Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:54

So‘xlik dehqonlar majburlab ektirilgan kartoshkani sotolmayapti


So‘xliklar kartoshkasini sotolmay qoldi
So‘xliklar kartoshkasini sotolmay qoldi

Farg‘ona viloyat, So‘x tumanidagi fermerlar o‘tgan yili tuman hokimligi majburlab ektirgan kartoshka hosilini sotolmayapti.

Dehqonlarning aytishicha, o‘tgan yili ular bankdan kredit olib, kilosi transport harajatlari bilan 10 ming so‘mga tushgan urug‘lik kartoshka ekkan edi.

Olingan hosilning har kilogrammi tannarxi ikki-uch ming so‘mdanga tushmoqda, fermerlar bilan og‘zaki shartnoma tuzgan “Agrovir” firmasi esa, kartoshkaning faqat urug‘likbopini saralab olmoqda.

Tuman hokimining o‘rinbosari dehqonlarni bu mushkul vaziyatdan chiqarish chora-tadbirini ko‘rayotganini aytdi.

So‘xliklar kartoshkasini sotolmay qoldi
So‘xliklar kartoshkasini sotolmay qoldi

Ismi sir qolishini so‘ragan so‘xlik fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, tumandagi barcha fermerlar o‘tgan yili har kilogrammining narxi 7,5 ming so‘m turadigan urug‘lik kartoshkani sotib olishga majburlangan:

“O‘tgan yili bizga shu urug‘lik kartoshkani olib ekasan, bo‘lmasa yeringni tortib olamiz deb majburlab oldirishgan edi. Toshkentdan kilosiga 300 so‘mdan moshinkira qilib, olib kelganman. Agrovir firmasi vakili boshida kartoshka urug‘chiligi markazi tashkil qilamiz, shunga a’zo bo‘lasizlar, urug‘lik yetishtirilganidan so‘ng hammasini o‘zimiz sotib olamiz deb, og‘zaki aytib ketgan edi. Endi esa faqat urug‘likka mo‘ljallangan standart kartoshkani 3300 so‘mdan olamiz deyapti. Menga esa hozir bankdan olgan kreditim foizi, hasharotga qarshi dori va mineral o‘g‘itga sarflagan xarajatim bilan har kilogramm kartoshka tannarxi 3600 so‘mga tushyapti”.

Fermerning aytishicha, “Agrovir” firmasi bilan hech qanday yozma shartnoma tuzilmagan.​

Bankdan berilgan yillik kredit ustamasi juda baland - 22 foiz - bo‘lganligi bois, yetishtirilgan kartoshkaning tannarxi oshib ketganidan shikoyat qilgan boshqa fermer kartoshka narxi tushib ketgan hozirgi paytda hosilni bozorda sotish zarar ekanligini aytarkan, dedi:

“Agar Toshkentga olib borib sotaman desangiz, yo‘lkiraga 9-10 million so‘m pul kerak. Har kilo kartoshkaga 700-800 so‘mdan minyapti. Chunki, biz Qirg‘iziston ichidamiz, shoferlar postlardan chiqish uchun ancha pul rasxod qilishini aytishadi. So‘xning bozorida esa kartoshka 1-1,5 ming so‘m atrofida. Shaxsan men ekkan kartoshkaning tannarxi har kilosiga 2000 so‘mdan tushyapti. Nima qilishni bilmay hayron qoldik. Agrovir esa saralab oladi ekan, xullas dehqonlar bu yil kartoshkadan kuyib qolyapti”.

Fermer Dodashahob Shahobov Ozodlik bilan suhbatda, kartoshkani Toshkentdagi “Agrovir” firmasiga olib borganini aytadi:

“Olyapti, kilosiga 3300 so‘mdan sortirovka qilib olyapti. Qurt yemaganini, o‘rtachasini, Gollandiyadan qanday shaklda kelgan bo‘lsa o‘shanaqasini ajratib olyapti. Qolganini o‘zini narxida olamiz deb, skladiga qo‘ydi. Hali narxlagan yo‘q, bozor narxida olamiz, deyapti. 96 tonna olib borgan edim, shuni 60 tonnasini 3300 so‘mdan olib, 200 million so‘mni hisobimga o‘tkazdi. Biz kredit foizi baland bo‘lgani uchun bu yil foyda ko‘rmaymiz. O‘zining tannarxi chiqsa ham katta gap”.

So‘x tuman hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xanda Yuldoshev kartoshka ekkan dehqonlarning muammosi yechimini izlayotganini Ozodlikka aytdi:

“Men ikki haftacha bo‘ldi bu lavozimga tayinlanganimga. Bu muammodan xabarim bor. Hozir Farg‘onada o‘qishdaman, ertaga qaytib borsam muammoni hal qilish yo‘llarini izlaymiz”.

Ozodlik “Agrovir” firmasi bilan bog‘lana olmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz va kafolatli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 26 oktabr kuni qabul qilingan qarorida¸ aholini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 2018-2019 yillar qish va bahor mavsumiga 222 ming 409 tonna kartoshka zaxira qilish aytilgan.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonga Pokiston kartoshkasi hozir import qilinyapti. Tadbirkorlar import kartoshkaning har tonnasi barcha yo‘l xarajatlari bilan 150 AQSh dollaridan tushayotganini aytmoqdalar.

XS
SM
MD
LG