Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:33

Qirg‘izistonda gey parad o‘tkazildi? Bir haftadan beri tinchimayotgan janjalga bir nazar (FOTO)


8 mart kuni Bishkekda o‘tkazilgan feministlar marshi.
8 mart kuni Bishkekda o‘tkazilgan feministlar marshi.

Bishkekda bir hafta oldin geylarning feministlar bilan bir qatorda namoyishga chiqishi ortidan boshlangan janjal parlamentga yetib keldi. Deputatlar hukumatdan “gey parad”larga barham berishni talab qilishdi.

Қирғизистонда гей парад ўтказилди? Бир ҳафтадан бери тинчимаётган жанжалга бир назар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:03 0:00

Nima bo‘lgan edi?

Bishkekda 8 mart kuni feministlar namoyish o‘tkazishdi. Namoyish ishtirokchilari bilan bir qatorda gey va lesbiyankalar ham 7 tusdagi kamalak rangli bayroqni ko‘tarib o‘tdilar.

Qirg‘iz jamotchiligida bu voqea “gey parad” deb atalib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bishkekdagi faqat erkaklardan iborat “Qirq cho‘ro‘” tashkiloti “gey parad”ga yo‘l qo‘ygani uchun ikki marta poytaxt merini ishdan bo‘shatishni talab qilib miting o‘tkazdi.

"Qirq cho‘ro‘" Bishkek meri iste’fosini talab qilib, miting o‘tkazmoqda.
"Qirq cho‘ro‘" Bishkek meri iste’fosini talab qilib, miting o‘tkazmoqda.

Deputatlar nima dedi?

13 mart kuni qirg‘iz jamiyatidagi qizg‘in bahs to‘lqini parlamentga ham yetib bordi. Deputat Jildiz Musabekova hukumatdan “Qirg‘izistonni Geyistonga aylantirmalik”ni talab qildi.

- Bu miting qirg‘izning milliy qadriyatiga bolta urdi. Markaziy Osiyoda birinchi marta gey parad o‘tkazildi. Qirg‘iz elini saqlab qolmoqchi bo‘lsak, Qirg‘izistonni Geyistonga aylantirmaslik uchun huquq-tartibot organlariga talab qo‘yishimiz kerak,-dedi Jildiz Musabekova.

Deputat Dastan Bekeshov bu taklifga qarshi chiqdi:

- Biz bu masalani muhokama qilsak uyat bo‘ladi. Bu favqulodda hodisa emas. Bu namoyshda meriyaning ham, Ichki ishlar vazirligining ham aybi yo‘q. Geylar o‘z hayoti bilan yashayveradi,- dedi Bekeshov.

Yana bir deputat Tazabek Ikramov gomoseksualizm degan so‘zni talaffuz qilishga qiynalgan bo‘lsa-da, “Gey paradni xorijiy tashkilotlar uyushtirdi, ularni topib, jazolash kerak”, degan fikrni aniq aytdi.

Parlament deputatlarining aksariyati “geylar Qirg‘izistonni sharmanda qildi” qabilida nutq so‘zladilar.

8 martdagi marsh ishtirokchilaridan biri.
8 martdagi marsh ishtirokchilaridan biri.

Rasmiylar nima dedi?

Parlamentga chaqirtirilgan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Kursan Asanov 8 mart kungi namoiysh qonunbuzarlik bo‘lmaganini, bu marsh zo‘ravonlik va inson huquqlari himoyasi maqsadida o‘tkazilganini aytdi.

Bishkek meriyasi rasmiysi Balbak Tulebaev namoyish o‘tkazish fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqi ekanini bildirdi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari O‘ro‘zbek O‘pumbaev esa deputatlarni nodavlat tashkilotlar, ayniqsa, gey tashkilotlar nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilishga chaqirdi.

-Rossiyada va boshqa davlatlarda qabul qilingan nodavlat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonun bizga ham juda zarur. Asosiy muammo olinayotgan mablag‘lar nazoratsiz sarflanayotganidir. Ayniqsa LGBT tashkilotlari nazoratsiz qolib ketmoqda, - dedi O‘ro‘zbek O‘pumbaev.

""Men trans ekanimdan faxrlanaman" degan shiorni ko‘targan namoyishchi.
""Men trans ekanimdan faxrlanaman" degan shiorni ko‘targan namoyishchi.

Faollar nima dedi?

​Qirg‘izistondagi taniqli jurnalist va bloger, Kloop.kg sayti asoschisi Bektur Iskander 8 mart kuni Bishkek markaziy maydonida geylarning 7 tusdagi bayrog‘ini ko‘tarib suratga tushganlardan biri. U deputatlarning geylarga munosabatini keskin tanqid qildi:

-Men marshga LGBT hamjamiyati vakillari chiqqani “klass” bo‘ldi, deb hisoblayman. Negaki lesbiyankalar va transgender qizlarning huquqlari aynan ayollar huquqlari bilan bog‘liq. Ular ko‘pincha zo‘ravonliklarga duch kelmoqdalar. Men odamlar o‘z muammolarinit ochiq aytish imkoniyatiga ega bo‘lgan Qirg‘iziston bilan faxrlanaman. Men Qirg‘iziston xalqini LGBT hamjamiyatdan qo‘rqmaslikka chaqirar edim,-dedi Bektur Iskander.

Yozuvchi O‘ljabay Shakir esa farzandi transgender ekanini ochiq tan olgan holda: “Ular ham qirg‘izning qora ko‘z, qora qosh farzandlari! Ularning aybi biri lesbiyanka, biri gey, biri biseksual, yana biri transgender bo‘lib tug‘ilganimi? Ular o‘z xohishlari bilan mana shunday bo‘lib tug‘ildilarmi? Bu ularning peshonasiga yozilgan taqdir! Bu taqdirga ega bo‘lgani uchun ularni biz jamiyatdan chetlatib qo‘ya olmaymiz”, deb yozdi.

O‘zbekiston bilan paralellar

Qirg‘iziston qonunchiligida LGBTga mansublik jinoyat hisoblanmaydi. Biroq jamiyatda gomofobiya darajasi kuchli.

Jinsiy ozchilik hamjamiyati uchun turizmni tashkil etish masalasi bilan shug‘ullanuvchi Spartacus.gayguide sayti Qirg‘izistonni geylarga toqat reytingida 197 davlat orasida 95-o‘ringa qo‘ygan.

Mazkur reytingda O‘zbekiston gey va lesbiyankalar uchun eng xavfli bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritilgan. O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni 197 davlat orasida 159-pog‘onadadir.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston gey va lesbiyankalar uchun tolerantroq davlat deb topildi. Qozog‘iston reytingdagi 83-o‘rinni egalladi. Tojikiston 110-o‘rinda, Turkmaniston 174-o‘rinda qayd etildi.

O‘zbekiston qonunchiligida LGBTga mansublik jinoyat hisoblanadi va bunday odamlarga uch yilgacha qamoq jazosi belgilanishi nazarda tutiladi.

XS
SM
MD
LG