Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:54

Toshkentning Qorasuvida bog‘cha bolalari ovqatdan ommaviy zaharlandi


Toshkentning Qorasuv daxasidagi 433-sonli bolalar bog‘chasi.
Toshkentning Qorasuv daxasidagi 433-sonli bolalar bog‘chasi.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 433-sonli bog‘chada o‘nlab bolaning ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani, uch nafar bolaning koma holatida ekani aytilmoqda.

8 oktabr kuni kuni ro‘y bergan bu hodisani Ozodlik bir-biridan mustaqil bir necha manba orqali o‘rgandi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ 70 dan ortiq ota-ona ommaviy zaharlanish yuzasidan murojaat qilgan va tekshirish natijasida hozirga qadar 32 nafar bolada ovqatdan zaharlanish aniqlangan.

Qorasuv dahasidagi "Quyoshcha" nomli 433-sonli bolalar bog‘chasining ismi ochiqlanishini istamagan xodimasi Ozodlikka zaharlanish belgilari 70 ga yaqin bolada kuzatilgani, uch nafar bolaning koma holatida yotganini aytdi.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ o‘nlab bola “o‘tkir ichak diareyasi” tashxisi bilan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

"Oldiniga bir-ikki bolada ko‘ngil aynish holati bo‘ldi. Keyin boshqa bolalarning ham rangi oqarib, ko‘ngli aynishni boshladi va birma-bir bolalarni kasalxonaga olib borishdi. Hozir yetmishga yaqin bola kasalxonada, uch nafari komada" - dedi 433-sonli bog‘cha xodimasi.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasining ismini aytmagan vrachi zaharlanish alomati bilan bog‘cha tarbiyalanuvchilari kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi, lekin ular orasida komaga tushganlari borligini rad etdi.

- Bolalarni ahvoli qoniqarli. Hozir ularga lozim tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, - deya gapni qisqa qildi shifokor.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ voqea yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tuman Ichki ishlar bo‘limi Jinoyat Kodeksining 2571-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Aytilishicha¸ mazkur jarayon Bosh prokuratura tomonidan "nazoratga olingan".

"Tuman Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazining xulosasida, muassasaga 2018 yil 03 avgust kuni ko‘p miqdorda sariyog‘ mahsuloti olib kelinib hozirgi kunga qadar iste’molda foydalanib kelingani, taomnoma bo‘yicha 2-ovqat uchun tayyorlangan teftel yo‘riqnoma qoidalariga zid ravishda tayyorlagani, eskirgan oshxona jihozlaridan foydalanib kelingani, ikkinchi muzlatgich nosoz holda ekanligi, barcha oziq-ovqat mahsulotlari bir muzlatgichda saqlanayotgani ko‘rsatilgan. Muassasada mavjud oziq-ovqat mahsulotlari va suvdan namunalar olinib, ekspertiza o‘tkazish uchun yuborilgan".

O‘zbekistonda bolalar bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlangani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.

Bog‘chada bolalarning ovqatdan zaharlanishi bilan bog‘liq eng fojiali voqea to‘rt yil avval Andijon viloyatining Baliqchi tumanida bo‘lgan edi.

O‘shanda bog‘chaning kamida 30 nafar tarbiyalanuvchisi o‘tkir ichakli diareya tashhisi bilan kasalxonaga yotqizilgan edi.

XS
SM
MD
LG