Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:49

Donbassda Ukrainaga qarshi jang qilgan o‘zbekistonlik Rossiyada qo‘lga olindi


Ruslan "Lochin" Babajanov Ukraina Sharqida
Ruslan "Lochin" Babajanov Ukraina Sharqida

28 sentabr kuni Rossiyaning Nijniy Novgorod shahri aeroportida O‘zbekiston fuqarosi, 39 yashar Ruslan Babajanov qo‘lga olindi. Bu haqda “DNR Mobilizatsiyasi va propagandasi qoshidagi Ijtimoiy kommunikatsiyalar qo‘mitasi“@KSK DNR” Tvitter orqali xabar qildi.

Aytilishicha, Ruslan Babajanov Ukraina sharqidagi tan olinmagan “Donetsk xalq respublikasi” (DNR) ayirmachilari jangovar to‘dalari tarkibida “Lochin” laqabi bilan harbiy harakatlarda faol ishtirok etgan.

Lochin pozivnoyi ostida DNRdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan ko‘ngilli Ruslan Babajanov 28 sentabr kuni Nijniy Novgorod aeroportida ushlandi. Uni ekstraditsiya qilishmoqchi. Ruslanda DNR pasporti bor, undan tashqari u – O‘zbekiston grajdani”, deyiladi separatchilar rasmiy xabarnomasida.

Xabar ortidan "Federalnoe agentstvo novostey" axborot agentligi Ruslanning himoyasiga otlangan “Donbass jangovar jasorati muzeyi” rahbari German Vladimirovga tayanib, Ruslanning 2014 yildan boshlab ko‘ngilli sifatida Donbassga yetib kelgani haqda yozdi:

- U Saur-Mogila va Donetsk aeroporti kabi eng qaynoq nuqtalardagi janglarda ishtirok etgan “Vostok” batalyonida jang qilgan. Bizning Nijniydagi safdoshlarimiz advokat bilan uning oldiga ketishayapti. Biz bu ishni qattiq nazorat ostiga oldik, degan agentlikka bergan intervyusida German Vladimirov.

Ayirmachilar tashkiloti vakilining aytishicha, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Bobojonov “Rossiya qonunchiligiga muvofiq pasportiga kirdi-chiqdi muhrini urdirish uchun chegaraga borgan”. U Nijniy Novgoroddan Rostov-Donga uchib ketayotganida aeroport transport politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan.

Politsiya bo‘limida “Ruslan Jumanazarovich Babajanov” ismli shaxs Interpol so‘rovi bilan politsiya “qizil ro‘yxatida”, ya’ni xalqaro qidiruvda ekani unga ma’lum qilingan.

Ozodlik Ukrainaning “Mirotvorets” saytida 1979 yilning 27 sentyabrida tug‘ilgan Ruslan Babajanov “Rossiya "nayomnigi", noqonuniy harbiy bo‘linma jangarisi” sifatida 2015 yildan buyon qidiruvda ekanini aniqladi.

Shuningdek, ism-famiyalisini va jangarilar tarafida turib harbiy harakatlarda ishtirok etganini yashirmay kelgan Ruslan Babajanovning “Odnoklassniki” tarmog‘idagi sahifasida urush harakatlari olib borilgan joylarda tushgan ko‘plab fotosuratlarini ko‘rish mumkin.

Ayni damda, Ukraina Sharqidagi mojaroda separatchilar tarafida jang qilgan yollanma askarlar Rossiya hukumati tomonidan hibsga olinayotgani to‘g‘risida boshqa xabarlar ham tarqalmoqda.

Privoljskiy Federal okrugi bo‘yicha Transportdagi politsiya boshqarmasi mulozimi Ozodlik rasmiy so‘roviga O‘zbekiston vatandoshi hibs etilgani borasida hech qanday ma’lumotga ega emasliklarini bildirdi.

- Hozircha bu haqda hech qanday ma’lumot bera olmayman, biror xabar chiqsa rasmiy saytimizda chiqariladi, dedi mayor Olga Poroykova.

Ruslan Babajanov 3 yildan ortiq vaqt davomida "DNR" safida bo‘lgan
Ruslan Babajanov 3 yildan ortiq vaqt davomida "DNR" safida bo‘lgan

Donbassdagi ayirmachi guruhlarning ashaddiy himoyachisi bo‘lgan “Komsomolskaya pravda” nashri Ruslan Babajanov himoyasiga maxsus maqola hozirladi. Unda yangi qonunchilikka muvofiq ukrain separatistlari bilan bir safda jang qilgan Ruslan O‘zbekistonda 12 yilga qamalishi mumkinligidan xavotir bildirilgan.

Maqolada Ruslan Donbassga 2014 yilda o‘z xohishi bilan jang qilgani kelgani, DNRda malakali jangchi sifatida nom chiqargani va “DNR” grajdanligini olgani va 2017 yilda Rossiyaga qaytib kelgani, bu yerda u cherkovlarni ta’mirlashda va qurilishlarda ishlagani aytildi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi o‘zbek grajdanlariga harbiy harakatlaridan uzoqroq yurishni tavsiya qilib, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 154- moddasida “harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish” 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishini eslatib qo‘ygandi.

Ozodlik Ukraina sharqidagi mojaroda urushayotgan har ikki tarafda ham o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar borligi to‘g‘risida xabar bergan.​

O‘tgan yilning mart yoida farg‘onalik 34 yashar Ma’rufjon Nishonov snayper qurolidan o‘q otayotganida ukrain jangchilari tomonidan yo‘q qilingani to‘g‘risida Ukraina Qurolli Kuchlari zobiti xabar qildi.

2016 yilning 19 sentabrida Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Xarkov viloyatida josuslikda gumon qilib, O‘zbekiston vatandoshini qo‘lga oldi. Davlat Chegara xizmati o‘zbekistonlik “Pletenyovka” nazorat punkti borasida maxfiy texnika yordamida ma’lumot yig‘ishga Rossiya tomonidan jo‘natilganini iddao qilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

2016 yilning 16 avgustida Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Donbassdagi Shirokino qishlog‘i atrofida ukrain askarlarini o‘qqa tutganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston vatandoshini hibsga olgan edi. 1996 yilda tug‘ilgan toshkentlik Aleksandr Brikin Donbass ayirmachilari tarafida jangovar harakatlarga pul ishlash maqsadida qo‘shilganini bildirgan.

Ukraina hukumati Rossiya Federatsiyasi chegarasi tomonidan nafaqat yaxshi qurollangan janggarilar, balki harbiy texnika, jumladan tanklar, BMP, BTR, “Grad” raketa moslamalari va amunitsiya kiritilayotgani qayd etilayotgani to‘g‘risida isbot-dalillarni keltirmoqda.

Rossiya hukumati va shaxsan prezidenti Vladimir Putin esa Ukraina mojarosiga rus harbiylari va FSBsining mutlaqo aloqasi yo‘qligini takror va takror ta’kidlab kelmoqda.

Donbassda Kiev kuchlari va rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasida sodir bo‘lgan janglar oqibatida 1200 harbiy va 5400 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini rasman bildirgan edi.

Germaniyada chiqadigan The Frankfurter Allgemeine Sanntagszeitung gazetasi, nemis razvedkasidagi o‘z manbalariga tayangan holda, Ukraina sharqida qurolli to‘qnashuvlar boshlangan 2014 yil aprelidan buyon kamida 50 ming kishi halok bo‘lgani, bu esa rasmiy ma’lumotlarda keltirilayotgan raqamlardan o‘n barobar ko‘pligini yozib chiqqandi.

XS
SM
MD
LG