AQSh Mehnat departamenti “Bolalar mehnati yoxud majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxati”ni – e’lon qildi. Bu ro‘yxatda dunyodagi 76 mamlakatda ishlab chiqarilgan 148 ta mahsulot o‘rin olgan. Bu yil O‘zbekiston paxtasi ushbu ro‘yxatdan o‘chirildi.
AQSh Mehnat vazirligi bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakli bo‘yicha xulosalar jamlangan 17-yillik hisobotini e’lon qildi.
Ushbu hisobotda bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakllarini bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida hukumatlar olib borayotgan ishlar baholangan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnatidan foydalanishni sezilarli ravishda qisqartirgani natijasida, O‘zbekiston birinchi marta mo‘’tadil o‘sishga erishgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasining bu haqda 21 sentyabr kuni chiqargan bayonotida Toshkent hukumati uchun bu katta yutuq ekani ta’kidlanadi.
"Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonni bunday muhim yutuq uchun olqishlaydi. AQSh O‘zbekiston hukumatini mustaqil kuzatuvchilarga avvaldan e’lon qilmasdan joylarga borib paxta mavsumida yaratilgan mehnat sharoitlarini monitoring qilishlarini cheklamaslikka hamda kuzatuvchilarga tahdid o‘tkazuvchi va yo ushlab turuvchi, qolaversa, bolalardan maktabga paxta olib kelishni talab etuvchi rasmiylarni jazolashga chaqiradi", - deyilgan AQSh elchixonasi bayonotida..
Hisobotni to‘liq holda mana bu linkda o‘qish mumkin: http://www.dol.gov/ilab/reports/child-labor/findings.
Xalqaro mehnat tashkilotiga ko‘ra, dunyodagi har 10 nafar bolaning biri turli ko‘rinishdagi mehnatga jalb etiladi va bu son 152 milliondan oshdi. Majburiy mehnatning turli shakllari bilan hisoblab chiqilganda, jahonda 25 million bola mehnatga majburlanadi.
O‘zbekiston hukumati yillarki paxta-yig‘im terimida majburiy bolalar mehnatidan foydalanayotganlikda xalqaro tanqidlar ostida qolib kelgan.
Biroq so‘nggi yillarda bolalar paxta terimiga chiqarilmay, ular o‘rniga byudjet tashkilotlari xodimlari yoppasiga terimga jalb etila boshlandi.
O‘tgan yil "Paxta kampaniyasi" tashkiloti tomonidan chiqarilgan hisobotda o‘zbek hukumati fermerlarni tizimli ravishda davlat paxta rejasini bajarishga, byudjet tashkilotlari xodimlarini paxtani terib olishga majburlagani xususida aytilgandi.
"Paxta kampaniyasi" tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili paxta mavsumida 1 milliondan ortiq odam paxta terimiga majburlanadi.