Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:34

Farg‘onada buzilayotgan uyning yashovchisi yurak xurujidan o‘ldi (VIDEO)


Farg‘ona markazidagi A. Navoiy ko‘chasida yarmi buzilgan 34-uy, 21 yanvar, 2019 yil
Farg‘ona markazidagi A. Navoiy ko‘chasida yarmi buzilgan 34-uy, 21 yanvar, 2019 yil

Farg‘ona shahri markazidagi Alisher Navoiy ko‘chasida buzilayotgan uylardan birida yashovchi 44 yashar Viktor Aristov yurak xurujidan olamdan o‘tdi.

Yaqinlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, ko‘chishni talab qilgan hokimiyat mutasaddilari va oilasi o‘rtasidagi muammoga guvoh bo‘lgan xasta Aristov insult bo‘lgan, keyinroq shifoxonada vafot etgan.

Shahar hokimligi bu hodisa bo‘yicha biror izoh bermadi, mas’ul hokim o‘rinbosarining esa prokuraturaga chaqirilgani aytildi.

Buzilayotgan uyda dafn

Shahar markazida buzilishi rejalangan 32-uyda yashagan 44 yashar Viktor Aristov 19 yanvar kuni shahar kasalxonasida vafot etdi.

Ozodlik bu ko‘chada 10 ga yaqin uyning buzilayotgani haqida shu yilning 14 yanvarida xabar qilgan.

Aristovning qo‘shnilaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, aslida gipertoniya kasalligidan aziyat chekkan marhum so‘nggi kunlarda oilasi boshiga tushgan tashvishni ko‘tara olmay, insultga uchragan.

"Hokimiyatning odamlari bilan oilasi o‘rtasida tortishuv boshlanib ketgan. O‘shanda bu kishining qon bosimi oshib ketib, yuragi ushlab qolgan. Ertasi kuni kasalxonadan o‘ligini olib kelishdi", dedi ismini oshkor etishni istamagan farg‘onalik tinglovchi.

Hodisani maxsus o‘rgangan “Farg‘ona.ru” axborot agentligining yozishicha, Viktor onasi va ukasi bilan birga yashagan. Gipertoniya kasalligidan aziyat chekkani bois, oilasi uyning buzilishi bilan bog‘liq janjaldan uni chetda saqlashga harakat qilgan, ammo muvaffaq bo‘lmagan.

"Oqibatda, farg‘onalik gipertonik krizga uchradi, keyin esa - reanimatsiya, koma... Shifokorlar hech nima qilolmadi", deb xabar qildi agentlik.

Фарғонада бузила бошлаган уйнинг яшовчиси юрак хуружидан ўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:21 0:00

"Eski uy" o‘rniga "yangi uy"

Alisher Navoiy ko‘chasida buzilishi boshlangan ko‘pqavatli uylarda yashayotgan oilalarning da’vo qilishicha, shu yilning 2 yanvarida Farg‘ona shahar hokimligi vakillari kelib, 10 ga yaqin uy qisqa muddat ichida buzilishini ma’lum qilgan.

Shu kunda tomi qo‘porilgan uylarda yashayotgan oilalarning aytishicha, hokimiyat ularga taklif qilayotgan uy shaharning chekkasida, uning yaqinida na maktab, na magazin bor​.

Bundan tashqari, hokimiyat yangi, deb taklif qilgan ko‘pqavatli uy, Ozodlikka kelgan shikoyatga ko‘ra, chala bitgan va shu bois, 10dan ortiq oila, 3 haftadirki, ko‘chishdan bosh tortayotir.

Jumladan, hududdagi 40-uyda yashayotgan 80 yashar Galina Kokryakova norozilarga hokimiyat rasmiylari bosim qilayotganidan arz qildi:

- Men Farg‘onada tug‘ilganman, asl farg‘onalikman. Bu uyda oilam bilan 1954 yillardan beri yashayman. Endi shu uyimizni buzib, bizni shahar chekkasiga quvishmoqchi. Men bunga aslo rozi emasman.

Quyida buzilayotgan uy o‘rniga taklif qilinayotgan uydan, deya Ozodlikka yo‘llangan suratlarni ko‘rishingiz mumkin:

Quyida esa Alisher Navoiy ko‘chasidagi egalari buzilishiga qarshilik qilayotgan xonadonlardan, deya yo‘llangan ba’zi suratlarni ko‘ring:

Buzilayotgan uylarda yashayotgan oilalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, hokimiyat vakillari ularga shahar markazidan ham uy ko‘rsatgan.

