Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:36

Farg‘onada shubhali kimyoviy modda yuttirilgan o‘quvchi halok bo‘ldi


Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 17-sonli maktabda 9-sinf o‘quvchisi unga shubhali kimyoviy modda yuttirilishi oqibatida o‘lgan. O‘zbekiston tumanining O‘qchi qishlog‘ida 16 fevral kuni sodir bo‘lgan bu voqea haqida Ozodlik 2 mart kuni xabar topdi.

Ozodlik suhbatlashgan marhumning maktabdoshlari bolaga sinfdoshlari karbid ekani gumon qilinayotgan kimyoviy moddani majburlab yuttirishganini aytishdi.

Oqibatda bola shishib o‘lgan.

- O‘zi yuvosh bola edi. Sho‘x boyvatchalarni bolalari qandaydir moddani bunga majburlab yuttirishgan. Bola uyiga borib suv ichganidan keyin, voy-dod, deb baqir-chaqir qilgan. Bolani kasalxonaga olib ketishdi va shu kuni kasalxonada bola jon bergan, - dedi marhumning ismi sir qolishini so‘ragan qarindoshi.

Bolaning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochilgani ma’lum emas.

O‘zbekiston tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlik bilan suhbatda bu voqeadan xabarsiz ekanini aytish bilan cheklandi.

Ozodlik bolaga sinfdoshlari kimyoviy moddani majburlab yuttirgani haqidagi iddaolar yuzasidan O‘qchi qishlog‘idagi 17-sonli maktabning direktori uyali telefoniga qo‘ng‘iroq qildi.

Muloqot boshida o‘zini maktabning vaqtincha direktori vazifasini bajaruvchi ekanini tasdiqlagan mulozim Ozodlik muxbiri savollarini eshitgach, “men Dilshod akani ukasiman”, - deb telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Keyin u odamga qayib bog‘lanib bo‘lmadi.

Farg‘ona viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan xodimi O‘qchi qishlog‘idagi 17-sonli maktabdagi voqeadan xabarsiz ekani, xolatni o‘rganib, keyin ma’lumot berishini aytdi.

Marhum o‘quvchining ota-onalari Ozodlikka gapirishga istak bildirishmadi.

17-sonli maktabning ismi sir qolishini istagan o‘qituvchisi Ozodlikka maktab rahbariyati “voqeani bosti-bosti qilishga urinmoqda”, deb aytdi.

Bolaning Ozodlik suhbatlashgan qo‘shnisi ham ishni bosti-bosti qilishga urinish bo‘layotganini aytdi.

- Bola ham o‘limidan oldin dadasiga "hech narsani kovlamang", deb aytibdi. Bir bolani ismini aytibdi. Qolgan bolalarning ismi noma’lum, - dedi marhumning qo‘shnisi.

Farg‘onada yashovchi yozuvchi Nurullo Otaxon ham o‘zining Facebook sahifasida O‘qchi qishlog‘idagi voqeadan larzaga kelgani haqida yozdi.

"Dunyoda nimalar bo‘lyapti?! Odamlar nimaga bunaqa vahshiylashib ketyapti?! Uch-to‘rt kun burun bizdan sal nariroqdagi qishloqda 8-sinfda o‘qiydigan bolalar sinfdoshlarini qo‘lini qayirib turib, og‘zidan karbidmi yo shunga o‘xshash boshqa narsani tiqib yuboribdi!
Ichini yondirib, suv ichsa, portlab, bola o‘libdi! Eshitganimdan beri unutolmayapman, o‘zimga kelolmayapman. Yosh bolachalar-a!
Qayoqqa qarab ketyapmiz!", - deb yozdi yozuvchi.

XS
SM
MD
LG