazilishi oqibatida qabriston atrofida sanitariya-himoya zonasi buzilgani, u yerni obodonlashtirish uchun daraxt ekishga yer qolmaganidan tashvish bildirmoqda.
Beshariq tuman, Zarqaynar mahallasida yashovchi 61 yoshli Anvar Rahmonov tuman hokimini qabriston yerini fermer xo‘jaligiga sotib yuborganlikda aybladi:
- Qabristonni obodonlashtirish uchun atrofiga terak ekaylik desak, yerni fermer xo‘jaligiga sotib yuborishibdi. 10 gektar yerdan 6 gektari qabristonga qolgan, 4 gektarini xatlab, fermer xo‘jaligiga sotib yuborishgan.
Beshariqlik ismi sir qolishini istagan mahalla faolining fikricha, qabriston yerining uchdan bir qismi fermer xo‘jaligiga sotib yuborilishi oqibatida qabriston atrofida sanitariya-himoya zonasi buzilgan:
- Sanitariya me’yori va qoidalari talablari bo‘yicha sanitariya-himoya zonasi 100 metrdan kam bo‘lmasligi lozim, hozir u yerda terak ekishga ham joy qolmagan. "Xalqning mozori va bozoriga tegma", deyishadi, lekin hokimlar mozorimizni ham bozorimizni ham vayron qilyapti.
Anvar Rahmonovning aytishicha, Beshariq tuman Yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi hujjatlarida Zarqaynar mahallasidagi qabriston uchun 1966 yilda 10 gektar yer ajratilgan.
- Hozirgi kunda qabriston 6 gektardan iborat yer hududida qolgan, - deydi Rahmonov.
Qabriston uchun ajratilgan yerining bir qismi fermer xo‘jaligiga o‘tkazib berilishining O‘zbekistondagi qonunlarga naqadar mos ekanligi esa savol ostida.
Yusupova Madina fermer xo‘jaligining ismini aytmagan rahbarlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda yerni qonuniy asosda olganliklarini aytdi:
- Paxta ekish uchun hokimiyat yerni taklif qildi, biz oldik. Paxta ekib, davlatga topshiryapmiz. Bekor yotgan yer edi, shu yerdan hosil olib davlatga topshiryapmiz. Hech qanaqa noqonuniy joyi yo‘q, kelib tekshirishsin.
Beshariq tuman Yer resurslari va davlat kadastr bo‘limining ismi aytilmasligini so‘ragan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda qabriston uchun ajratilgan yerning bir qismi uzoq yil foydalanilmasdan qolib, tashlandiq joyga aylangani uchun u yerda ziroat ekinlari ekish maqsadida fermer xo‘jaligiga tender asosida sotilganini aytdi:
- Bu yer uzoq yil, o‘sha sovxoz davrlaridan beri osilib qolgan edi. Qarovsiz yerlar edi. O‘tgan yili Yusupova Madina fermer xo‘jaligiga qo‘shib berildi. U yerda qabr yo‘q, faqat yer. Qabriston qanday joyda bo‘lgan bo‘lsa shu joyida turibdi, uni yeriga tegilgani yo‘q. Lekin, u yerdagi aholi 6 gektar emas 9 gektar bo‘lishi kerak, qarorda yozilgan, deb janjal qilyapti. Qarovsiz yotganida bu yer hech kimni yodiga tushmagan edi. Aslida janjallik hech narsa yo‘q. Qabristonning 6 gektarlik hududida 4 gektar yer bo‘sh turibdi, ular terak ekib, obodonlashtirmoqchimiz deyishdi, ekaveringlar, 4 gektar yer turibdiku?!
Beshariq tumani hokimligining yer masalalariga mas’ul rasmiysi esa, Zarqaynar mahallasi ahliga qabriston uchun qo‘shimcha yer kerak bo‘lsa, boshqa joydan berilishini va’da qildi:
- O‘sha qabristonning ichida keragidan ham ortiq yer bor. Terak ekib obodonlashtiraman, desa shu yerga eksa bo‘ladiku, yo‘q bular "hokim yerni qaytarib bersin", deb janjal ko‘taryapti. Go‘yo hokim yerni o‘zi uchun olib qo‘ygandek. Keragidan ham ortiq yer bor, kerak bo‘lsa yana beramiz.
Lekin, Zarqaynar mahallasi aholisi hokim nima asosda qabriston uchun ajratilgan yerni fermer xo‘jaligiga o‘tkazilganini izohlab berishini talab qilishmoqda.
Ozodlik bu masalada Beshariq tumani hokimining o‘ziga bog‘lana olmadi.
Hokimning yordamchisi savolni eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.
Mahalliy amaldorlar qabriston hududlarini o‘zboshimcha o‘zgartirishi mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lishi O‘zbekistonda birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.
O‘tgan oy Samarqand viloyati Paxtachi tumanida aholi prokuror qabrlarni oyoqosti qilib onasiga sag‘ana qurdirgani haqida Ozodlikka shikoyat qilgan edi.