Ammo, taklif qilingan uy, birinchidan beton, ikkinchidan xonadonlar maydoni qariyb yarim barobarga kichikdir.

"Aslida biz oyoq tirab, uydan chiqmaymiz, deb turib olganimiz yo‘q. Mayli 5-10 metr kvadratga kichik bo‘lsa ham, shahar markazidan g‘ishtlik uy berishsin, deb iltimos qilayapmiz. Men yosh bolalarim bilan polsiz, beton uyga qanday chiqaman?! Rossiyaning Sibirida qiynalib, 12 yil ishlab, shahar markazidan uy olsagu hali yashab ulgurmasimizdan shahar chetiga chiqarib yuborishsa - rosa alam qilarkan", deydi ismini oshkor etmagan xonadon sohiblaridan biri.

"Eski rahbar va’dasini yangisi bajarmadi"

Bu oilalar Ozodlikka Farg‘ona shahar hokimi imzolagan qaror nusxasini ham yo‘llagan.

​Farg‘ona shahar hokimi Hamidjon Xabibiddinov imzolagan qarorda shaharning shu qismida joylashgan 10 ga yaqin "ma’nan eskirgan ko‘pqavatli uylar"dagi oilalar, ular bilan narx va tovon pulini belgilovchi komissiyasi o‘rtasidagi erishilgan shartnoma asosida, ko‘chirilishi kerakligi belgilangan.

Ayrim oilalarning aytishicha, uyi buzilishi haqida ilk bor -o‘tgan yilning yozida og‘zaki ogohlantirgan rasmiy - shahar hokimining sobiq o‘rinbosari shahar markazidan uy berilishini va’da qilgan edi.

Biroq, shikoyat qilinishicha, endilikda Farg‘ona shahar hokimining yangi mulozimlari bu va’dani bajarmayotir. Aksincha, hali odamlar ko‘chib ulgurmagan uylar buzilmoqda.

Hokim javob bermadi, o‘rinbosari esa "prokuraturada"

Ozodlik 21 yanvar kuni Farg‘ona shahar hokimi Hamidjon Xabibiddinovning yordamchisi bilan bog‘landi. O‘zini Muhiddin, deb tanishtirgan mas’ul hokimning buzilishlar borayotgan hududda ekani, barcha savollar bilan uning o‘rinbosari Sharifjon Niyozmetovga bog‘lanish mumkinligini aytdi.

So‘ngra Ozodlik Farg‘ona shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish va kommunal xo‘jalik bo‘yicha muovini Sharifjon Niyozmetovga bog‘lanishga urindi. Ammo, Ozodlik qo‘ng‘iroq qilgan kezda - 21 yanvar Toshkent vaqti bilan soat 16:00 atrofida - Niyozmetovning telefoniga javob bergan haydovchisi uning prokuraturaga (qaysi prokuraturaga ekani aytilmadi - tahr.) chaqirilganini aytdi. Shu kuni kechgacha Niyozmetov bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Shu tariqa, Farg‘ona shahar hokimiyati, Alisher Navoiy ko‘chasidagi ko‘pqavatli uylar hali odamlar ko‘chib chiqmay turib, buzilayotgani hamda bu asnoda 44 yashar Viktor Aristovning yurak xurujidan vafot etganini izohsiz qoldirdi.

Ammo, 14 yanvar kuni Ozodlik muxbiri savollariga mikrofonsiz javob bergan o‘rinbosar, uylarni buzish boshlab yuborilganini bu maydon 98 million AQSh dollari miqdorida sarmoya ajratishga tayyor bo‘lgan chet ellik investorlarga bo‘shatilayotgani bilan izohlagan edi.

Ayni paytda rasmiy barcha oilalarni "rozi qilib" ko‘chirishni ham va’da qilgandi.​

"Ma’nan eskirgan uylar"

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Farg‘ona shahar markazidagi imkon qadar qisqa muddat ichida buzilishi rejalashtirilgan bu ko‘pqavatli g‘ishtin uylar 1941-1945 yillarda qurilgan va ular ma’nan eskirgan uylar, deb hisoblanadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, shaharning markaziy qismida, 2011 yildan buyon, ichki va xorijiy sarmoya hisobiga jami 12 yo‘nalishda qurilish-bunyodkorlik , obodonchilik ishlari olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2018 yilning 12 iyunida Farg‘onaga borganida, shahar markazida qurilish-bunyodkorlik ishlarini keng ko‘lamda davom ettirish, turizm, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha mahalliy rasmiylarga topshiriqlar bergan edi.

XS
SM
MD
LG