Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:50

Prokuratura 8-sinf o‘quvchisi o‘zini osgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘adi


Tajikistan - illustration photo - loop
Tajikistan - illustration photo - loop

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani prokuraturasi Beshkent shahri “Do‘stlik” mahallasida 15 yoshli maktab o‘quvchisi o‘zini osgani yuzasidan jinoyat ishi ochdi. Beshkent shahridagi 63-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi Mirafzal Abdurashidov 2 noyabr kuni o‘z uyida osilgan holda topilgani haqda Ozodlik 6 noyabr kuni xabar bergan edi.

Mirafzalning otasi Jahongir Abdurashidov Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lining maktabda izza qilingani ortidan o‘zini o‘ldirganini iddao qilgandi.

Abdurashidovga ko‘ra, o‘zini osishidan oldin o‘g‘li maktab direktori muovini va sinf rahbari bir oy oldin boshqa o‘quvchilar oldida izza qilgani, o‘quvchilarga yuziga tupurtirganini aytib bergan va bu voqea ortidan qattiq ruhiy tushkunlikda yashagan.

63-sonli maktab direktori Dilorom Tursunova Ozodlik bilan suhbatda 8-sinf o‘quvchisining izza qilingani haqidagi uning otasi iddaolarini rad qilgandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining bildirishicha, maktab o‘quvchisi o‘zini osgani yuzasidan 2018 yil 6 noyabr kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “b” bandi, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazganlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Jinoyat ishi tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi tumani xalq ta’limi bo‘limiga, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy komissiyasiga, tuman ichki ishlar bo‘limiga, “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va Yoshlar ittifoqi tuman kengashiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan”, -- deyiladi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati bildiruvida.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha Mirafzal Abdurashidov o‘limi ortidan u o‘qigan 63-sonli maktab direktori muovini va sinf rahbari ishdan bo‘shatilgan.

Dilorom Tursunova ular o‘z arizasi bilan ishdan ketganini tasdiqladi.

Qashqadaryodagi mas’ul idoralar vakillari oldiniga o‘quvchi o‘z joniga qasd qilganini rad etishga uringandi.

Qarshi tumani hokimining Yoshlar siyosati bo‘yicha muovini maktab o‘quvchisining o‘limidan xabari borligi, lekin u o‘zini osmaganini aytgan.

Qarshi tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbari esa Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ygan edi.

2017 yil 13 iyun kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritilib, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish va unga undash uchun jazo kuchaytirildi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish yoki unga po‘pisa, shafqatsiz munosabat yoki shaxsning sha’ni yoxud qadr-qimmatini tizimli ravishda kamsitish orqali tahdid qilish 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, mazkur harakatlarni voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet tarmog‘idan foydalanib sodir etilsa – yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG