Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:33

OzodTa'sir: Surxondaryodagi yo‘l-patrul postlari olib tashlandi


Qayta ish boshlagan Qiziriq tumanidagi post ham olib tashlandi.
Qayta ish boshlagan Qiziriq tumanidagi post ham olib tashlandi.

Surxondaryo viloyatida prezident Shavkat Mirziyoev tanqididan so‘ng o‘tgan yil dekabr oyida olib tashlanib, joriy yilning 20 sentabrida qayta tiklangan yo‘l-patrul postlari, Ozodlik maqolasidan so‘ng, 2 oktabr kuni yana olib tashlandi.

Bu haqdagi norasmiy xabarni viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tasdiqladi.

Ozodlikning 27 sentabrdagi "Surxondarëda Mirziyoev tanqididan so‘ng olib tashlangan postlar qayta tiklandi" sarlavhali maqolasida haydovchilar viloyat bo‘yicha o‘ndan ortiq post qayta tiklangani, yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining bo‘lar-bo‘lmasga mashinalarni to‘xtatib tekshirayotgani, yo‘q joydan ayb axtarib, haydovchilarning asablariga tegayotgani haqida shikoyat qilgan edi:

“Men hozirgina Termizdan qaytdim. Yana hamma narsa bir yil avvalgidek. Barcha postlar qayta ishlayapti. GAIlar moshinalari bilan turibdi. Denovga yetib kelgunimcha uch joyda to‘xtatib, hujjat tekshirishdi. Mashina bagajini ochib ko‘rishdi. Haydovchilarning yana kayfiyatlari buzilgan. Prezidentimiz gapining ta’siri bir yilga ham bormadi”, degan edi denovlik haydovchi Qahramon Ochildiev.

5 oktabr kuni Ozodlik bilan bog‘langan bu haydovchi, maqoladan so‘ng, barcha postlar yana olib tashlanganini aytdi:

"Xudoga shukr, postlarda GAIlar endi turmayapti. Bo‘lmasa, Denovdan Termizga borguncha to‘rt-besh joyda to‘xtatib, tekshirishardi. Tanish inspektorlarimdan birining aytishicha, maqola chiqqandan so‘ng, viloyat hokimi Bahodir Po‘latov viloyat IIB va yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘ini chaqirib, qattiq urishibdi. O‘sha shlagbaumni bir joylaringga tiqib olaman, debdi. Shundan so‘ng bir kunda postlar yo‘qoldi", dedi Qahramon Ochildiev.

Surxondaryo viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi ham barcha postlar olib tashlanganini Ozodlikka aytdi:

"Uch kun bo‘ldi, birorta ham post qolmadi. Hammasi olib tashlandi", dedi mulozim.

27 sentabr kuni viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi postlarning paxta terimi paytida xavfsizlikni oshirish va paxta hosilining talon-taroj bo‘lmasligi maqsadida vaqtincha qayta tiklanganini bildirgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 dekabr Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga Murojaatnomasida, behisob yo‘l-patrul postlari turizmni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgani va oddiy odamlarni qiynab yuborayotgani haqida gapirgan edi:

"Hozirgi vaqtda viloyatlar o‘rtasida yo‘l-patrul postlarining eskicha joylashuvi harakatlanish erkinligini cheklab, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ichki va tashqi turizm rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zingiz o‘ylang, bugungi kunda mamlakatimiz hududida 60 dan ziyod bunday post mavjud. Endi tasavvur qiling, oddiy odam Xorazmdan Toshkentga mashinasida bormoqchi bo‘lsa, yo‘lda 17 ta postdan o‘tadi. Farg‘ona vodiysidan kelayotgan kishi esa 8 ta ana shunday postga duch keladi", degan edi Shavkat Mirziyoev .

Мирзиёев текшириш назорат пунктлари тугатилишини буюрди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:42 0:00

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi 25 dekabr kuni Ozodlikka bergan intervyusida viloyat bo‘yicha 15 dan ortiq postdan 6 ta post qolganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG