Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:49

O‘zbekiston armiyasining 10 ming aksari Oq oltin tumanida paxta termoqda


O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga chaqiriluvchilar. (Ozodlik arxividan)
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga chaqiriluvchilar. (Ozodlik arxividan)

Sirdaryo viloyat hokimligi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 10 ming askarlik qo‘shini viloyatning Oq oltin tumani dalalarida paxta termoqda.

Buxorodagi harbiy qismning bir yillik xizmatdagi oddiy askari Ozodlik bilan suhbatda ular 20 sentabrdan buyon Oq oltin tumanida paxta terayotgani, hozir havo sovib, dalada paxta qolmagan bo‘lsa-da, ularga 5 dekabrgacha dalada qolish buyurilganini aytdi.

Oq oltin tumani dalalarida harbiylar paxta terayotganiga oid askardan kelgan xabarni Sirdaryo viloyat hokimligining o‘zini tanishtirishni istamagan mulozimi tasdiqladi. Mulozimning Ozodlikka aytishicha, shu kunda 10 mingga yaqin askar paxta teryapti.

Terimchilar orasida 1 yillik harbiy xizmatdagi askarlardan tortib, 5 yillik shartnoma asosida ishlaydigan harbiy xizmatchilar va 1 oylik harbiy xizmatga chaqirilganlar ham bor.

Buxorodagi harbiy qismlardan birida xizmat qiluvchi oddiy askar Ozodlikka 20 sentabrdan buyon Sirdaryoning Oq oltin tumanida paxta terayotganini aytdi.

- 5 dekabrgacha qolasizlar deyishyapti. Hozir havo sovuq, dalada paxta qolmagan. Kun bo‘yi 2 -3 kilo sifatsiz paxta teramiz, bekor vaqtimizni o‘tkazyapmiz. Undan ko‘ra harbiy mashg‘ulotlarni o‘tasak foydaliroq bo‘lardi, - dedi ismi oshkor etilishini istamagan oddiy askar.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa askarning aytishicha, ular go‘yo “ko‘ngillilar” sifatida paxta dalasiga yuborilgan, lekin paxtaga borishni xohlash-xohlamasligi xaqida so‘rab o‘tirilmagan.

– Men harbiy xizmatga chaqirilganimda paxta teraman deb o‘ylamagan edim. Askarlik bu yigitlik burchi-da. Xizmatdan qaytib borsak, dalada paxta terdik, deb boramizmi? Shunisi alam qilyapti, - dedi farg‘onalik oddiy askar.

Sirdaryo viloyat hokimligi mulozimi Ozodlikka shu kunlarda Oq oltin tumani dalalarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligining 10 ming askarli qo‘shini paxta terayotganini tasdiqladi.

- Terimchilarning asosiy qismini harbiylar tashkil qiladi. Oq oltinda 10 mingga yaqin harbiy bor, - dedi ismini aytmagan hokimlik rasmiysi.

O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy xizmat to‘g‘risida” gi qonuniga ko‘ra, askarlar mamlakat mudofaasi, xavfsizligi va tinchligini ta’minlash uchun qurolli kuchlar safida xizmat o‘tashi kerak.

Qonunda harbiy xizmatchilarning ommaviy hasharlarda va xususan, paxta terim kampaniyalarida ishtirok etishi to‘g‘risida band yo‘q.

Shunga qaramay, bu yil ham harbiy xizmatchilar paxta terimiga jalb etildi.

Ozodlik Mudofaa vazirligining matbuot xizmati bilan bog‘lanib, harbiy xizmatga chaqirtirilganlarning paxta terimiga jalb qilinayotganiga izoh so‘radi.

Matbuot xizmati mulozimi Ozodlik savoliga “keyinroq telefon qiling”, deya javob bermadi.

Keyin qilingan qo‘ng‘iroqlarga ham vazirlik mulozimi javob bermadi.

Mudofaa vazirligi ma’lumotlarga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatga har yili 30-35 ming yoshlar chaqiriladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflarida 48 ming nafar atrofida harbiy xizmatchi borligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG