Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:35

Prokuratura Adliya boshlig‘i notarius yigitni kaltaklagani voqeasini o‘rganmoqda


Farhod Sattarovga ko‘ra, yuzidagi jarohat izi Adliya boshlig‘i kuldon bilan urgach, paydo bo‘lgan.
Farhod Sattarovga ko‘ra, yuzidagi jarohat izi Adliya boshlig‘i kuldon bilan urgach, paydo bo‘lgan.

Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on shahar 1-son notarial idorasi xodimi Farhod Sattarovning iddao qilishicha, uni shahar Adliya bo‘limi boshlig‘i kaltaklagani bois 5 kundan beri shifoxonada davolanmoqda. Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi bu voqea bo‘yicha tekshirish boshlagan.

Kuldon voqeasi

Kattaqo‘rg‘on shahar 1-son notarial idorasida notarius yordamchisi bo‘lib ishlayotgan 29 yashar Farhod Sattarovning iddaosiga ko‘ra, uni 19 oktabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Adliya bo‘limi boshlig‘i Otaabek Mo‘minov ishga kech kelganlik vaji bilan kaltaklagan.

- Chiqib ketayotgan edim, orqamdan kelib, sigaret kuldoni bilan urdi. Mani chap ko‘zimga tegdi. Ko‘zimdan olov chiqib ketdi. 7-8 sekund hushimni yo‘qotdim, deydi Farhod Sattarov.

Uning aytishicha, voqea ustiga Kattaqo‘rg‘on shahar 1-son notarial idorasi boshlig‘i - Farhod Sattorovning bevosita boshlig‘i - kelib qolgan (1-son notarial idorasi ham Adliya bo‘limi bilan bitta binoda joylashgan. tahr.) va uning aralashuvi bois, Mo‘minov urishni to‘xtatgan.

- Notarius boshlig‘im “men borsam, seni urayotgandi. Yerda yotganding. Yerda ham seni urayotgandi”, dedi... Notarius keldida, Otabek akani ushlab qoldi. Shu o‘rtada men o‘zimga kelib turdim, deydi Farhod Sattarov.

Kattaqo‘rg‘on shahar 1-son notarial idorasi Adliya bo‘limiga qaraydi. Biroq Farhod Sattarovning ishga kelish-ketishini bevosita notarial idora rahbari tekshiradi. Sattarovga ko‘ra, uning Adliya bo‘limi boshlig‘i tomonidan alohida tekshirilayotganiga ikki o‘rtadagi nizo sabab bo‘lgan. (Bu haqda maqola davomida o‘qiysiz. tahr).

Ozodlik Kattaqo‘rg‘on shahar Adliya bo‘limi boshlig‘i Otabek Mo‘minov bilan telefon orqali bog‘landi. Mo‘minov yonida odam borligini aytib, keyinroq gaplashishga va’da berdi. Biroq Ozodlikning keyingi telefon qo‘ng‘iroqlariga undan javob bo‘lmadi.

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi binosi.
Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi binosi.

Prokuraturaga ariza

Farhod Sattarovning aytishicha, o‘sha kuni u Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasiga Adliya bo‘limi boshlig‘i ustidan shikoyat arizasi yozgan.

- Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasiga bordim. Zamprokuror Nuriddin akaning oldiga kirib, bo‘lgan holatni aytdim. U kishi hech ikkilanmadi, “Qonun hamma uchun bir”, deb, oq qog‘oz bilan ruchka qo‘yib, “ariza qiling” dedi. Ariza qildim. Keyin ekspertizaga qaror chiqarib berdi, deydi Farhod Sattarov.

Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Farhod Sattarov arizasi bo‘yicha tekshiruv boshlangan.

“Hozircha tibbiy ekspertiza xulosasi chiqmadi. Xulosaga qarab, ish jinoiy yoki ma’muriy ko‘rinishda bo‘lishi ma’lum bo‘ladi”, dedi o‘zini tanishtirmagan prokuratura xodimi.

Shifoxonaga yotish

Farhod Sattarovning Ozodlikka taqdim qilgan tibbiy hujjat

nusxasida yozilishicha, Sattarovga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan.

Sattarov 19 va 20 oktabr kunlari ham ishga chiqqani va 20 oktabr kuni kechqurin ahvoli og‘irlashgani bois Tez tibbiy yordam chaqirtirganini aytadi.

- Doktor ko‘rdida, miya chayqalishi, ichki jarohat dedi, istoriya ochib, 20 oktabr kuni saot 10lar atrofida Tibbiyot birlashmaning travmatologiya bo‘limiga yotqizishdi, deydi Farhod Sattarov.

O‘zaro nizo

Farhod Sattarovning iddaosiga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahar Adliya bo‘limi boshlig‘i Otabek Mo‘minov bilan uning o‘rtasida 16 oktabr kuni o‘zaro nizo yuzaga kelgan.

Farhod Sattarov shifoxona bog‘ida.
Farhod Sattarov shifoxona bog‘ida.

- 16 oktabr kuni kechqurungi soat 5 yarimda “Selektor bo‘ladi. Selektorga meni nomimdan borasiz” deb topshiriq berdi. Mening ish vaqtim soat 9 dan 5gacha. Ish vaqtidan keyingi majlislarga ishchining roziligi bo‘lsa, qatnashadi degan joyi bor Mehnat kodeksida. Meni majbur qildi borasan deb. Men bormadim. O‘shanda bunda shaxsiy adovat paydo bo‘ldi, deya iddao qiladi Farhod Sattarov.

Farhod Sattarov bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Каттақўрғон шаҳар 1-сон нотариал идораси ходими Фарҳод Саттаров билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:20 0:00
Бевосита линк

Boshliq-xodim kelishmovchiligi

O‘zbekistonda boshliq va xodimlarning orasida o‘zaro kelishmovchilik natijasidagi janjallar uchrab turadi.

Jumladan, joriy yil 13 iyul kuni Andijon shahridagi Yangi shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘ining o‘rinbosari qilib tayinlangan Baxtiyor Ahmedov shu kunning o‘zida xodimini o‘zaro janjal natijasida ish joyida pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanib, hibsga olindi.

Joriy yilning 3 may kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Bahrom Jo‘raevni 3 may kuni ishdan bo‘shatilgan xodimi Shavkat Ibratov pichoqlagan edi.

Bu voqeani tasdiqlagan MIB xodimlaridan birining aytishicha, ishdan noqonuniy bo‘shatilganini iddao qilgan sobiq xodim boshlig‘iga to‘rt marta pichoq sanchgan. Kasalxonada jarrohlik qilingan Bahrom Jo‘raevning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda qolmoqda.

XS
SM
MD
LG