Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:32

Kaliningradda bosh vrach o‘zbekistonlik ayol chaqalog‘ini o‘ldirishni buyurganlikda ayblanmoqda (VIDEO)


Sobiq bosh vrach Yelena Belaya sud zalida.
Sobiq bosh vrach Yelena Belaya sud zalida.

Kaliningradda tug‘ruqxona bosh vrachi o‘zbekistonlik ayolning yangi tug‘ilgan bolasini o‘ldirishni buyurganlikda gumon qilinib hibsga olindi.

Tergov boshqarmasi rasmiylariga ko‘ra, 300 dollar turadigan preparatni boladan qizg‘angan bosh vrach qo‘l ostidagilarga, bolalar o‘limi bilan bog‘liq statistikani yaxshilash uchun, hujjatlarni ham qalbakilashtirishni buyurgan.

Biroq, jinoyatda ayblanayotgan vrachni Rossiya Milliy tibbiyot palatasi himoya qilmoqda.

"Bola tirik qolmasligi kerak!"

Rossiyaning eng g‘arbiy mintaqasi - Kaliningrad shahridagi 4-tug‘ruqxonada o‘zbekistonlik ayolning oy-kuni yetmay tug‘ilgan chaqalog‘i vrachlar qimmatbaho preparatni qizg‘angani uchun nobud bo‘ldi.

Viloyat tergov boshqarmasi xulosasiga ko‘ra, tug‘ruqxona bosh vrachi Yelena Belaya vrachlarga 20 ming rubl turadigan “Kurosurf” dorisini bermagan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Kaliningrad viloyat boshqarmasi rasmiysi Natalya Gatskoning Ozodlikka aytishicha, “bosh vrach bola nobud bo‘lishi uchun "barcha imkoniyatlarni ishga solgan”:

- Biz uni, birinchidan, tibbiy xodimlarga bola tirik qolmasligi uchun bor imkoniyatlarni ishga solishni buyurganlikda ayblayapmiz. Ikkinchidan, u tug‘ish daftaridagi qaydni qayta yozib chiqishni buyurgan. Tibbiyot hujjatiga “bola onaning qornida o‘ldi” degan yozuv kiritilgan. Jinoyat ishini qo‘zg‘atishda biz “preparat bolaga berildimi-yo‘qmi” degan masalani ko‘rib chiqqanimiz ham yo‘q! Bola 700 gramm tug‘ilgan, uni o‘pkani sun’iy ventilyatsiyalash apparatiga ulab qo‘yishgan, “Kurosurf” preparatini ham ishlatishgan nihoyat, ammo bolani saqlab qolishning iloji qolmagan. Chunki, bizning fikrimizcha, bosh vrach bola tirik qolmasligiga chora qo‘llashni buyurgan, - dedi Natalya Gatsko.

Tergov materiallariga ko‘ra, shu yilning 5 noyabrida mahalliy tug‘ruqxonaga O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan homilador ayol og‘ir ahvolda olib kelinadi. 6 noyabr kuni muddatdan oldin tug‘ilgan o‘g‘il bolada nafas olish muammolari borligi aniqlanadi: etilmagan bola sun’iy ventilyatsiya apparatiga ulanadi.

Biroq, "tug‘ruqxona bosh vrachi Yelena Belaya qimmatbaho dorini ishlatmaslikni va go‘dak tirik qolmasligi uchun chora qo‘llashni o‘z xodimlariga buyuradi". Mutaxassislar agarda “Kurosurf” surfaktanti o‘z vaqtida berilganda chaqaloq tirik qolishi mumkin bo‘lganini taxmin qilishmoqda.

Yelena Belaya tergovchilar savollariga o‘z hatti-harakatlarini bir flakon “Kurosurf” 300-400 dollar atrofida turuvchi preparat ekani bilan izohlagani ma’lum bo‘ldi.

Shifoxona xodimlarining Ozodlikka bildirishicha, bola ahvoli yomonlashayotganini ko‘rgan tibbiyot xodimlaridan biri, bosh vrach taqig‘iga qaramasdan, preparatni bola tomiriga yuboradi. Ammo dori kutilgan natijani bermaydi.

