Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:30

Xorazmda paxtaga oid yig‘ilishni yoritmoqchi bo‘lgan jurnalist 7 sutkaga qamaldi


 Xorazmlik jurnalist Davlat Nazar. Surat jurnalistning Facebook sahifasidan olindi.
Xorazmlik jurnalist Davlat Nazar. Surat jurnalistning Facebook sahifasidan olindi.

29 oktabr kuni "Xorazm yoshlari" gazetasi muharririning o‘rinbosari Davlat Nazar mayda bezorilikda ayblanib, 7 sutkaga qamaldi.

Jurnalistning yaqinlariga ko‘ra, Davlat Nazar Qo‘shko‘pir tuman hokimligining paxta bo‘yicha yig‘ilishini videotasvirga olayotgan paytda olib ketilgan.

Hokimlik vakillariga ko‘ra, jurnalist shirakayf bo‘lib, yig‘ilishga halaqit qilgani uchun uni sudga berishgan.

29 oktabr kuni Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumani ma’muriy ishlar sudida o‘tgan mahkamada sudya jurnalist Davlat Nazarni Ma’muriy-javobgarlik kodeksining 183-moddasi ya’ni “Mayda bezorilik”da aybdor deb topib, 7 sutkaga qamadi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan jurnalistning yaqinlaridan biriga ko‘ra, Davlat Nazarni 29 oktabr kuni ertalab militsiya xodimlari olib ketgan.

“U Ichki ishlar xodimlari olib ketayotgan payt menga xabar jo‘natdi. Xabarida uni organ xodimlari olib ketayotganini aytib, kechgacha Feysbukka birorta post qo‘ymasa, demak, uni qamashgan bo‘lishini yozgan. Uni reportaj olayotgan joyidan olib ketishgan. U Xorazmda o‘tayotgan matematika bo‘yicha Xalqaro Olimpiadani yoritayotgan paytida melisalar kelgan va olimpiadaning o‘zidan uni olib ketishgan”, dedi jurnalistning yaqinlaridan biri.

O‘sha kuni tushdan keyin Qo‘shko‘pir tuman sudida o‘tgan mahkamada sud zalidan Davlat Nazarni qo‘liga kishan solib, olib ketishgan.

Mahkama tafsilotlaridan xabardor jurnalistning do‘stlaridan birining aytishicha, sud yarim soatcha davom etgan.

“Sud soat 16larda boshlangan va yarim soatlardan keyin darrov tugagan. Unga advokat ham berishmagan. Sudda faqat guvoh sifatida Qo‘shko‘pir tuman hokimligi vakillari ishtirok etgan. Avvaliga 15 sutka berishmoqchi bo‘lishgan. Keyin 7 sutkaga tushirishgan. Sud zalining o‘zida qo‘liga naruchnik solib olib ketishgan”, dedi mahkama tafsilotlaridan xabardor jurnalistning do‘sti.

Jurnalistning yaqinlariga ko‘ra, Davlat Nazar 25 oktabr kuni Qo‘shko‘pir tuman hokimligida o‘tgan paxtaga oid yig‘ilishni videotasvirga olgani uchun qamalgan.

Yig‘ilishda maktab direktorlari, doktorlar, bog‘cha mudiralarini paxtaga chiqarish masalasi ko‘rilgan. Yig‘ilishdagilardan biri bu haqda Davlat Nazarga xabar bergan. U to‘yda bo‘lgan va darrov hokimiyatga yetib kelgan. Yig‘ilishga kirib, uni videoga olgan. Yig‘ilish tugagach, hammaga ruxsat berib yuborishgan va Davlat Nazarni melisalar qo‘lga olgan. O‘sha yerning o‘zida uni olgan videolarini o‘chirib tashlashgan va o‘zini Urganchga olib borib, bir sutka ushlab, ertasiga qo‘yib yuborishgan. Oradan 4 kun o‘tib, yana kelib uni olib ketib, qamashdi”, deydi jurnalistning yaqinlaridan biri.

Qo‘shko‘pir tuman hokimligi mulozimlaridan biriga ko‘ra, Davlat Nazar o‘sha kuni shirakayf bo‘lgan va yig‘ilishni o‘tkazishga halaqit qilgani uchun uni sudga berishgan.

Jurnalist Davlat Nazar "Yoshlar ittifoqi" raxbari Qahramon Quronboevdan intervьyu olayotgan payt. (Surat jurnalistning Facebook sahifasidan olindi)
Jurnalist Davlat Nazar "Yoshlar ittifoqi" raxbari Qahramon Quronboevdan intervьyu olayotgan payt. (Surat jurnalistning Facebook sahifasidan olindi)

Davlat Nazar taxallusi bilan ijod qilayotgan qo‘shko‘pirlik 47 yashar Davlatnazar Ro‘zmetov oldin “Yoshlar ovozi” gazetasining Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiri bo‘lgan.

So‘nggi yillarda esa “Xorazm yoshlari” gazetasida faoliyat yuritib kelayapti.

Joriy yil 29 mayda o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoev joriy yil paxta mavsumida majburiy mehnat mutlaqo qo‘llanilmasligi shart ekanini aytdi.

Biroq joriy yil ham paxta mavsumida majburiy mehnat holatlari kuzatilmoqda.

Ozodlikka bo‘layotgan murojaatlarga ko‘ra, o‘qituvchilar, shifokorlar va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlari paxtaga majburan chiqarilayapti. Bu haqda PaxtaGram sahifasida batafsil tanishasiz

XS
SM
MD
LG