Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:30

Moskvada jamoa bo‘lib namoz o‘qigan muhojirlar "miting" uyushtirganlikda ayblanib, jazolandi


Moskvadagi savdo markazlari yaqinida ko‘chada namoz o‘qigan 30 ga yaqin mehnat muhojiri ma’muriy javobgarlikka tortildi. Politsiya namoz o‘qigan muhojirlarni “miting” uyushtirganlikda aybladi.

Rossiya poytaxtining Lyublino mavzesida joylashgan yirik “Moskva” savdo-yarmarka kompleksining 13- eshigi oldida namoz o‘qigan 27 nafar markaziy osiyolik muhojir politsiya tomonidan hibsga olindi.

Mahalliy nashrlar ushlanganlar O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkiya va ikki nafari Rossiya grajdani ekani to‘g‘risida xabar qildi. Keyinroq ikki nafar rossiyalikdan tashqari qolgan 25 mehnat muhojiri Rossiya Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining 20.2- moddasi, 5- qismi asosida, ya’ni “miting, namoyish, yurish yoki piket uyushtirish tartib qoidalarini buzganlikda” ayblandi.

Muhojirlarni hibsga olgan va javobgarlikka tortgan Moskvaning Janubi-sharqiy okrugi bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasida Ozodlik so‘roviga bu hodisa borasida ma’lumotga ega emasliklari va rasmiy xat bilan murojaat qilishni so‘rashdi.

- Xato qilmasam, “Moskovskaya gazeta”da allaqanday “manbaga” iqtiboslar berilgan. Bizga hozircha bunday ma’lumot kelib tushmagan. Shu bois muhojirlar namoz o‘qigani uchun javobgarlikka tortilganini na tasdiqlay, na inkor eta olaman, dedi o‘zini tanishtirmagan YuVAO politsiya boshqarmasi navbatchi ofitseri.

Biroq, Ozodlik o‘z manbalaridan 25 kishining namoz o‘qigani mitingga tenglashtirilishidan tashqari, politsiya 5 nafar o‘zbek va tojik migrantini Rossiya hududida yashash qoidalarini buzgani uchun javobgarlikka tortganini aniqladi.

​Huquq himoyachisi Karimjon Yorov Ozodlikka namoz o‘qigan shaxslar bilan shaxsan suhbatlashgani va ularning hammasi jarimaga tortilganini tasdiqlab, dedi:

- Vaziyat shunday yuzaga keldi: odamlar ilgari bozor ichkarisida jamlanib, namoz o‘qib kelishgan. Ammo yaqindan boshlab rahbariyat bozor ichkarisida namoz o‘qishni taqiqlab qo‘yibdi. Natijada odamlar har joyda namoz o‘qishni boshlashibdi. Shu sababli, buni ko‘rib mahalliylar tomonidan chaqirtirilgan politsiya ularni o‘tgan yilda qabul qilingan “miting” to‘g‘risidagi qonun asosida javobgarlikka tortdi. Bu qonunga binoan, masjid yo cherkov tashqarisida dindorlar tomonidan uyushtirilgan har qanday jamoaviy harakatlar – namoz, ma’raka – “miting”ga tenglashtiriladi. Biroq, meni xristian cherkovi vakillarining “xoch yurishlari” va boshqa ommaviy chiqishlariga mahalliy politsiya indamaydiyu, oddiy namozxonlarni javobgarlikka tortayotgani ajablantirayapti! Yaqingacha bunchalik emas edi: musulmonlar bemalol, hatto metroda namozlarini ado etib ketaverardilar.

Suhbatdosh yirik aeroport va vokzallarda namozxonalar bo‘la turib, ishchilari asosan musulmonlar bo‘lgan “Moskva”dek ulkan bozorlarda ibodatxonalar tashkil qilishga ruxsat berilmayotganidan taajjublandi.

Karimjon Yorov, shuningdek, har bir qadamda Moskvada cherkovlar mavjudligi, ammo talab katta bo‘lgan namozxonalar yo‘qligi ham politsiyaga qo‘l kelayotganini eslatdi.

Huquq faoli namoz o‘qiyotganida ushlangan shaxslarning keyingi taqdiriga oid ham izoh berdi:

- Besh kishi migratsiya qonunchiligini buzgani uchun 2 mingdan 5 ming rublgacha jarimaga tortildi. Qolgan 25 kishi “stixiyali miting” uyushtirgani uchun sud tomonidan 10 ming rubldan jarimaga tortildi. Politsiya kimningdir qo‘ng‘irog‘idan keyin kelgani ham aniqlandi. Bozor rahbariyati buni “ko‘rib qo‘ying – biz tashqarida ham namoz o‘qiyveramiz” qabilida qabul qilib, jahl qilgan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Jamoat joyida namoz o‘qilishining “mitingga” tenglashtirilishi bundan buyon juda yomon oqibatlarga olib kelishi - har qanday musulmonlar yig‘ini vaziyatga qarab “qonunga xilof” deya ta’riflanishi mumkinligiga imkon yaratildi, - deb xulosa qildi huquq faoli.

XS
SM
MD
LG