Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:51

Internat direktori o‘z ustidan arz qilgan tarbiyachining o‘quvchilariga ko‘rpa bermadi


To‘rtko‘ldagi 5 sanatoriya internat-maktabi yotoqxonasi
To‘rtko‘ldagi 5 sanatoriya internat-maktabi yotoqxonasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumanidagi 5-sanatoriya maktab-internati o‘quvchilarining paxta terayotgan harbiy xizmatchilarga berib yuborilgan ko‘rpalari o‘rniga boshqa ko‘rpa-to‘shak olib kelingani haqidagi Ozodlik xabaridan so‘ng, muassasa direktori bu haqda xabar bergan tarbiyachi Zulfiya Mavlonovani antiqa tarzda jazoladi.

Zulfiya Mavlonovaning Ozodlikka aytishicha, ko‘rpasiz qolgan bolalar ko‘rpa bilan ta’minlangan bo‘lsada, aynan uning sinfida bo‘lgan qizlarga hanuz ko‘rpa-to‘shak berilmagan.

Zulfiya Mavlonova iddaosiga ko‘ra, 49 nafar sog‘lom bolalar ham o‘qiyotgani haqidagi uning shikoyati tekshiruvchilar tomonidan aniqlangandan keyin, internat direktori bu bolalar ota-onalarini tarbiyachiga qarshi ariza yozishga undagan.

To‘rtko‘l tumanidagi 5-sanatoriya maktab-internati tarbiyachisi Zulfiya Mavlonovaning aytishicha, Ozodlikning “Silga chalingan bolalar ko‘rpa-to‘shagi terimchi askarlarga berib yuborildi” maqolasidan so‘ng, internatga ko‘rpa-to‘shak olib kelingan, ammo, uning sinfidagi o‘quvchilarga berilmagan:

- Mana ertadan kanikul boshlanadi, lekin hanuzgacha mening sinfimdagi qiz bolalarga ko‘rpa-to‘shak berilmadi. Direktor nagliy tarzda “qo‘lingdan nima keladi, Ozodlik nima qildi, peshonamdan otdimi”, deyapti. Mening sinfimdagi qizlar tunda sovqotib uxlayapti. Direktor mendan o‘ch olmoqchi bo‘lsa, bolalarning gunohi nima?, deydi Zulfiya Mavlonova.

Ozodlikka yuborilgan videoda 9-sinf o‘quvchi qizlarning tuni bilan sovqotib chiqayotgani haqida gapiradi:

1-o‘quvchi: - Men kechasi faqat prostina yopib yotdim. Kechasi juda sovuq bo‘ldi(o‘quvchi yotar joyini ko‘rsatadi)

2-o‘quvchi: - Men ham bitta prostinada yotdim. Ustimga pododeyalnik yopib yotdim.

3-o‘quvchi: - Men uydan ko‘rpa olib keldim. Lekin shunda ham sovqotdim, chunki otopleniya yo‘q.

O‘quvchilar: - Biz Zulfiya Mavlonovaning sinfi bo‘lganimiz uchun ko‘rpa bermayapti. Biz ko‘rpa beringlar desak, qishda beriladi, deydi.

Ozodlik o‘quvchi qizlarning maktab rahbariyati tomonidan bosimga uchramasligi uchun videoni saytga qo‘ymadi.

(Bu video Xalq ta’limi vazirligi yoki prokuratura vakillari talab qilgan taqdirda, ularga yuboriladi – tahririyat)

Zulfiya Mavlonovaning aytishicha, sil kasaliga moyil bolalar uchun ixtisoslashtirilgan muassasada sog‘lom 49 nafar bola o‘qigani haqidagi uning shikoyati tasdiqlanganidan keyin maktab-internat direktori Nurilla Ro‘zimov bu bolalar ota-onalarini unga qarshi qayrashga harakat qilmoqda:

- Direktor o‘ziga yaqin o‘qituvchi va vrachlar bilan maktabda o‘qiyotgan sog‘lom bolalar ota-onalari ishtirokida majlis o‘tkazib, ularning farzandlarini maktabdan ketishiga meni sababchi qilib ko‘rsatishga harakat qilyapti, deydi Zulfiya Mavlonova.

Ma’lumot bergani uchun jazolanishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan birining aytishicha, maktabda nosog‘lom vaziyat yuzaga kelgan:

“Zulfiya Mavlonovaga bosim bo‘layotgani rost. Direktorning noqonuniy ishlari tekshiruvchilar tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa-da, lekin unga qarshi hech qanday chora ko‘rilmadi. O‘zi bolnichniy olib, maktabga kelmay yuribdi. Bolalarning to‘yib ovqat yemagani ham rost, ularning ko‘rpalari harbiylarga berib yuborilgani ham rost, direktorning hech kimni mensimay o‘z atrofidagi o‘ndan ortiq o‘qituvchi va tarbiyachi bilan hammani bir-biriga qarshi qo‘yayotgani ham rost. Aytishlaricha, uning yaqin qarindoshlaridan biri Toshkentda katta ishda ishlarmish. Balki, shuning uchun qancha faktlar tasdiqlansa-da, unga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmayapti”, deydi o‘qituvchilardan biri.

Bu o‘qituvchi bilan bo‘lgan suhbat Ozodlik arxivida saqlanmoqda.

Ozodlikning maktab-internat direktori Nurilla Ro‘zimovni topish harakatlari natijasiz bo‘ldi.

Direktor qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

To‘rtko‘l tumanidagi 5-sanatoriya maktab-internatga Qoraqalpog‘iston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qo‘yilgan kurator Ikrom Tleymurotov Ozodlik bilan bu mavzuda suhbatlashish uchun boshlig‘idan ruxsat olishi kerakligini aytdi.

To‘rtko‘l tumanidagi 5 sanatoriya maktab-internatida qariyb 240 nafar o‘quvchi bor.

Sil kasalga moyil bo‘lgan bolalarni jismonan baquvvat qilishga ixtisoslashgan internatda “menyuga ikki ovqat yozilib faqat bittasi” berilayotgani haqida Ozodlikka 19 oktabr kuni xabar qilgan edi.

Maktab-internati o‘quvchilarining ko‘rpa-to‘shaklari paxta terayotgan harbiy xizmatchilarga berib yuborilgani haqida ota-onalar Ozodlikka 25 oktabrda shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG