Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:41

Iskandar Makedonskiy: Bloglarim tufayli hayotim xavf ostida qoldi


Bloger Iskandar Makedonskiy (Iskandar Qodirov)
Bloger Iskandar Makedonskiy (Iskandar Qodirov)

Rossiyada ishlayotgan va ayni paytda bloger sifatida tanilgan o‘zbekistonlik Iskandar Makedonskiyning Ozodlikka aytishicha, u bloglari tufayli jiddiy tahdidlarga uchramoqda. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida​ o‘zining bahsli videochiqishlari bilan tanilgan o‘zbek blogeri do‘q-po‘pisalarga qaramasdan blogerlikni tashlamasligini aytdi.

(Ozodlikdan muhim eslatma: Mavzu mohiyati to‘liq yoritilsin uchun ushbu materialda Iskandar Makedonskiyning Youtubedagi bloglariga olib chiqadigan ishoralarni berdik. Iskandar Makedonskiyning videobloglarida so‘kinishlar borligini eslatib qo‘ymoqchimiz. Videobloglar mazmuni uchun Ozodlik mas’ul emas)

Iskandar Makedonskiy nomi bilan ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, Youtube kanali orqali tanilgan 25 yoshli Iskandar Qodirov anchadan buyon Rossiyada o‘qib, mehnat qiladi.

Ozodlik bilan suhbatda o‘zini “so‘z erkinligi himoyachisi” va “erkin dunyoqarash tarafdori”, deb atagan Iskandar oxirgi paytlarda tahdidlar jiddiy tus olganini his eta boshlaganini aytdi:

- O‘zbeklar odatda muhokama qilmaydigan mavzularda, masalan, hajda bo‘lganlar haqida gapirgan edim. Ko‘pchilik, ayniqsa radikal bo‘lgan odamlar o‘sha videoni qabul qila olmasdan, menga har-xil tahdidlar qila boshladi. Bir-ikkitasi videolarida adres-rasmlarimni chop etib, “Uni topsalaring o‘ldiringlar!” deb chiqdi. Oxirgi paytlarda jiddiy tahdidlar bo‘layotganini his eta boshladim. Menga telefon qilib, “Seni o‘ldiraman, so‘yaman, pichoq uraman!” degan gaplarni qilishayapti. Bir nechtasining gapidan his qildim – ular shunchaki gap emas, oldiga konkret maqsad qo‘ygan kishilar. Asosan, tahdidlar diniy tomonidan radikal bo‘lganlardan kelayapti. “Iskandar, Tyumen shahridan Surgutga sizni so‘rab, qidirib keldi”, dedi tanishlarimdan biri.

Iskandar Makedonskiy tahdid qilayotganlarning barchasi uning roliklarda aytilgan fikr-mulohazalariga qarshi chiqayotganini bildirdi.​

Iskandar Makedonskiy shov-shuvga sabab bo‘lgan videobloglaridan birida Arabistonning muqaddas shaharlarini AQShning Las-Vegasiga qiyoslagan va oddiy dindorlar u yerda “firibgarlar” qurboni bo‘layotganini gapirgan.

Videochiqishlarida siyosiy mavzularni ham ko‘tarib turadigan bloger, xususan “vatanparvarlik” va “vatanparvarlar”ni tanqid ostiga olib, “Vatan” va “davlat” tushunchasini farqlab olishni tavsiya qiladi.

Chiqishlarida o‘zining mustaqil fikri borligini takror-takror uqtiradigan Iskandar Makedonskiy, Shavkat Mirziyoev va O‘zbekiston hukumati qabul qilayotgan ayrim qaror-qonunlarini tanqid ostiga oladi.

Oxirgi paytlarda, ayniqsa, din namoyandalarining gap- so‘zlariyu hatti-harakatlarini tanqid qila boshlagan Iskandar Makedonskiy, mehnat muhojirlarining yurish-turishi va mehnatiga bag‘ishlangan videolavhalarni tayyorlay boshladi.

Makedonskiyning videoroliklari va ularda bildirilgan mulohazalar ko‘plab boshqa blogerlar va oddiy Internet foydalanuvchilari g‘azabini qo‘zg‘adi. Xususan, blogerlardan biri “Makkani so‘kkan va Shavkat Mirziyoevni ustidan kulgan” bola topilganini va uning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilsa, boshqasi uni “bu yo‘ldan qaytarishga” da’vat etayotganini ko‘rish mumkin.

Iskandarning mulohazalari yoqmagan boshqa bir diniy voiz uni faqat “qonun doirasida” jazoga tortish va sudga berishni tavsiya qildi.

Videobloger Iskandar Qodirov (Makedonskiy)
Videobloger Iskandar Qodirov (Makedonskiy)

Iskandar Qodirov oxirgi vaqtlarda uni qidirib, kimlardir so‘rab kelayotgani va xavf ostiga uning yaqinlari ham tushganidan xavotir bildirdi:

- Men gaplarim muammo keltirib chiqarishini bilgandim, ammo bu darajada ekanini tasavvur qilmasdim. Odamlar 21- asrda gap-so‘z uchun shunday xayollarga borishini tasavvur qilmasdim! Menga tahdid qilayotganlar ham mening ota-onam, oilam hech qanday aloqasi yo‘qligini his qilib turganiga umid qilaman. Axir, biz erkin davlatda, so‘z erkinligi ustuvor mamlakatda yashayapmiz. Maqsadim – o‘zimga o‘xshagan dunyoqarashimiz bir odamlar bilan fikr almashish, Youtubedan daromad olish emas. Men har qaysi vaziyatga aql-idrok bilan va real qarashga chaqirmoqchiman odamlarni. Propaganda, illyuziyani rad etib, “rozoviy” ko‘zoynaklarni yechishga chaqiraman!

Videobloger tahdidlar to‘xtamayotganiga qaramasdan, o‘z faoliyatini to‘xtatish niyatida emasligini aytdi.

Ma’lum bo‘lishicha, diniy, siyosiy va ijtimoiy masalalarni ko‘tarib chiquvchi bloger Iskandar Makedonskiyning Youtubedagi sahifasida hozirda 30 mingdan ziyod o‘zbek tilli obunachisi bor.

XS
SM
MD
LG