Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:36

Buvayda tumanida paxta xirmoni yongan, rasmiylar buni rad etmoqda


Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi "Nayman yangi turmush" fermer xo‘jaligi dala shiyponida 10 sentabr kuni kechasi yong‘in ro‘y bergani va yong‘in oqibatida paxta xom ashyosi yonib ketganini Ozodlik bir qancha manbalar orqali o‘rgandi.

Buvayda tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limining Ozodlik bog‘langan navbatchisi ham ayni xo‘jalikda yong‘in bo‘lganini tasdiqladi. Yongan paxtaning aniq miqdori ma’lum emas. Ozodlik suhbatlashgan voqea guvohlari yong‘in ro‘y bergan shiyponda 14 tonna paxta xom ashyosi bo‘lgani va hammasi yonib kul bo‘lganini aytishdi.

2 noyabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Buvayda tumanidagi bo‘limi bergan ma’lumotga asoslanib, yong‘in bo‘lganini rad qilib chiqqan edi.

Yong‘inni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan buvaydaliklarning aytishicha, 10 sentabr kuni "Nayman yangi turmush" fermer xo‘jaligi shiyponidagi hirmonda juda katta va ayanchli ko‘rinishda yong‘in sodir bo‘lgan, alanga bir necha kilometr uzoqlikda ko‘ringan.

- U yerda juda katta yong‘in bo‘ldi, meni o‘zim shu shiypondan ikki kilometr narida yashayman, yong‘in alangasi ko‘rinib turdi, - dedi ismi sir qolishini so‘ragan yong‘in guvohi.

Buvayda tumandagi "Nayman yangi turmush" fermer xo‘jaligi ishchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, xirmondagi yong‘inga paxta qizib ketgani sabab bo‘lgan bo‘lishini aytdi.

- Paxta xirmonda turib qizib ketgan. Sentabr oyida havo harorati 35-40dan tushmadi. Paxta qizib ketgan. Bir kun oldin tuman hokimi aylanib yurganida 4-sektorni boshlig‘iga paxtangiz qizib ketibdi, topshiring degan. Sektor boshlig‘i xo‘p degan-da to‘yga ketgan. Paxta esa xirmonda qolib ketib kechasi o‘t chiqib ketgan, hirmondagi hamma paxta yongan - deydi fermer xo‘jaligining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan ishchisi.

Ozodlik Buvayda tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limiga bog‘lanib yong‘in tafsilotini o‘rganishga uringanida bo‘lim navbatchisi: “Nayman qishlog‘idagi xirmondagi paxta yong‘inimi? O‘sha Nayman qishlog‘ida paxta xirmonida paxta yongan, o‘t o‘chiruvchi mashinalarimiz o‘sha kuni chiqqan, sababi aniqlanmoqda”, - deb javob berdi.

Qancha miqdorda paxta yongan?, - degan savolga YoHXB navbatchisi "Buni boshlig‘imizdan so‘rang", - deya javob qildi.

Lekin, Buvayda tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i "Xirmonda hech qanaqa yong‘in bo‘lmagan, bu yolg‘on ma’lumot", - deyish bilan cheklandi.

Bundan oldin O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ham Buvayda tumanidagi bo‘limi bergan ma’lumotga asoslanib, "Nayman yangi turmush" fermer xo‘jaligi shiyponida yong‘in bo‘lganini rad qilib chiqqan edi.

Buvayda tumani hokimiyatiga yaqin mulozimning ismi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, tuman rahbarlari yong‘in haqidagi ma’lumotni yashirishmoqda.

- Tumandagi to‘rtlik, hokimiyat, IIB, prokuratura va soliq idoralari til biriktirib bu ma’lumotni yashirmoqda. Chunki bu erda 14 tonna paxta yongan. Tepaga bu ma’lumot yetib borsa hammasi lavozimidan ketadi, - dedi buvaydalik mulozim.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikka taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, "Nayman yangi turmush" fermer xo‘jaligida bu yil 29 gektar maydonga paxta ekilgan.

Shartnomaviy reja buyicha 78.5 tonna paxta xom ashyosi yetirishtirishi lozim bo‘lgan fermer xo‘jaligi 88.1 tonna paxta yetishtirib sotgan. va rejani 112 foizga bajargan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan buvaydalik mulozim O‘zbekiston bosh prokuraturasining xodimlari o‘zlari tumanga kelib yong‘in yuzasidan tergov o‘tkazishlarini so‘radi.

- Toshkentdagilar kelib tekshirsin, davlat mulki yonib ketdi, bu yerdagilar yashiryapti buni, - dedi mulozim.

O‘zbekiston paxta xirmonlarida yong‘inlar haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.

O‘tgan yili Sirdaryo tumanidagi Baxt paxta tozalash korxonasiga qarashli Malik paxta qabul qilish punktida yong‘in chiqqan va bir qancha tonna paxta yonib ketgan edi.

XS
SM
MD
LG