Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:44

OzodTa'sir: Paxtakor ayollar g‘o‘zapoyasiz qolmaydigan bo‘ldi


Faqat g‘o‘zapoya uchun ishlagan angorlik ayollar
Faqat g‘o‘zapoya uchun ishlagan angorlik ayollar

Surxondaryo viloyati Angor tumanidan borib, Muzrabot tumanidagi fermer yerida yil davomida faqat ish haqi o‘rniga faqat g‘o‘zapoya uchun ishlagan ayollar o‘tinsiz qolmaydigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining bu haqda Ozodlikda chop etilan maqolaga javobida aytilishicha, fermer yerida ishlagan ayollar g‘o‘zapoya oladi.

Ish haqi o‘rniga va’da qilingan g‘o‘zapoyadan ham mahrum bo‘layotgani haqida bir guruh ayol 20 oktabr kuni Muzrabot tumani hokimligiga arz qilgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matubot xizmatining Ozodlikka bildirishicha, Surxondaryo viloyati prokuraturasi mazkur voqeani o‘rganib chiqqan:

"Aniqlanishicha, fuqaro F.Mavlonova va boshqalar tumandagi “Xudoyberdiev Haydar polvon” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi O.Xudoyberdiev bilan og‘zaki kelishuv asosida, paxta terimi tugagunga qadar yolanma ishchi sifatida har bir kishiga 1 gektardan jami 6 kishiga ishlagan paxta maydonining g‘o‘zapoyasini olish sharti bilan ishlab kelayotganligini ma’lum bo‘ldi.

2018 yil 19 oktabr kuni 2019 yil hosili uchun boshoqli don ekish otryadi tomonidan “Xudoyberdiev Xaydar Polvon” fermer xo‘jaligining 40 gektar paxta maydonining 20 gektariga paxta va g‘alla almashilib ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 3 ta traktor g‘alla ekish uchun paxta dala maydoniga kirmoqchi bo‘lganda, yuqoridagi ishchi ayollar “biz ishlagan dala maydoniga ham g‘alla ekilsa g‘o‘zani traktor bilan chopib bo‘lmaydi” deb tuman hokimligiga murojaat qilishgan va tuman hokimligi tomonidan mazkur holatga oydinlik kiritilib, ular ishlaydigan 6 gektar maydonga emas, balki fermer xo‘jaligining boshqa paxta maydoniga g‘alla ekish rejalashtirilganligi aniqlandi.

O‘rganish davomida, murojaat muallifi F.Mavlonova va boshqalar fermer xo‘jaligi rahbari va tuman hokimligi mansabdor shaxslariga hech qanday da’vo va e’tirozi yo‘qligini bildirgan", deyiladi Bosh prokuratura maktubida.

20 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan angorlik ayollardan biri ular yil bo‘yi qilgan mehnatlari evaziga beriladigan g‘o‘zapoyadan ham mahrum bo‘lib qolayotganini aytgan edi:

- Biz aprel oyidan boshlab paxta yerini arenda olib ishladik. Masalan, men 12 egat olib ishlaganman. Ishlagan haqimizga pul olmaymizda, o‘tinini olamiz, deb fermer bilan kelishganmiz. Shu kungacha g‘o‘zasini chopiq qildik, yagana qildik, paxtasini terdik. Endi esa, hokim bu yerga bug‘doy ekasan, deyapti. Bug‘doy eksa g‘o‘zapoyani korchovka qilib bo‘lmaydi, yarim belidan o‘rib olish esa ham mehnat, ham barakasi yo‘q. Fermer esa, menga hokim shunday buyruq bergan, mening qo‘limdan hech narsa kelmaydi, xafa bo‘lmanglar dedi,deydi paxtakor ayol.

Fermer xo‘jaligi rahbari Shopo‘lat Xudoyberdiev Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham mavsumiy yollanma ishchilar faqat g‘o‘zapoya uchun ishlaganini va yo‘lini topib ularni g‘o‘zapoyasiz qoldirmaslikka va’da bergan edi.

Kam ta’minlangan oilalarga arzon un berildi, oqsoqol jarimaga tortildi

Surxondaryo viloyati Angor tumanida kam ta’minlangan oilalar uchun ajratilgan arzon un faqat terimda ishtirok etgan shaxslarga berilayotgani, mahalla oqsoqoli "paxta termagansan" deb, kambag‘al va kasal oilalarni ro‘yxatdan o‘chirib tashlagani haqida Ozodlik 30 oktabr kuni xabar bergan edi.

Oxunboboev mahalla fuqarolar yig‘ini kotibi Erkin Gapparovni Ozodlikka aytishicha, maqola e’lon qilingandan keyin, mahallaga arzon un keltirilib, kam ta’minlangan oilalarga tarqatilgan:

"Maqoladan keyin kecha mahallaga un mahsuloti kelib ijtimoiy himoyaga muhtoj va boshka oilalarga tarqatildi. Mahalla raisi paxtaga majburiy chiqarganligi bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortildi va jarima to‘ladi", deydi Erkin Gapparov.

Angor tumanining Oxunboboev mahallasida yashaydigan pensioner Bobomurod Rajabov 30 oktabr kuni paxtaga chiqmagani uchun uning oilasiga un berilmaganini Ozodlikka aytgan edi:

- Mahallaga arzon un kelibdi, deb eshitib borsak, “siz ro‘yxatda yo‘qsiz, siz paxta termagansiz”, deb bermadi. O‘zim ham, oilam ham nafaqada bo‘lsa, qanday paxta teraylik. Un faqat paxtakorlarga ekan, bizlarga yo‘q ekan, degan edi Bobomurod Rajabov.

XS
SM
MD
LG