Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:53

Toshkent aeroporti bojxonachilari jurnalistdan Muhammad Solih kitoblarini olib qo‘ydi


Jurnalist Mahmud Rajab
Jurnalist Mahmud Rajab

Istanbul-Toshkent reysi bilan 26 mart kuni ertalab uchib kelgan xorazmlik jurnalist Mahmud Rajabning mobil telefoni va uning yonida bo‘lgan Muhammad Solih va Mahmud Bekjonning 26 dona kitobi aeroport bojxonachilari tomonidan olib qo‘yildi.

Mahmud Rajabning aytishicha, u Muhammad Solihning O‘zbekistondagi ukalari va muxlislari iltimosi bilan bu kitoblarni sovg‘a sifatida olib kelgan.

Журналист Маҳмуд Ражаб билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:29 0:00
Бевосита линк

Xorazm viloyatining Gurlan tumanida yashaydigan Mahmud Rajab “Yevropa Birdamlik markazi” tashkilotining taklifi bilan 22-25 mart kunlari Gruziyaning Tbilisi shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda ishtirok etgan.

Mahmud Rajabning aytishicha, qaytish bileti Istanbul orqali bo‘lganligi va u yerda Toshkent uchog‘ini kutish uchun ixtiyorida besh soat bo‘sh vaqti borligi uchun aeroportda muhojiratda yashaydigan shoir va “Erk” demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih bilan uchrashgan:

- Xorazmdan Solih akaga ukalari o‘rik qoqi, olma qoqi kabi sovg‘alar berib yuborgan edi. Aeroportda uchrashib, sovg‘ani topshirdim. Ukalari va muxlislari Solih akaning kitoblaridan olib kelishni iltimos qilgan edi. Chunki 2018 yil Solih akaning uyida mehmon bo‘lib, kitoblaridan olib kelgan edim. Shuning uchun shoir akamiz bilan avval bog‘lanib, yo‘lda uch-to‘rt soat vaqtim bor, shu kitoblardan so‘rashgan edi, olib ketsam maylimi, deb so‘raganimda mayli, degan edi. Xullas, Solih akaning she’rlari va publitsistikasi bitilgan hamma kitoblaridan, Muhammad Bekjonning kitobidan, jami 26 ta kitob olib keldim.

Mahmud Rajabning so‘zlariga ko‘ra, bu kitoblarni Toshkent aeroporti bojxonachilari olib qo‘ygan:

- Birga kelgan hamrohlarim hammasi yukini olib chiqib ketdi. Mening yukim hammadan keyin chiqdi. Bojxonachilar ko‘rigidan o‘tayotganda, nima bor, deb so‘rashdi. Men kitoblar dedim. Ochib ko‘rishib, ie, bu Muhammad Solihning kitoblari ekanku deb, boshlig‘ini chaqirishdi. Husan Boboniyozov degan boshlig‘i kelib ko‘rdi-da, bu kitoblarni olib qolamiz, mumkin emas, dedi. Men bu badiiy kitoblar, ukalari iltimos qilgan, sovg‘a bu desam ham, bojxona boshlig‘i, bu kitoblarni diniy idoraga beramiz, balki ichida diniy-ekstremistik g‘oyalar bordir, o‘shalar ko‘rib, xulosa berishadi, men baribir tushunmayman deb, olib qolishdi.

Jurnalist bojxonachilar uning mobil telefonini ham olib qo‘yishganini aytadi:

- Keyin mening telefonimga yopishishdi. Men qattiq turib oldim. Mana oldimda xohlagan narsangizni ochib ko‘ring, biror bir jinoyat alomati bo‘lsa olib qo‘ying, bo‘lmasa haqqingiz yo‘q, dedim. Keyin u ochib ko‘rdi, Solih akaning Ozodlikka, Bi-Bi-Siga bergan intervyulari chiqdi. Mana bular mumkin emas, dedi. Men unga, bu dunyo ko‘rgan narsalar, bunda hech qanaqa sir yo‘q desam ham, baribir ko‘nmadi. Qarasam, u bilan tortishidan naf yo‘q va telefonimni ham berdim.

Shundan so‘ng, Mahmud Rajabning aytishicha, uni bir xonaga olib kirib aeroport xodimlari guvohligida tintuv qilishgan:

- Tintuvdan hech narsa topisholmadi. U yerdan qaytib chiqib, qiziq bir holatga guvoh bo‘ldim. Bojxona, aeroport xodimlari hammasi Muhammad Solihning kitoblarini zavq bilan o‘qishayapti ekan. Mendan ham so‘rashdi, 1991 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘ygan o‘sha odammi deb? Men ularning qiziqayotganidan xursand bo‘lib ketdim.

Mahmud Rajabning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng uni fuqarolik kiyimidagi va o‘zini tanishtirmagan bir shaxs so‘roq qilgan.

- Menimcha, 25-30 yoshlardagi bu yigit DXXdan edi. U bu kitoblarning taqiqlanganini bilasiz, nega olib keldingiz, dedi. Men, qani menga isbotini bering, kim va qachon taqiqlabdi, deb qarshi savol bersam, indamay qoldi. O‘zingizni tanishtiring, kimsiz, qaerda ishlaysiz, desam, jahl bilan menga o‘girildida, mening kimligimni hali chaqirganimda bilasiz, dedi. Keyin, kitoblar va telefonim olib qo‘yilgani haqidagi bayonnomalarga imzo chekdim. Soat 7da uchog‘imiz qo‘ngan bo‘lsa, soat 11 yarimda javob berishdi.

Ozodlik Toshkent aeroporti bojxonachilarining bu harakati qanchalik qonuniy ekanligini aniqlash maqsadida, O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatiga so‘rov jo‘natdi. Ammo, hozircha matbuot xizmati bu so‘rovga javob berganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG