Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:50

Termiz shahar hokimligi termizlikning Ozodlikda chiqqan xabarini rad etmoqchi bo‘ldi


Ozodlikning Sizdan Telegram ruknida ST darakchisidan kelgan va 12 dekabr kuni e’lon qilingan “Prezident tashrifi davlat tashkilotlari ishchi-xizmatchilariga qimmatga tushmoqda” sarlavhali xabarda prezidentning Surxondaryo viloyatiga kutilayotgan tashrifi arafasida davlat tashkilotlari xodimlari obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilinayotgani, gul ko‘chatlari uchun tashkilot xodimlari pul sarflayotgani haqida yozilgan edi.

ST darakchisi xabari chop etilganidan so‘ng Termiz shahri hokimining o‘rinbosari Sh. Rahmonqulov nomidan yozilgan raddiya Ozodlikning Telegramiga kelib tushdi.

Raddiyada, obodonlashtirish ishlari majburiy emasligi, har bir tashkilot o‘z hududini tozalayotgani haqida aytilgan.

14 dekabr kuni Ozodlik Termizdagi davlat korxonalari xodimlari bilan bir sidra gaplashib chiqqandan so‘ng, shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Odil Xudoyqulov bilan bog‘lanib, raddiyada bildirilgan fikrlar va ishchi-xodimlarning majburiy mehnatga jalb etilishiga munosabat olish uchun hokim o‘rinbosari bilan bog‘lab berishni iltimos qildi.

Odil Xudoyqulov avvaliga yarim soat vaqt so‘radi, yarim soatdan so‘ng esa, hokim o‘rinbosari Sh. Rahmonqulovning o‘zi Ozodlik bilan bog‘lanishiga va’da berdi. Ammo hokim o‘rinbosaridan Ozodlikka qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Ozodlikning “Sizdan Telegram” loyihasiga kelgan xabarda “Prezident Shavkat Mirziyoev tashrifi oldidan Termiz shahrida jadal obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Davlat tashkilotlari xodimlari shahar ko‘chalarini obodonlashtirishga jalb qilindi. Alam qiladigani, ular cho‘ntagidan qimmat narxlarda gul sotib olishga majbur etildi. Tashrifi oddiy odamlarga qanchalik qimmatga tushayotganini prezidentning o‘zi bilarmikan?”, deb yozilib, unga yangi ekilgan gul ko‘chatlarining suratlari ilova qilingan edi.

Termiz shahar hokimligi matbuot xizmati 14 dekabr kuni hokim o‘rinbosari Sh. Rahmonqulov nomidan yozilgan raddiyani Ozodlikka yubordi.

"Obodonlashtirish" prezident kelishigami yoki Konstitutsiya kuniga?

Raddiyada obodonlashtirish ishlari prezident Mirziyoevning kelishiga tayyorgarlik emas, balki “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 yilligi hamda Yangi yil bayrami tadbirlarini uyushqoqlik bilan kutib olish maqsadida viloyatda xonadonlar, ko‘chalar, mahallalar va mehnat jamoalarida tozalik kunlari o‘tkazilib, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilayotgani” yozilgan.

Termiz davlat universitetining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisi 14 dekabr kuni Ozodlikka hech qaysi yili Konstitutsiya kuniga, qish kunida ko‘chalar bo‘yi va xiyobonlarga gul ekilmagan, bu prezident safari oldidan qilinayotgan odatdagi ko‘zbo‘yamachilikdir degan fikrni bildirdi:

“Haqiqatan ham gullar ekildi, aksariyati so‘lib ham qoldi. Hech qachon Termizda qishda ko‘chalarga gul ekilmagan. Agar bahorda eksangiz, mantiqqa to‘g‘ri kelardi. Rasmiyatchilik uchun ekilgani ko‘rinib turibdi. Bunday sovuq payti gul qanday qilib tutib ketishi mumkin?”

"Boshqa hududlarga olib borib ishlatishdi"

Hokimlik raddiyasida “bu ishlarda davlat tashkilotlari xodimlari shahar ko‘chalarini tozalashga emas, balki o‘zlari mehnat qilayotgan korxona, tashkilot va muassasalar hududini obodonlashtirishga hissa qo‘shayotgani” bitilgan.

Ammo, Ozodlik 14 dekabr kuni suhbatlashgan korxona va tashkilotlar ishchilarining aytishlaricha, ular o‘z ixtiyorlari bilan o‘z hududida emas, balki boshqa hududlarda majburan ishlatilgan.

