Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:27

"Piyoz ishi": “O‘rikzor”dagi qator do‘konlarni soliqchilar bosdi


 O‘rikzor bozori.
O‘rikzor bozori.

Toshkentdagi eng yirik ulgurji bozorlaridan biri - “O‘rikzor”da soliq xodimlari tekshiruv boshladi. Tadbirkorlarga ko‘ra, bir necha do‘kon muhrlanib, ayrim savdogarlarning tovarlari musodara qilingan. Bozor ma’muriyati tekshiruvlar piyoz mojarosi bois hibsga olingan bozorqo‘mlar ishi doirasida bo‘layotganini bildirdi.

17 yildan buyon “O‘rikzor” bozorida savdogarlik qiladigan, o‘zi va biznesi xavfsizligini o‘ylab ismi aytilmasligini so‘ragan tadbirkor yigit bozorni soliqchilar bosganini Ozodlikka aytarkan, bunday dedi:

“5 kundan beri “O‘rikzor”da soliqchi akalar tekshirayapti. Hujjatlar joyida bo‘lsa ham do‘konlarni pechatlab, mollarimizni olib chiqib ketmoqda. 5 kundan beri hamma do‘konini ochishga qo‘rqib o‘tiribdi. Chunki kim do‘konini ochsa, baribir ayb topishmoqda. Ular ketishini kechgacha kutib, ketganlaridan keyingina do‘konlarni ochayapmiz. Chunki biz do‘kon uchun kuniga 100 ming so‘mdan arenda puli to‘laymiz. Hech bo‘lmasa, arenda pulini topishimiz kerakku. Tadbirkorni talashdan boshqa ishi yo‘qmi, bularni? Soliq puli to‘lasak, bozorga arenda puli to‘lasak, 2 kishini ish bilan ta’minlasak, yana nimani tekshiradi bu soliqchilar?”

"O‘rikzor" bozoridagi muhrlangan do‘konlar. Surat 12 noyabr kuni olindi.
"O‘rikzor" bozoridagi muhrlangan do‘konlar. Surat 12 noyabr kuni olindi.

O‘zini tanishtirmagan boshqa bir tadbirkorning aytishicha, bozorning oziq-ovqat bo‘limida ham anchagina mahsulot musodara qilingan:

“O‘rikzor”ning oziq-ovqatlar bo‘limida davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, bir necha yuk mashinasida mahsulotlar tadbirkorlardan tortib olingan”.

Yana bir tadbirkorga ko‘ra, bozor omborxonalari ham tekshirilgan:

“Hammani qaqshatayapti. Ayniqsa, konteynerda ishlaydiganlarni yomon qilishayapti. Yaqindagina Davron ismli yigitning pamperslarini olib ketishdi”.

“O‘rikzor” bozori ma’muriyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bozorda tekshiruv o‘tkazayotgan soliqchilar Respublika soliq qo‘mitasi xodimlari bo‘lib, ular qariyb bir oydan beri bozorning moliyaviy ahvolini taftish qilmoqda.

“Bu tekshiruvlar boshlanganiga bir oycha bo‘ldi. Oldingi rahbarimiz piyoz mojarasi bilan bog‘liq ish bo‘yicha ushlangandi. Soliqchilar shu ish bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida tekshirayapti. Tekshiruv qonuniy ravishda o‘tkazilayapti. Bozor o‘z ishni davom ettirayapti. Tadbirkor faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘lmadi”, dedi “O‘rikzor” bozori mulozimlaridan biri.

Ozodlik “O‘rikzor” bozorida tekshiruv o‘tkazayotgan soliqchilar guruhi bilan bog‘lanishga harakat qildi, biroq imkoni bo‘lmadi.

Piyoz mojarosi

Bozor mulozimi tilga olgan piyoz mojarosini Ozodlik avval bir necha bor yoritgan.

Ozodlik Toshkentda 11 bozorqo‘m ikki oydan beri hibsda saqlanayotgani haqida 23 avgustda xabar qilgan edi.

Bosh prokuratura mulozimiga ko‘ra, bozorlar rahbarlari, jumladan, “O‘rikzor” bozori rahbari davlat zahirasidagi piyozning chirib ketgani uchun ochilgan jinoyat ish doirasida qo‘lga olingan.

Dastlab piyoz mojarosi sabab ochilgan jinoyat ishi keyinchalik qo‘lga olingan bozorlar rahbarlarining faoliyatini taftishi bilan davom ettirilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati sentabr oyi boshida poytaxtdagi hibsga olingan bozor rahbarlari piyoz mojarosidan tashqari yana bir qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotganini ma’lum qildi.

Ushbu jinoyat ishi doirasida sentabr oyida Toshkentdagi sobiq “Ippodrom”¸ hozirgi “Chilonzor buyum savdo kompleksi”da ham tekshiruv o‘tkazilib, bozor faoliyati taftish qilingan edi.

Shu kunlarda “O‘rikzor”dan tashqari Toshkentning Izza mavzesidagi metall bilan savdo qiluvchilar bozorini ham soliqchilar bosgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG