Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:51

Xorazmda sud paxta rejasini bajarolmagan 87 fermerni moliyaviy javobgarlikka tortdi


Shovot tumani fermerlari "Xalq qabulxonasi"ga shikoyat qilib bordi
Shovot tumani fermerlari "Xalq qabulxonasi"ga shikoyat qilib bordi

Xorazm viloyat, Shovot tumanlararo Iqtisodiy sudi 5 fevral kuni 87 fermerni moliyaviy javobgarlikka tortish haqida qaror chiqardi.

Fermerlarni paxta topshirish shartnomasini bajarmaganlikda ayblab, “Textile Finance Khorezm” MChJ sudga bergan edi.

Fermerlar, sud paxtani sug‘orish uchun o‘tgan yili umuman suv bo‘lmagani haqidagi ular qilgan arzga quloq solmay bir tomonlama qaror chiqarganidan shikoyat qilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan uch fermer sud ulardan jami 90 million so‘m undirish haqida qaror chiqargan. 87 fermer hammasi bo‘lib qancha to‘lashi to‘g‘risida Ozodlik gaplashgan fermerlar aytib berolmadi.

Fermerlar sud qarori ustidan yuqori instansiya sudiga apellyatsiya shikoyati yozdilar.

Xorazm viloyat, Shovot tumanidan Ozodlikka kelgan maktubda, 2018 yil paxta yetishtirish shartnomasini "ob’ektiv sabablar" bilan bajara olmagan 87 fermer asossiz sudga tortilgani, paxtaga suv yetkazib berolmagan tashkilotlar esa, javobgarlikdan chetda qolayotgani haqida yozilgan:

“Xorazm viloyati Shovot tumanida 2018 yil uchun paxta shartnomasini fermerlar “Textile Finance Khorezm” MChJ (suvsizlikni tan olmayapti) bilan tuzdik. Lekin oldingi hududlar sholini ko‘p ekib, bizning chekka hududlarga suv yetib kelmadi va oqibatda g‘o‘zalarimiz gul-kurtaklari to‘kilib ketdi. Bizlar 2018 yil iyul oyida tegishli tashkilotlarni xat bilan ogohlantirganmiz. Biz shovotlik fermerlarga yordam bersangizlar”, deyiladi maktubda.

Suvsiz ariq
Suvsiz ariq

Ta’qib bo‘lishidan cho‘chib, ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan fermerlardan biriga ko‘ra, ular o‘tgan yilning fevralida davlat korxonasi - Paxta tozalash zavodi bilan shartnoma tuzgan, lekin mart oyida bu shartnoma bekor qilinib “Textile Finance Khorezm” MChJ bilan qaytadan shartnoma qilingan:

“Shartnoma qilayotganda rosa bo‘rttirishdi, sizlar zo‘r bo‘lasizlar, hamma narsani yetkazib beramiz, paxtani davlat narxidan ming so‘mdan qimmatroq olamiz, deb qop-qop va’da berishdi. Lekin, bizga shartnoma nusxasini berishmadi. Men bir necha bor talab qildim, beringlar deb. Ular hali sizlar foydangizga o‘zgarishlar bo‘ladi, deb berishmadi. Faqat, dekabr oyida ko‘rdik, u shartnomani”.

Shovot tumanining suvsiz qolgan paxta maydonlari
Shovot tumanining suvsiz qolgan paxta maydonlari

Fermerning aytishicha, “Textile Finance Khorezm” MChJ ham, hokimlik ham, suv xo‘jaligi tashkiloti ham paxtaga suv yetkazib berolmagan:

“Yozga kelib, umuman suv kelmadi. Paxtaning ichiga kirsam uning qovjirab yotganini ko‘rib, ko‘zimdan yosh oqib ketardi. Qariyb 40 gektar yerdagi paxtaning yarim hosili to‘kilib ketdi. Rejani zo‘rg‘a 50 foiz qilib bajardim”.

Ismi sir qolishini so‘ragan ikkinchi fermerning aytishicha, “Textile Finance Khorezm” MChJ bankdan kredit olib, fermerlarni avans sifatida mineral o‘g‘it va yonilg‘i, texnika bilan ta’minlab kelgan:

“Bankdan 3 foizlik kreditni klaster (“Textile Finance Khorezm” MChJ​ nazarda tutilayapti - tahr.) o‘zi oldida, bizga avans sifatida to‘ladi. Bizga berilgan mineral o‘g‘itlar narxini ham bilmaganmiz. Defoliatsiya uchun bir litr dorining narxi 600 ming so‘m turishini ham bilmaganmiz, texnika xizmati qancha turishini ham aytmagan. Agar suv bo‘lganida edi, rejani 150 foiz qilib bajarardik. Suv bo‘lmadi, suv! Axir bu bizning aybimiz emasku! Shunday ham o‘zimiz yonimizdan, mol-holimizni sotib o‘n millionlab so‘m sarfladik. Endi esa, meni 40 million so‘m qarzdor qilib qo‘ydi”.

ovot tumani fermerlarining shikoyati
ovot tumani fermerlarining shikoyati

Fermerning aytishicha, 5 fevral kuni Shovot tumanlararo sudi 87 fermer ishini ko‘rib chiqib, ularning hammasini aybdor deb topgan:

“Sud bir yarim soat davom etdi. Sudya hech kimdan hech narsa so‘ramadi. Sen buncha to‘laysan, sen buncha to‘laysan, deb qaror chiqardi. Menga 20 million so‘m bosdi. Fermerlar, “qozi janoblari, siz nima sababdan deb nega so‘ramaysiz, desa, bo‘ldi gap tamom, to‘laysan, deb chiqarib yubordi”.

Ismi sir qolishini so‘ragan uchinchi fermerning aytishicha, uning paxtasi kanaldan bir tomchi ham suv ichmagan, yerning nami va yomg‘ir hisobiga bo‘lgan:

“Mening yerim kanallarning oxirida joylashgan. 3 iyun kuni ozgina suv keldi. Suv xo‘jaligi odamlari besh kunda faqat yarim gektar yerni sug‘ordilar. Nasos ham qo‘ydilar. Lekin eplasholmadi. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Klasterning ham, hokimning ham, suv xo‘jaligining ham bundan yaxshi xabari bor. Yozmagan, xabar bermagan joyimiz qolmadi. Hamma xatlarimizning nusxalari turibdi. Sud buni ko‘rmadi ham. Lekin, oxirida aybdor va qarzdor fermer bo‘lib qolyapti”.

Shovot tumani fermerlarining turli idoralarga maktub yozgani haqida pochta ma’lumotnomasi
Shovot tumani fermerlarining turli idoralarga maktub yozgani haqida pochta ma’lumotnomasi

Ozodlik tasarrufida fermerlarning turli tashkilot va idoralarga yuborgan xatlarining nusxalari, xat yuborilgani haqida pochtaning tasdiqnomalari bor.

Fermerlar tuman hokimi Hakimboy Otaxonovning bu masalada fermerlarga aytgan gapining audioyozuvini ham jo‘natdi.

Bu yozuvda tuman hokimi shunday holat sodir bo‘lgani uchun “bunga men ham aybdorman, sektor rahbari ham aybdor, suvchi birinchi o‘rinda aybdor, fermer ham aybdor”, deydi.

Ozodlik “Textile Finance Khorezm” MChJ rahbariyati bilan kun davomida bog‘lanishga harakat qildi. Telefonda Ozodlik bilan gaplashgan mulozim rahbarlarining goh ish joyida emasligi, goh yig‘ilishda ekanligini aytib, ular bilan mobil telefon orqali bog‘lanish mumkin emasligini ta’kidladi.

Tuman hokimi Hakimboy Otaxonovning mobil telefoni o‘chirilgani bois, u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG