Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:43

Farg‘onada prezidentni aldash uchun unib chiqayotgan chigit ustiga plyonka tortildi


Ko‘zbo‘yamachilik uchun tortilayotgan plyonka
Ko‘zbo‘yamachilik uchun tortilayotgan plyonka

Farg‘ona viloyatida prezident Shavkat Mirziyoev o‘tish ehtimoli bo‘lgan yo‘l bo‘yidagi maydonlarga ekilgan chigit ustiga sellofan plyonka tortilyapti.

Bu haqda Ozodlikka suratlar bilan birga xabar yuborgan Oltiariq tuman suv xo‘jaligi korxonasi ishchilarining aytishicha, hokim bu tadbirni go‘yoki bu yerlarga erta bahorda plyonka ostiga chigit ekilgandek qilib prezidentga ko‘rsatish uchun tashkil qilmoqda.

Tuman hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bu haqda Ozodlik bilan suhbatlashishdan bosh tortdi.

Har yili plyonka ostiga chigit ekib, paxta yetishtiradigan andijonlik fermerlardan biri Farg‘ona viloyatida qilinayotan ko‘zbo‘yamachilikning iqtisodiy zararini tushuntirib berdi

Фарғонада президентни алдаш учун униб чиқаётган чигит устига плёнка тортилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

Oltiariq tumanida katta yo‘l bo‘yidagi maydonlarga ekilgan chigit ustiga sellofan plyonka tortishga byudjet tashkilotidan majburan olib chiqilgan, ismi sir qolishini so‘ragan ishchilardan birining aytishicha, bu ishlarning hammasi ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinmoqda:

“Bugun, 12 aprel, ertalabdan bir qancha byudjet tashkiloti xodimlari dalaga olib chiqildi. Burbonliq qishlog‘i yaqinidagi katta yo‘l bo‘yidagi chigit ekilgan maydonda, egatlarning ustiga plyonka yopish va uni ikki tomonidan ko‘mish bilan ovoramiz. Ba’zi joylarda chigit nishlab qolgan. Bunga plyonka nimaga kerak deb so‘rasak, shu yo‘ldan prezident o‘tishi mumkin ekan, unga ko‘rsatish uchun qilinyapti, deb javob berishdi. Keyin rasmga olib sizlarga tashlab yubordik”.

Ko‘zbo‘yamachilik uchun tortilayotgan plyonka
Ko‘zbo‘yamachilik uchun tortilayotgan plyonka

​Ismi sir qolishini so‘ragan oltiariqlik fermerlardan biri, rahbarlarning bu ishidan hayron qolganini aytarkan, dedi:

“Kulishingni ham bilmaysan, yig‘lashingni ham bilmaysan. Kulgiligi - hozir unib chiqayotgan bu chigitga plyonka umuman kerak emas, haroratning o‘zi yetarli. Yig‘lashing, esa, bu plyonkalarning xarajati yana bizning zimmamizga tushadi. Prezident ko‘zbo‘yamachlik qilmanglar, deb turgan bir paytda bular battar qiladi. Hech tushunolmay qoldim”.

Nishlab qolgan chigit
Nishlab qolgan chigit

​Har yili plyonka ostiga chigit ekib, paxta yetishtiradigan andijonlik fermerlardan biri Farg‘ona viloyatida qilinayotan ko‘zbo‘yamachilikning iqtisodiy zararini tushuntirib berdi:

- Agar vaqtida erta bahorda plyonka ostiga ekilsa, paxta bir oy oldin pishadi. Yog‘in-sochinga qolmay, birinchi sortga topshirsa, fermer yutadi. Lekin hozir ekilgan chigit ustiga tortilayotgani juda noto‘g‘ri. Birinchidan, bir tonna plyonkaning narxi 13 million so‘m bo‘lsa, bir gektar yerga 57 kilodan plyonka ketadi. Agar 10 gektar erga plyonka tortsa bu 570 kilo bo‘ladi. Bu 8 million atrofida pul bo‘ladi. Fermerga koni zarar bu. Ikkinchidan, odatda traktor bilan ekilganda tortiladi plyonka va har 12 santimetrga urug‘ tushgan joy teshilib ketiladi. Endi, bular qo‘lbola qilib, ko‘zbo‘yamachilik uchun tortishyapti, chigit issiqda darrov unib chiqib, kuyib qolishi ham mumkin. Bunday bo‘lsa, fermerning xonumoni kuyadi.

Ismi sir qolishini so‘ragan oltiariqlik mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, prezident kelishidan oldin ko‘zbo‘yamachilik boshqa sohalarda ham avjiga chiqdi:

- Bir oycha bo‘ldi, Eski arab, Birlashgan mahallalaridagi odamlarning ko‘cha tomonidagi uzumlarini kestirib, o‘rniga archa ekib chiqishdi. Tomlarning ko‘cha tomoniga qaraganini, yangimi, eskimi farqi yo‘q, qizil rangga bo‘yab tashlashdi. Rishton-Oltiariq yo‘lidan yursangiz hammasini ko‘rasiz.

Oltiariq tumanida qizil rangga bo‘yalgan eski tomlar
Oltiariq tumanida qizil rangga bo‘yalgan eski tomlar

​Oltiariq tumani hokimining qishloq xo‘jalik bo‘yicha o‘rinbosari Hayotbek Qoraboev Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi va aloqani uzib qo‘ydi.

  • Farg‘ona viloyatida prezident kelishidan oldin qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklar haqida Ozodlik bir necha marta xabar bergan
  • Jumladan, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani Eshonguzar MFYdan Sizdan Telegram loyihasiga kelgan xabarda:"Prezidentimiz kelar ekan. Shu bahona birdan quvurlarda gaz paydo bo‘lib qoldi deng! Mahalla raislari Qumtepa bozori yo‘lidagi uylarni ta’mirlatib, devorlarni bir xil rangga bo‘yattirmoqda. Ko‘zbo‘yamachilik uchun yo‘llarda soxta issiqxonalar qurildi. Qashqadaryoda ham issiqxonalar qurdik¸ deb davlat rahbarini aldashgan va keyinroq yolg‘onning misi chiqqan edi. Prezidentni Farg‘onadagi yolg‘onlardan ham ogoh etib qo‘yaylik dedik...”, deb yozgan edi.
  • 2015 yilning oktabrida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Shahartepa qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan edi. O‘sha paytda mamlakat Bosh vaziri lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoevning ehtimoliy tashrifi arafasida mahalliy hokimiyat vakillari “paxtamiz hali ko‘p” deya maqtanmoqchi bo‘ldi, lekin mehmon bu hududga qadam bosmagan.
XS
SM
MD
LG