Keyinroq, “tibbiyot muassasasi statistika ko‘rsatkichlarini buzmaslik uchun” Belaya o‘z xodimlaridan biriga bola tug‘ilganini qayd etuvchi hujjatni o‘zgartirish va “bola onaning qornida o‘ldi”, deb yozishni buyuradi.

Bu masala yuzasidan o‘z tergovini olib borgan Rossiyaning “MK” nashri 4-tug‘ruqxonada bunday holatlar oldin ham kuzatilgani va bir qancha mijoz tibbiy muassasa rahbariyatini sudga berganini aniqladi.

"Preparatlar tug‘ruqxonalarda yetarli!"

Ommaviy axborot vositalarida ko‘tarilgan shov-shuv va bola o‘limi bilan bog‘liq vaziyat ustidan boshlangan tergov ishlari ortidan Kaliningrad viloyat Sog‘liqni saqlash vazirligi “Kurosurf” preparati bilan bog‘liq taqchillik kuzatilmaganini ma’lum qildi.

- “Kurosurf” preparati 4- tug‘ruqxonada yetarlicha. Vrachlar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga mo‘ljallangan qimmatbaho preparatlarni tejayotgani borasidagi ma’lumot haqiqatdan yiroq, - dedi bunday holatlar oldin kuzatilmaganini bildirgan Kaliningrad viloyat hukumati matbuot xizmati rahbari Dmitriy Liskov.

Kaliningrad hukumati bayonotini qo‘llab-quvvatlagan Rossiya Milliy tibbiyot palatasi prezidenti Leonid Roshalь tug‘ruqxona boshlig‘ining hibsga olinishini “oshig‘ich chora” ekaniga ishora qildi. U muhojir farzandining preparat berilmaganidan nobud bo‘lgani to‘g‘risidagi iddaolarni “asossiz, yolg‘on va xalqni tibbiyot xodimlariga qarshi qo‘yuvchi”, deb atadi.

Ayni damda, tergovchilar talabi bilan hibsga olingan Yelena Belayaga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 286- moddasi (Mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqish) asosida jinoyat ishi ochilgani aytildi.

"Shifokorlar bola hayoti uchun oxirigacha kurashishlari kerak edi!"

Tergov boshqarmasi rasmiylari farzandidan ayrilgan o‘zbekistonlik ayolning shaxsini ochiqlamadi. Biroq Ozodlik ayolning O‘zbekistondan Rossiyaga bundan bir yil oldin kelgani, tibbiyot muassasasida qaydda turmagan va sug‘urta polisi bo‘lmaganini aniqladi.

Uning Rossiyada qaydga turmasdan, noqonuniy tarzda yashab kelayotgani to‘g‘risida mahalliy axborot vositalarida tarqatilayotgan ma’lumotlar yolg‘on ekani ham aniqlandi.

Tergov-surishtiruv ishlarini davom ettirayotgan Kaliningrad viloyat Tergov qo‘mitasi boshqarmasi vakili Natalya Gatsko tug‘ruqxona xodimlari bolaning hayoti uchun oxirigacha kurashishlari lozim edi, deydi:

- Jabrlanuvchi ayol qonunan Rossiya Federatsiyasi hududida yashab kelgan. Axir, buning ahamiyati ham yo‘q! Odamda tibbiy sug‘urta polisi bor-yo‘qligidan qat’inazar tibbiyot personali tibbiy yordam berishga majburdir. Tibbiyot jamiyati bosh vrachni qamoqqa olish to‘g‘risidagi sud qarorini adolatsiz deb atayotganini biz ham eshitayapmiz. Muassasa boshlig‘ini hibsga olishga qarshi bizning prokuratura ham qarshi chiqdi. Lekin, biz bu xulosaga jinoyat ishi materiallari asosida keldik va sud bizni qo‘llab-quvvatladi, dedi Natalya Gatsko.

XS
SM
MD
LG