Surxondaryo viloyat elektr tarmoqlari idorasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, aeroport yo‘nalishiga chiqarib ishlatilganini Ozodlikka aytdi:

“Rahbarlar kabinetda bir kishi qolsin, bas, qolganlar gul ekishga chiqsin, deb buyruq bergandan so‘ng, hamma aeroportdan keladigan yo‘lga olib chiqib ishlatishdi. Gazon qildik, gul ekdik, yer chopdik. Qishda gul ekdik. Hamma bu tentakchilikdan boshqa narsa emas, deyapti. Sho‘rchi, Sherobod tumanlaridan ham odam olib kelib, ishlatishyapti. Prezident o‘tadigan yo‘lning ikki tomoni chiroyli bo‘lishi kerak ekan. Bilmadim, bu prezidentga yoqadimi yoki yoqmaydimi, lekin bir odamning kelishiga shuncha odam sarson, shuncha mablag‘ ko‘kka sovirilgan. Bu gullar bitta sovuqdan so‘ng qurib qolishini o‘zlari ham bilishadi”.

Termiz tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan bog‘bonning aytishicha, hamma maktablarning texnik xodimlari aeroport yo‘nalishiga ishga chiqarilmoqda:

“Aeroport tomonda “Salovot” degan mahalla fuqarolar yig‘ini bor ekan, o‘sha joyda chim bosib ketgan katta joy bor ekan, o‘shani ag‘dardik, tekisladik, ajiriqdan tozaladik. Hamma maktabdan 2-4 kishidan chiqqan. Bovo keladi ekan deb, hammani ishlatishyapti”.

Bog‘bon yo‘l chetiga ekilayotgan gulning nomi “Petuniya” ekanligini aytib, uning har donasi bozorda ikki ming so‘m turishini qo‘shimcha qildi.

“Petuniya”ning narxi 2500-3000 so‘m

Ismi sir qolishini so‘ragan Termiz shahridagi tashkilot mutaxassislaridan birining shahar hokimligida ishlaydigan tanishining gapiga tayanib aytishicha, shahar bo‘ylab ekilayotgan “Petuniya” gulining har bir ko‘chati 2500-3000 so‘mdan davlat tashkilotlariga majburan sottirilgan:

“Gullar faqat bir joydan olinyapti. Boshqa joydan olinsa qaytarilyapti. Gulni bir opa firmasi sotyapti. Uning hokimiyatda “akaxoni” bor. Gul olgan tashkilotlar imzo qo‘yib beryapti. Lekin hali puli qanday olinadi, bu haqda gap yo‘q”.

Ozodlik obodonlashtirish ishlariga umumiy qiymatda necha so‘mlik gul sotib olingani haqida aniq bir ma’lumot ololmadi.

"O‘zimiz qo‘ng‘iroq qilamiz"

Ozodlik 14 dekabr kuni Termiz shahar hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Bir necha marta urinishdan so‘ng o‘zini matbuot xizmati rahbari Odil Xudoyqulov deb tanishtirgan mulozim, barcha fikrlar keltirilganini aytib, Ozodlikning savollarini javobsiz qoldirdi.

Ozodlik raddiya ostida ismi yozilgan shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Rahmonqulov bilan bevosita gaplashtirishni Odil Xudoyqulovdan iltimos qilganidan so‘ng, u yarim soat vaqt so‘radi.

Yarim soatdan so‘ng Ozodlik yana qo‘ng‘iroq qilganida, Odil Xudoyqulov, hokim o‘rinbosarining o‘zi Ozodlik bilan bog‘lanishini aytdi. Biroq kun davomida hokimlikdan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

“Prezident ko‘zbo‘yamachilik qilmanglar degan”

Ismi sir qolishini so‘ragan, Termiz shahridagi poliklinikalardan birida ishlaydigan hamshira prezident avvalgiday o‘zi istagan ko‘chalarga kirmay qo‘yganini aytadi:

“Kuzatayotgan bo‘lsangiz, prezidentimiz avval xushi kelgan joyga, xohlagan uyiga kirib ketardi. Hozir esa, hammasi avvaldan tayyorlangan joylarga kiryapti. Aeroport yo‘lida biz ham ishladik. Ikki tomonga gullar ekilib, hamma prezidentni kutib o‘tiribdi. Agar o‘sha trassadan prezident bir chapga yoki o‘ngga burilib kirsa, ko‘chalarning haqiqiy ahvolini ko‘radi. Hamma bu narsani ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinganini ko‘rib turibdiku. Prezident o‘zi aytgan edi, men uchun bunday qilmanglar, deb. Lekin yana xalq sarson, yana byudjetning milliard pullari sarflangan”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda uning viloyatlarga borishiga tayyorlanayotgan ko‘zbo‘yamachilik ishlarni ham tanqid qilar ekan, joylardagi ahvolni o‘zi juda yaxshi bilishini aytgan:

“Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma’lumot yetkaziladi. Lekin, ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish,ularga ko‘cha supurtirish, tayyorgarlik​ka jalb etish - siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat”, deb aytgan prezident.

Prezident fikricha, hokimlar majburiy mehnat bilan o‘zlariga rahmat emas, balki la’nat olmoqda:

“Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, la’nat aytadi. Bizni do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling”, - degan edi prezident.

XS
SM
MD
LG