Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:40

Xorazmda chorva orasida epidemiya tarqab¸ mollar nobud bo‘lmoqda


O‘zbekistonda chorva mollarining yuqumli kasalliklar bilan kasallanishi kuzatilib turadi.
O‘zbekistonda chorva mollarining yuqumli kasalliklar bilan kasallanishi kuzatilib turadi.

Xorazmlik chorvador va veterinar vrachlarning Ozodlikka bildirishicha¸ viloyatning birgina Yangiariq tumani Gulobod qishlog‘ida besh yuzga yaqin qoramolda "nodulyar dermatit" kasalligi aniqlangan.

O‘layotgan mollar kolbasa sexlariga arzon sotilayotgani haqida xabarlar bor.

Lekin, Yangiariq tumani Veterenariya bo‘limi rasmiylari kasallikka chalinib, nobud bo‘lgan mollar yoqib yuborilayotganini aytishdi.

Yangiariq tumani Gulobod qishlog‘ida yashovchi fermer Arslon Jumaniyozovning Ozodlikka aytishicha, noma’lum kasallik uning mollariga ham yuqqan:

- Hamma joyiga yaralar toshib, bo‘yinlari, oyoqlari shishib ketmoqda. Tili qorayib ovqat yemay qo‘ydi. Hamma qo‘rqib tashvishga tushib qoldi, - deydi yangiariqlik fermer.

Ayrim xo‘jaliklarda esa bu kasallikdan chorva nobud bo‘lishi hollari kuzatilgan.

- Kolbasa sexlaridan odamlar kelib kasallangan mollarni arzon narxda sotib olib ketishmoqda. Bu kasallik qo‘tir kasaliga o‘xshaydi, - deydi Yangiariq tumanida yashovchi Gulmira ismli ayol.

Yangiariqlik veterinar vrach To‘lqin Masharipov chorva orasida tarqayotgan bu kasallik "nodulyar dermatit" ekanini bildirdi.

- Bizni tumanda 400-500 qoramolda shu kasallik aniqlandi. Hashoratlar bu kasallikning tashuvchisi bo‘lyapti. Bir oygacha yashirin davri bo‘ladi kasallikni. Kassallik belgilari, mol tanasida yong‘oqday bo‘rtmalar paydo bo‘ladi. Hozir bu kasallikka qarshi lozim choralarni ko‘ryapmiz, - dedi yangiariqlik vetriner vrach.

Aholi vahimada

Tumanda kasallikdan o‘lib qolgan yoki o‘layotgan mollar kolbasa sexlariga arzon sotib yuborilayotgani haqidagi xabarlardan iste’molchilar tashvishga tushgan.

Yangiariqlik Gulmira "kolbasa va go‘sht mahsulotlari yeyishga qo‘rqib qoldik", deydi.

- Hozir kolbasani xech kim yemay qo‘ydi, chunki kasallikdan o‘layotgan yoki o‘lgan mollarni bular kolbasa sexlariga sotib yuborishyapti ekan. Hozir hamma qo‘rqib qolgan, - deydi Gulmira.

Yangiariq tumani veterinariya bo‘limi mulozimi qoramollar orasida bunday kasallik ilk bor tarqalganini tasdiqlar ekan, o‘layotgan mollar kolbasa sexlariga berib yuborilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

- Bu kasallikdan o‘lgan mollarni o‘zimiz ustida turib yoqib yuboryapmiz. O‘lgan mollar esa soni ko‘p emas. Vaziyatni nazoratga olganmiz, - dedi tuman veterinariya mulozimi

Veterinarning alohida ta’kidlashicha, bu kasallik chorvadan odamga yuqmaydi, hasharotlar va kana orqali faqat chorvadan chorvaga o‘tishi mumkin.

O‘zbekistonda chorva mollarining yuqumli kasalliklar bilan kasallanishi kuzatilib turadi.

Shu yilning yozida Qoraqalpog‘istonda qoramollar orasida shunday kasallik tarqalgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yilning fevral oyida Toshkent viloyati Ohangaron tumanining Yangi hayot qishlog‘ida chorva mollari orasida oqsim kasalligi tarqaganini mahalliy chorvadorlardan biri iddao qilgan edi.

Bu xabar ortidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida chorvaga oqsim yuqqaniga oid xabar ortidan tekshiruv o‘tkazgan va chorvada uchraydigan oqsim kasalligi klinik alomatlari aniqlanmagani, ammo laboratoriya tekshiruvi natijasi kutilayotganini bildirgan edi

XS
SM
MD
LG