Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:40

Peterburgda aka-uka o‘zbek muhojirlari pichoqlab ketildi. Aka reanimatsiyada (VIDEO)


24 noyabrga o‘tar kechasi Sankt-Peterburgda O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan ikki shaxs pichoqlab ketildi. Mahalliy politsiya xabaricha, 35 va 38 yoshli o‘zbek muhojirlaridan birining ahvoli mo‘’tadil, ikkinchisi og‘ir ahvolda shifoxona jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

24 noyabr, tungi soat 1:30-larda Sankt-Peterburgning Aleksandrovskiy kasalxonasi qabulxonasiga ikki nafar shaxs og‘ir ahvolda olib kelindi.

Sankt-Peterburg Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, O‘zbekiston vatandoshlari ekani aniqlangan 38 va 35 yoshli aka-uka noma’lum shaxslar tomonidan hujumga uchragan va pichoqlab ketilgan.

Aleksandrovskiy shifoxonasidan olingan ma’lumotlarga binoan, oyog‘idan yaralangan 35 yashar o‘zbekistonlikka ko‘rsatilgan zaruriy tibbiy yordamdan javob berildi, bir nechta joyidan pichoqlangan yoshi kattarog‘i esa, shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida qolmoqda.

Mahalliy politsiya o‘zbek muhojirlariga hujum qilgan shaxslarni qidirishni davom etayotgani, mazkur hodisa yuzasidan “qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish” moddasi asosida jinoyat ishi ochilgani ma’lum qilindi.

Peterburg Ichki ishlar boshqarmasi jabrlangan o‘zbekistonliklarga nisbatan “Rossiya hududiga kirish tartib-qoidalarini buzganligi” sababli ma’muriy javobgarlikka tortilganini ham bildirdi.

Politsiya jabrlangan o‘zbekistonliklarning shaxsiga oid ma’lumotlarni ochiqlamadi.

Bir necha kun oldin ikki peterburglik migrant tomonidan pichoqlandi

Peterburgda istiqomat qilayotgan va ismini sir tutishni so‘ragan o‘zbek muhojirlaridan biri o‘tgan haftada - 20 noyabr kuni Peterburgda ikkita avtomobil sotuvchisini chavaqlab ketgan tojikistonlik shaxs ushlangani shaharda katta shov-shuv bo‘lganini ma’lum qildi.

Tojikiston grajdani bo‘lgan 52 yoshli Rasul avtomobil sotayotgan 32 yoshli Oleg Dubrovin va 31 yashar Ilya Kalininlarni firibgarlikda gumonlab, ularni avtosug‘urtalash xonasi menejeri ko‘z oldida pichoqlaydi.

Xonada o‘rnatilgan videokameraga tushgan hodisa videotasviri ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Videoda ikki joyidan yaralangan Ilya xonadan qochib chiqishga ulgurgani, Rasul tomonida chavaqlab tashlangan Oleg Dubrovin esa, hodisa joyida o‘lganini ko‘rish mumkin.

Hodisa joyiga yetib kelgan politsiyachilarga taslim bo‘lgan Rasul bundan oldinroq Tergov qo‘mitasiga borib, firibgarlar qurboni bo‘lgani borasida arz qilganini aytgan.

Bu hodisa ijtimoiy tarmoq va mahalliy ommaviy axborot vositalarida qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi.

Sankt-Peterburg Tergov qo‘mitasi tojikistonlik Rasul I.ga nisbatan “qotillik” va “qotillikka urinish” moddalari asosida jinoyat ishini ochganini ma’lum qildi.

Bu hodisalar ortidan Peterburg politsiyasi shaharning qator tumanlarida migratsiya reydlarini o‘tkazdi. Qurilish ob’ektlari, bozor va ko‘chalarda olib borilgan ommaviy tekshiruvlar davomida yuzlab muhojir tekshiruvdan o‘tkazilgani, 45 kishiga nisbatan migratsiya qoidalarini buzganligi aybi bilan ma’muriy protokollar tuzilgani xabar qilindi.

XS
SM
MD
LG