Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:42

MIB mulkini musodara qilgan 33 yashar fermer o‘zini osib o‘ldirdi


Jizzax viloyati Do‘stlik tumani Navro‘z shaharchasida yashagan fermer 33 yashar Sanjar Baratov 7 noyabr kuni o‘z omborxonasida osilgan holda topilganidan so‘ng, bu voqea yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib bormoqda.

Ozodlik suhbatlashgan fermerning otasi, 58 yashar Rabim Baratovga ko‘ra, o‘g‘li bank kreditini yopolmagani uchun MIB xodimlari mol-mulkni musodara qilish maqsadida uyga bostirib kirgan va uy egalariga g‘ayriinsoniy muomala qilgan.

Kechqurun ishdan kelgan Sanjar Baratov bu voqealarni eshitganidan so‘ng, o‘z joniga qasd qilgan.

Do‘stlik tumani MIB boshlig‘i o‘rinbosari Ozodlik muxbiriga fermer Baratovning mol-mulkini musodara qilish jarayoni qonuniy bo‘lganini iddao qildi.

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani Navro‘z shaharchasida(xalq tilida 27-sovxoz deyiladi – tahririyat) yashagan 33 yashar fermer Sanjar Baratov 6 noyabr kuni kechqurun uyining yonidagi omborxonasida o‘zini osib o‘ldirgan.

Do‘stlik tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi 17 noyabr kuni Ozodlikka Sanjar Baratovning jasadi oradan bir kun o‘tib, 7 noyabr kuni topilganini bildirdi.

“Oltinchida osgan, 7 noyabr kuni topilayapti. Uydagilari biror jo‘rasinikiga ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashgan. Tuman prokuraturasi bu ish bilan shug‘ullanayapti”, dedi mulozim.

“MIB xodimlari o‘g‘limning onasini masxara qilgan”

Marhum fermerning otasi 58 yashar Rabim Baratov, bu voqeadan oldin tuman MIB xodimlari o‘g‘li o‘zi bilan birga yashab kelgan hovliga mol-mulkni musodara qilish uchun bostirib kirganini aytadi:

- O‘sha kuni uyda faqat xotinim qolgan edi. Men ham uyda yo‘q edim. Sanjar o‘g‘lim dalada bo‘lgan. Kelinimiz paxta tergani ketgan. MIB xodimlari birdaniga bostirib kirib, uydagi narsalarni olib ketamiz¸ degan. Sanjarning onasi esa, “uyda erkak kishi yo‘q, mening esa mazam yo‘q, kasalman, erkaklar kelishsin, keyin gaplashasizlar” desa, ular do‘q-po‘pisa qilishgan. Bu ham yetmaganday xotinimni “seni mazang yo‘qmi, hozir skoriy chaqirib, seni reanimatsiyaga yotqizib qo‘yamiz”, deb, masxara qilibdi. Keyin o‘zlari uyga bostirib kirib, bitta gilamni olib chiqib ketishgan, deydi Rabim Baratov.

Otaning aytishicha, MIB xodimlari fermerning uyidagi boshqa anjomlar va traktorini xatlab, keyingi safar olib ketishlarini ta’kidlab ketishgan:

- Bilmadim. Qanday bo‘ldi, o‘zim ham g‘aflatda qoldim. Bu uyni sotib olganimizda egasi uyning yonidan kichkina bir do‘kon qurdirib ishlatgan ekan. Biz uni ishlatmadik. U bu narsa saqlanadigan omborxona qilib qo‘ydik. O‘g‘lim o‘sha joyga kirib..., deydi Rabim Baratov.

“Uydagi mulkda hammaning haqi bor!”

Otaning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lining o‘z joniga qasd qilishiga bank kreditini majburan undirgani kelgan MIB xodimlari tajovuzi sabab bo‘lgan:

- Qonuniy olganda¸ qancha qarzi bo‘lsa ham¸ uydagi narsaga tarmashmasligi kerak edi. Uydagi narsalar faqat Sanjarning bir o‘ziniki emas, meniki, xotinimniki, qolgan bolalarimniki, nevaralarimniki, hammasiniki. Agar qonuniy bo‘lsa edi, bank shartnoma bo‘yicha 14 oy kutishi kerak edi, keyin faqat qonuniy chora ko‘rishi kerak edi. Meni kecha prokuror chaqiribdi, bormayman dedim. Axir, borib nima qilaman? MIB prokurorning qo‘lidaku! O‘shalarning buyrug‘i bilan qilinayaptiku hammasi, deydi Rabim Baratov.

“Xodimlarimiz qonuniy harakat qilgan”

Do‘stlik tumani Majburiy ijro byurosi boshlig‘ining ijro bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Nazarov Ozodlik bilan suhbatda o‘z xodimlari qonundan tashqari harakat qilmaganini iddao qildi:

- Fermerning bankdan olgan kreditini qaytarish uchun sudning qarori ham, ajrimi ham bor. Hozir bu hujjatlar prokuraturada. Sanjar Baratovning uyidan mulk o‘tgan yildan qolgan ijro varaqasi uchun olib chiqilgan. Xodimlarimiz xolislar ishtirokida uning uyiga kirgan, lekin masxara qilish va boshqa tahqirlovchi holatlar bo‘lmagan. Uyda faqat onasi bo‘lgan, fermer xo‘jaligining rahbari bo‘lmagan. Hozir tuman prokuraturasi bizda xizmat tekshiruvi o‘tkazayapti, deydi Akmal Nazarov.

MIB boshlig‘i o‘rinbosarining aytishicha, fermerning bankdan o‘tgan yil hisobidan 57 million so‘m, bu yil hisobidan 83 million so‘m yopilmagan krediti bo‘lgan.

Fermer nega bankdan olgan kreditini yopa olmadi?

Marhum fermer otasi Rabim Baratovning aytishicha, bu yil paxtaning ko‘p hosilini ko‘sak qurti nobud qilganidan keyin, paxta yaxshi bo‘lmagan:

- Qishloq xo‘jaligi bu og‘ir masala, biz ham ishlaganmiz. Besh marta paxtani buzib, besh marta ekkan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Lekin o‘sha vaqtlar plan bo‘lmasa, vaziyat tushunilar edi. O‘tgan yili o‘g‘limning paxtasiga o‘rgimchakkana tushgan edi. Bu yil esa ko‘sak qurti degan balo paydo bo‘ldi. U la’natiga qarshi ishlatmagan dorimiz, ximikatimiz qolmadi. Foydasi bo‘lmadi, baribir hosilni yeb tashladi. Bitta mening o‘g‘lim emas, aksariyat fermerlarning paxtasini ko‘sak qurti yeb tashladi. Bu tabiiy ofat, bu havodan kelib tushayapti. Bu yil hosil yaxshi bo‘lib, birinchi terimdayoq planni bajaraman¸ deb turgan edi, o‘g‘lim. Havas qilib turgan edik. Planlar 100 bo‘ladi¸ deb turgan edik. Birdan bu ofat keldiyu, hammasini barbod qildi, deydi Rabim Baratov.

Ozodlik fermer Sanjar Rabimovning o‘z joniga qasd qilgani yuzasidan surishtiruv o‘tkazayotgan Do‘stlik tumani prokuraturasidan bu voqeaga munosabat ola olmadi. Tuman prokuraturasining Ozodlik bog‘langan rasmiysi bu haqda ma’lumot bera olmasligini bildirdi.

Bu yil O‘zbekistonda paxta hosili yaxshi bo‘lmagani uchun ba’zi fermerlar bankdan olgan kreditini qoplash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

O‘zbekiston Markaziy bankining jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi uchun o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan xodimining Ozodlikka aytishicha, garchi bankdan olingan kreditni yopish uchun yana olti oy muhlat borligiga qaramasdan, respublika bo‘ylab barcha banklarga fermerlardan kreditni muddatidan oldin undirish haqida prezident Shavkat Mirziyoevning o‘zi selektor yig‘ilishida topshiriq bergan.

Ozodlik Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani Majburiy ijro byurosi paxta terish kampaniyasi davom etayotgan bir paytda, bankdan kredit olgan ayrim fermerlarning mol-mulkini xatlash va musodara qilishga kirishgani haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG