Termiz shahrining Bo‘ston mahallasida yashaydigan va "10 yildan buyon bozorda suzma sotib, kun ko‘radigan yolg‘iz ona" – 51 yashar Rajaboy Xolnazarovaning Ozodlik muxbiriga aytishicha, uni yillardan buyon qiynab kelayogan asosiy muammo – uysizlikdir.
Rajaboyning Ozodlikka aytishicha, 2017 yilning kuzida u to‘plagan bor puliga ko‘targan qarzlarini qo‘shib himoyaga muhtoj qishloq aholisi uchun maxsus qurilayotgan arzon uylardan olishga harakat qilgan.
- 12 yarim million so‘m pulni bankka olib borib, topshirdim. Yana ozgina to‘lov qiling, deyishdi. Ammo, mening boshqa imkonim yo‘q edi - viloyat hokimiga bordim. O‘sha kezda Erkin Turdimov hokim edi. U kishi sizga uy beriladi, yordam qilamiz, dedi. Keyin uy qurib bitkazildi, ammo menga berishmadi, - deb da’vo qiladi Xolnazarova.
Shikoyat qilishicha, Rajaboy Xolnazarovaga va’da qilingan uy berilmagan, dastlabki to‘lov uchun bergan 12 yarim million so‘m puli esa 1 yarim yilcha bankda qolib ketgan.
Rajaboyning aytishicha, endilikda unga pulini qaytarishmoqchi, ammo u buncha vaqtdan so‘ng pul qaytarilishini emas, uy berilishini talab qilmoqda.
Ozodlikka aytishicha, uning doimiy ishi yo‘q, buning ustiga uyi ham yo‘q. Yolg‘iz o‘g‘li va o‘zi navbatma-navbat opa-singillarining uyida yashaydi.
Termiz shahri hokimiyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, rahbariyat Rajaboy Xolnazarovaning ahvolidan xabardor, uning shikoyati hokimlikning uy-joy bilan ta’minlashga mas’ul bo‘limida qabul qilingan.
Ammo, muammo yechimini topdimi yoki yaqin-atrofda hal bo‘ladimi, degan savolga Ozodlik shahar hokimligidan rasmiy javob ololmadi.
Aslida, Rajaboy Xolnazarovaga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevralda qabul qilingan 103-sonli qarori asosida Termiz shahrida qurilayotgan 432 ta 3 qavatli uylardan birida arzon narxdagi kvartira va’da qilingan.
Qarorga muvofiq:
- boshqa oila yoxud boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) birgalikda yashovchi oila;
- ko‘p bolali oilalar;
- to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalayotgan onalar (otalar);
- daromadi yuqori bo‘lmagan (1 oydagi jami daromadi har oila a’zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorigacha to‘g‘ri keladigan oilalar)
Ro‘yxatdagi oilalar tuman hokimliklarida tashkil etilgan maxsus komissiya tavsiyasi bilan qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bilan arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi mumkin.
Xolnazarova esa – yuqorida tilga olingan toifalarning qariyb barchasiga to‘g‘ri keladi – boshqa oila bilan yashaydi, to‘liq bo‘lmagan oilada 1 bolani tarbiya qilgan, daromadi yuqori bo‘lmagan oilada ham ota, ham onadir.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayol - Xolnazarova dastlabki to‘lovini bajargan uy qani – bu savolga rasmiylardan javob yo‘q.
Termiz shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda shaharda yashovchi nogiron yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj ahvolda qolgan 7 ming kishidan imtiyozli asosda uy-joy olish uchun ariza tushgan. Ammo, bu yil faqat 6 uy imtiyozli uy ajratilgan.
Imtiyozli deyilarkan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga ipoteka krediti uchun dastlabki 25 foizlik to‘lovni to‘lashda hokimiyat yordam beradi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, buning uchun maxsus ajratilgan mablag‘ yo‘q - jamoat jamg‘armalari, homiylar, boshqa jamg‘armalar hisobidan to‘lab beriladi. Qolgan 75 foizini talabgorning o‘zi tijorat banklari beradigan imtiyozli kredit hisobidan to‘lashi kerak.