Xiva “Ichan qal’a” muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kotibi Dilmurod Bobojonov shaharning tarixiy qismi bo‘lgan Ichan qal’ada azaldan istiqomat qilib kelayotgan aholi ko‘chirilmasligini bildirdi.
Bobojonovga ko‘ra¸ Xiva 1968 yili Markaziy Osiyoda birinchi martda YUNESKOning umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga odamlar tarixiy izchillikda uzluksiz yashayotgan qadimiy shahar sifatida kiritilgan.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati 30 noyabr kuni “Shavkat Mirziyoev Xivaning tarixiy qismida yashayotgan aholini shaharning tarixiy qismidan ko‘chiriish haqida topshiriq berdi”, deb xabar qilgan edi.
Bu ma’lumot Ozodlik suhbatlashgan me’mor va qadimshunoslar uchun shok habar bo‘ldi.
Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiev “Aholisiz Xiva bu - jonsiz tanadir. Aholini ko‘chirish topshirig‘i avantyuradan boshqa narsa emas” deya qat’iy norozilik bildirdi.
O‘zbekiston madaniyat vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi “Prezidentning gapi matbuot xizmati tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan bo‘lishi mumkin”, degan ehtimolni ilgari surdi:
- Prezident "shaharning tarixiy qismidagi aholi ko‘chirib yuborilsin", deb aytishi aqlga sig‘maydi. Agar shaharda odamlar yashamasa, Xiva muzey-shahar maqomini yo‘qotadiku?! Odamlar muzeyning bir qismiku?! Ajralmas qismi. Shahrisabzda shu yo‘l tutilganida shaharni YUNESKO ro‘yxatidan chiqarish masalasi qo‘yildi. Menimcha, matbuot xizmati prezident gapidan noto‘g‘ri iqtibos keltirgan, - dedi mulozim.
Xalqaro ekspertlar xavotirda
Shveysariyadagi Alerte Héritage tashkiloti Bosh kotibi¸ san’atshunoslik fanlari doktori¸ professor Svetlana Gorshenina va ayni tashkilot rahbari, tarix va me’morlik bo‘yicha fan doktori Boris Chuxovichlar 30 noyabr kuni Ozodlikka “Xiva shahrining qadimiy tarixi va buguni o‘rtasidagi tirik bog‘liklikni ta’minlab kelayotgan shahar aholisining ko‘chirib yuborilishi kechirib bo‘lmas xatodir”, degan fikrni bildirdilar.
"Birinchidan, davlat odamlarni o‘z oilasining qadimiy tarixi va xotirasi bilan bog‘liq ko‘prikdan judo qilmoqda. Aholisiz shahar bu turistik supermarketdagi tussiz suvenirdan boshqa narsa emas. Aholini ko‘chirib yuborish evaziga do‘kon ochganimizda keladigan valyuta tushumidan ko‘ra¸ shaharni tarix bilan bog‘laydigan aholi qatlamidan judo qilishdan keladigan talafot ko‘lami katta va dahshatlidir”, - dedi Svetlana Gorshenina
Ozodlik 30 noyabr kuni O‘zbekiston prezidentining Xivaga tashrifi davomida qilgan bayonotlaridan xabardor bo‘lgan viloyat hokimligi mulozimi bilan gaplashdi.
Uning aytishicha¸ gap “tor uyda siqilib yashaнщtgan xivaliklar uchun shahardan uzoq bo‘lmagan joyda yangi uylar qurib berish” haqida borgan.
- Xiva respublika ahamiyatidagi shahar hisoblanadi. Bu shaharda ham uy-joy bo‘yicha qiynalib prezident portaliga yozayotgan oilalar bor. Shaharning tarixiy qismida tor va noqulay uylarda yashayotganlar uchun arzon uylar qurib berish haqida gap bo‘ldi¸ - dedi hokimlik mulozimi.
Xivadagi “Ichan qal’a” muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kotibi Dilmurod Bobojonov Ozodlik bilan 30 noyabr kungi suhbatda aytishicha, “Ichan qal’a” muzey qo‘riqxona majmui deb nomlangan Xivaning qadimiy qismidan hech kim ko‘chirilmaydi:
- Hech kim ko‘chirilmaydi. Ular yashagan tarixiy xonadonlar ham buzilmaydi. Yaqinda O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari shaxsan kelib tarixiy hududda qurilayotgan ikkita qurilishni to‘xtatib qo‘ydi. Moddiy-madaniy meros ob’ektlari davlat kadastriga alohida belgi bilan kiritilgan.
Ayni paytda muzey ilmiy kotibi Xiva tarixiy markazini xalqa tarzida o‘ragan “Dishan qal’a” qismidagi ba’zi oilalar ko‘chirilishi va odamlarga tegishli imoratlar buzilishi rejalanganligini bildirdi.
Suhbatdoshga ko‘ra¸ “Dishan qal’a” majmuining YUNESKO umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kirmagani mahalliy mulozimlar uchun qo‘l kelmoqda.
O‘zbekiston madaniyat vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi esa¸ Xivaning “Dishan qal’a” qismida o‘nlab tarixiy yodgorliklar mavjudligi va bu yodgorliklar Madaniyat vazirligi tomonidan himoya qilinadi.
- Xiva masalasida biz YUNESKO oldida mas’uliyat olganmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Fransiyaga tashrif bilan borganida O‘zbekiston va YUNESKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021 yilgacha hamkorlik dasturini imzolagan edi. Bu dasturda Xiva va uning tarkibiy qismi bo‘lgan shahar aholisi muhim o‘rin tutadi¸ - dedi mulozim.
Madaniyat vazirligi mulozimiga ko‘ra¸ umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xiva shahridagi Ichan qal’a muhofazasi kuchaytirilgan:
- Vazirlar Mahkamasi “YUNESKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasidagi hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 435-sonli qarorni 2018 yilning 9 iyunida qabul qilgan. Agar Xiva tarixiy qismidagi aholi ko‘chirilsa, bu qarorga zid bo‘ladi, - dedi mulozim.