Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:26

Sport jamg‘armasi tugatilishi oldidan yuzlab xodim maoshsiz qoldirildi


O‘zbekiston Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasini tugatish taklifini kiritishi ortidan bu jamg‘armada ishlayotgan yuzlab xodim mart oyidan maoshsiz qoldirildi.

Ozodlik gaplashgan Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasi mulozimi jamg‘armaning yillik smeta xarajatlari Vazirlar Mahkamasi tasdiqlanmayotgani sababli xodimlar maoshsiz qolayotganini aytdi

Ishdan haydalishidan cho‘chib, ismi sir qolishni so‘ragan Toshkent shahri tumanlaridan biridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘limi xodimining aytishicha, mart oyi uchun shaharning birorta tumani sport bo‘limi xodimi maosh olmagan.

“Shu paytgacha sport bo‘limlari jamg‘armadan moliyalashtirilib kelingan. Mart oyidan boshlab bu jamg‘arma tugatildi, deyishayapti. Endi oylikni kim berishini hech kim bilmayapti. Bir mahalliy byudjetga o‘tkazishi mumkin¸ deyishyapti, bir yana jamg‘armani tiklaydi¸ deyishyapti, hech kim anig‘ini bilmaydi. Mart tugab boryapti, maosh yo‘q, minglab odamning tirikchiligi qanday bo‘ladi, deb o‘ylaydigan odam yo‘q”.

Ozodlik surishtiruvi davomida Toshkent shahrining boshqa tumanlaridagi jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari xodimlari ham mart oyi uchun maosh olmagani tasdiqlandi.

Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasi bosh hisobchisi Zopir Berdiyorov ham xodimlarning maoshsiz qolayotganini tasdiqlar ekan, bu holat faqat poytaxt uchun emas¸ balki butun respublika tumanlari uchun xos ekanligini ta’kidladi.

“Jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasining yillik smeta xarajatlari Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tasdiqlanadi va shuning hisobidan tuman bo‘limlari moliyalashtiriladi. Hozir ana shu smeta xarajatlari tasdiqlanmagani uchun smetamiz chiqqani yo‘q. Bizda maosh uchun yetarli pul bor, faqat smetaning tasdiqlanishini kutib turibmiz. Nafaqat shahar, balki butun respublika bo‘yicha jamg‘armaning tuman bo‘limlari ham mart maoshlarini olgani yo‘q”.

Mulozimning aytishicha, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov prezidentga jamg‘armani tugatish haqida taklif kiritgan.

“Qaror chiqishi kerak. Tugatilsa yoki tugatilmasa ham tuman moliya bo‘limlari tomonidan baribir smeta qilinib, moliyalashtiriladi va maoshsiz qolib ketmaydi”.

Ozodlik O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabievning qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu muammoga izoh olishga urindi.

O‘zini vazir yordamchisi deb tanishtirgan mulozim, bu muammodan xabarsiz ekanligini aytar ekan, tafsilotlarini bilib, Ozodlikka o‘zi qo‘ng‘iroq qilishini ta’kidladi.

Ammo kun davomida vazirlikdan Ozodlikka qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG