Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:38

Ozodlik surishtiruvi: Zoyir Mirzaev kimlarga kesak ko‘tartirgan edi?


O‘zbekiston Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Zoyir Mirzaev oqqo‘rg‘onlik mulozim va fermerlarni suvga bo‘ktirgani aks etgan surati tarqalgan kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda kesak ko‘tarib turgan olti nafar mulozimning surati ham paydo bo‘lgan edi.

Ozodlik surishtiruvi davomida ayni surat 26 oktabr kuni Toshkent viloyatining Bekobod tumanida olingani va suratdagi mulozimlar ism-familiyalarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Surat qahramonlarining aytishlaricha, bug‘doy ekilgan maydonning kesagi maydalanmagani uchun Bosh vazir o‘rinbosari olti nafar mulozimni shu tariqa jazolagan.

Mulozimlardan besh nafari Bekobod tumani hokimligida turli rahbarlik vazifalarni bajarayotgan shaxslar va bir nafari Toshkent viloyati Suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘idir.

Bekobod tumani hokimligi mulozimiga ko‘ra, suratdagi olti kishidan bir nafari o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan, qolganlar esa vazifasini davom ettirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda bug‘doy o‘sayotgan dalada olti kishi boshi baravarida kesak ko‘tarib turgani tasvirlangan. Suratdagilardan ikki nafari ikkitadan katta kesak ko‘tarib olgan. Qo‘lidagi kesagi katta bo‘lgani uchun chapdan uchinchi odam uni mayishib ko‘tarib turgani ko‘rinadi.

"Kesak maydalanmagan bo‘lsa, o‘zing ko‘tarib tur"

Voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ammo jazolanish ehtimolidan qo‘rqib ismi sir qolishini so‘ragan Bekobod tumani hokimligi mulozimiga ko‘ra, Bosh vazir sobiq o‘rinbosari Zoyir Mirzaev g‘alla ekilgan maydonlarni kuzata turib, dalada kesakning ko‘pligidan g‘azabga kelgan:

“Nega, shudgordan keyin kesagini maydalamay bug‘doy ekdilaring, hammang anaqasan, bunaqasan, deb baqirib, so‘kdi. Keyin tuman qishloq xo‘jalik bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Hotamovni, tuman fermerlar kengashi raisi Ulug‘bek Xudoyberdievni, qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Qosim Bozorboevni, kadastr boshlig‘i Abdulla Umarovni, tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i Ibrohim Berdiqulovni, viloyat suv xo‘jaligi boshlig‘i Baxtiyor Qurbonovni g‘allazordan katta kesaklarni terib boshi baravar ko‘tarib turishni buyurdi, deydi mulozim.

Uning ma’lum qilishicha, Zoyir Mirzaev "yonidagi odamga boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun" ularni suratga olib tarqatishni buyurgan.

Uning aytishicha, bu voqea Bekobod tumanining "Botir Malik" fermer xo‘jaligi dalasida sodir bo‘lgan.

Ozodlik kesak ko‘tarishga majburlangan Bekobod tumani Suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Berdiqulov bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

U g‘allazordagi kesaklarga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham, asossiz jazolanganini aytdi:

- Bug‘doy ekish uchun dala yaxshi tayyorlanmagan, kesaklar maydalanmagan ekan. Biz suv xo‘jaligi bo‘lsak, shunisi alam qilyaptida, suv yetmay qolganda edi boshqa gap edi. Bizni ham o‘sha yerda bo‘lganimiz uchun tushib qoldikda, kimsan deb ham so‘ramay, kesak ko‘targizib qo‘ydi. Zamministr yordamchisi suratga olib bo‘lganidan keyin kesaklarni tashladik, deydi Ibrohim Berdiqulov.

Bekobod tumani Yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i Abdulla Umarov kesak ko‘tarishga majburlangach o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shaganini Ozodlikka aytdi.

Tuman hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, qolgan mulozimlar hozirda o‘z ishini davom ettirmoqda.

Bug‘doyga suv qo‘ymagan aybdorlar suvga bo‘ktirilgan edi

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishining ariqdagi suvda tizzasigacha bo‘kib turgani aks etgan surat 27 oktabrda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, qizg‘in muhokamalarni qo‘zg‘atgandi.

Uzbekistan - Punishment for farmers, Cotton 2018
Uzbekistan - Punishment for farmers, Cotton 2018

Ayni kuni Ozodlik bu surat ortidan hodisani o‘rgangan hamda suvga bo‘ktirilgan mulozimlar shaxsi, voqea tafsilotlarini aniqlagan edi.

Ko‘zlarida norozilik alomatlari sezilgan va suvning sovuqligiga zo‘rg‘a chidab turgan 6 kishining surati, ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning 25 oktabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumaniga safari paytida olingan.

Voqeaga bevosita guvoh bo‘lganlarning Ozodlikka aytishicha, bug‘doyga suv qo‘yilmagani uchun bosh vazir o‘rinbosari hokimlik mulozimlari, fermer, mahalla oqsoqoli va fermer ishchisini shu tariqa jazolagan.

Suvdan shalabbo bo‘lib chiqqanlar yana mashina oldiga solib bir kilometr yugurtirilgan

28 oktabr kuni Ozodlikka ushbu hodisaga bevosita guvoh bo‘lganini aytgan va shaxsini sir saqlashni so‘rgan oqqo‘rg‘onliklardan biri bog‘landi.

Uning iddaosicha, 6 kishi suvda 40-45 daqiqa ushlab turilgach, keyin avtomobil oldiga solinib, shalabbo holida yugurtirilgan.

"Bitta menmas, ko‘pchilik ko‘rib turdi buni - ularni suvda 40-45 minut ushlab turishdi-da, keyin suvdan chiqarib, mashinani oldiga solib, yugurtirib olib ketishdi. Qaerga olib ketdi - bilmadim, lekin. Bunaqasini men umrimda ko‘rmaganman. Juda dahshat bo‘ldi", dedi ismini sir saqlagan oqqo‘rg‘onlik.

Zoyir Mirzaev va bu jazoga tomoshabin bo‘lib turgan mulozimlar jazolandi

Zoyir Mirzaev
Zoyir Mirzaev

​Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishining ariqdagi suvga tushirib, tahqirlanishi ortidan O‘zbekiston Bosh vazirining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zoyir Mirzaev ishdan olindi.

O‘zbekiston prezidenti rasmiy sayti 29 oktabrda tarqatgan xabarga ko‘ra, Zoyir Mirzaev "g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois" ishdan olingan. ​

29 avgustda Abdula Aripov raislik qilgan hukumat videoselektrida Oqqo‘rg‘on hodisasiga guvoh bo‘lgan Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari va boshqa mutasaddi rahbarlar ham o‘z lavozimlaridan ozod etilgan.

XS
SM
MD
LG