Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:02

Qibraylik ayol: Men norozilik sifatida o‘zimga o‘t qo‘ydim


14 dekabr kuni Toshkent viloyat, Qibray tuman hokimligi binosida o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol rasmiylarning "o‘zini emas, tribunani yoqmoqchi bo‘ldi", degan da’vosini rad etdi.

29 yashar Nozima Ergashevaning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, u norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘yishni avvaldan rejalashtirib, hokimlikka borgan va shu kuni arzini qabul qilishmagach, o‘zini yoqqan.

Nozima Ergasheva 17 dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘ziga o‘t qo‘ygani tafsilotlarini ochiqladi:

Nozima Ergasheva. Surat 17 dekabr kuni olingan.
Nozima Ergasheva. Surat 17 dekabr kuni olingan.

“Juma kuni edi, soat 11larda hokimlikka bordim. Hokimning o‘zi yo‘q edi. Zam hokim bilan, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari qabul qildi. Ular arzimni tinglab, menga yordam berish o‘rniga qo‘pollik qilishdi. Keyin "Sizlar baribir xalqning dardini eshitmaysiz, norozilik sifatida o‘zimga o‘t qo‘yaman" desam, "Siz avgust oyida ham shunaqa deb o‘zingizcha bizni qo‘rqitmoqchi bo‘ldingiz, deb ustimdan kulishdi. Keyin o‘zimga o‘t qo‘yib yubordim", deydi Nozima Ergasheva.

Nozimaning aytishicha, u hokimlik binosida o‘ziga o‘t qo‘yishni avvaldan rejalashtirib borgan.

“Sumkamda rastvoritel solingan baklashka bilan zajigalka bor edi. Rastvoritelni olib, qo‘limning ustidan sepdim va ustidan zajigalkani yoqdim. Qo‘lim yonishni boshlagach, rastvoritel solingan baklashka polga tushib, linoleum yona boshladi. Keyin o‘sha joyga oyog‘imni qo‘ymoqchi bo‘lgan paytim zajigalka portlab ketdi va men hushimni yo‘qotdim”, deydi Nozima Ergasheva.

O‘sha kuni voqeaga guvoh bo‘lganlardan biriga ko‘ra, Nozima Ergasheva hushini yo‘qotgach, "Tez tibbiy yordam" chaqirilgan.

"Ayol qo‘lidagi idishda turgan benzinni yoqib yubordi, odamlar unga tutashgan olovni o‘chirib qolishdi. Zal ham ozgina yondi. Keyin tez yordam chaqirishdi, biz chiqib ketdik”, deydi voqea guvohlaridan biri.

Nozima Ergashevaning aytishicha, u tez tibbiy yordam xodimlari kelgach, hushiga kelgan va shifoxonaga borishdan voz kechgan.

Nozima Ergashevaga ko‘ra, o‘ziga o‘t qo‘yishi oqibatida qo‘li jarohatlangan.
Nozima Ergashevaga ko‘ra, o‘ziga o‘t qo‘yishi oqibatida qo‘li jarohatlangan.

“Qo‘lim birinchi darajada kuygan. Uyda ikkita bolam yolg‘iz qolgani uchun kasalxonaga bormayman dedim. Ular ham xursand bo‘lib, uyga olib kelib qo‘yishdi”, deydi Nozima Ergasheva.

15 dekabr kuni Qibray tuman hokimligining Tashkiliy-nazorat guruhi yetakchi mutaxassisi Xolmurod Rabbanaev Ozodlik bilan suhbatda, ayol o‘ziga emas, balki majlislar zaliga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lganini ta’kidlagandi:

- U o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ymagan. Qo‘lidagi anaqaga o‘t qo‘yib, tribunaga qarab otgan. Tribuna (majlislar zali minbari nazarda tutilmoqda. tahr)da hech kim bo‘lmagan. Benzin emas, solyarka bo‘lgan. Shunda qo‘liga ham tutashib kuygan, degandi Xolmurod Rabbanaev.

Qibray tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi ham 15 dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Ergasheva birinchi darajali kuyish jarohati olgani, hokimiyatning majlislar zaliga ham shikast yetgani haqida gapirgan edi.

Hokimlik mulozimi Rabbanaevning iddao qilishicha, ayolning noroziligi gazdan qarzdorligi bilan bog‘liq:

- U gazga o‘z vaqtida pul to‘lamagan. Yetti million so‘m qarzi bo‘lgan. MIB uzib ketgan uni. Ichki ishlar bo‘limi o‘zining sektori bo‘lgani uchun yoqib bergan yana, mayli yordam qilaylik, deb. U hokimiyatdan meni qarzdorligimni yopib beringlar, deb talab qilgan. Uni kasalligiyam bor ekan, boshqasi ham bor ekan. Biz bu voqea yuzasidan ishchi guruh ham tashkil qildik, borib o‘rganib keldik, -degandi 15 dekabr kuni Xolmurod Rabbanaev.

Nozima Ergashevaning Ozodlikka aytishicha, haqiqatan ham tabiiy gazdan qarzi 7 million 200 ming so‘mni tashkil qiladi. Ayni paytda Ergashevaga ko‘ra, o‘sha kuni u hokimlikdan moddiy yordam ham so‘rab borgan.

"Erimning oyligi 600 ming so‘m. Ikki nafar yosh bolam bor. Oilamiz kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatida. O‘zim saraton kasalligining uchinchi bosqichi bilan og‘riyapman. Davolanishga pulim ham, imkonim ham yo‘q. Davolanishga ketsam, bolalarimni tashlab ketishga odam yo‘q. Hokimlikdan yordam so‘rasam, "Bolalaringizni detdomga bering" degan gapni aytishdi", deydi Nozima Ergasheva.

Ergasheva hokimlik tomonidan uning oilasiga moddiy yordam berib turilishi, biroq berilayotgan yordamdan qoniqmasligini aytadi.

“Oldingi yangi yilda hokimiyat tomonidan menga mikrovolnovka berildi. Navro‘z bayramiga prezident sovg‘asi sifatida bir korobka produkta berildi. Mustaqillik bayramiga ham bir korobka produkta berildi. Lekin prezident tomonidan kam ta’minlanganlarga aslida ko‘proq sovg‘a- salom berilishini eshitganimdan keyin prezident portaliga shikoyat qildim. Shundan keyin menga xalat-lozim berishdi”, deydi Nozima Ergasheva.

O‘zbekistonda maishiy muammolar sabab, fuqarolarning o‘ziga o‘t qo‘yish holatlari uchrab turishi haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan.

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida yashaydigan 27 yashar ayol 15 aprel kuni o‘zi va uxlab yotgan ikki nafar o‘g‘liga benzin sepib, o‘t qo‘ygan edi.

2017 yilning sentabrida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Ullibog‘ qishlog‘ida yashovchi 29 yashar Ahmad Niyozimbetov uyini buzishga kelgan hokimlik vakillariga norozilik bildirib, o‘ziga o‘t qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG