Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:30

AQSh O‘zbekistonga "Jasliq" qamoqxonasini yopishni tavsiya qildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

AQShning Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi Davlat departamentining qarorini e’tiborga olmagan holda, O‘zbekistonni diniy erkinliklarni qo‘pol tarzda buzayotgan davlatlar ro‘yxatida qoldirdi.

"Hali erta. Huquqlar qo‘pol buzilmoqda"

29 aprel kuni jamoatchilik e’tiboriga taqdim etilgan Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi hisobotida aytilishicha, O‘zbekiston bilan birgalikda “alohida xavotirga molik” davlatlar qatoriga Xitoy, Myanma, Rossiya, Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston kabi 16 davlat kiritildi.

Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi 2018 yilda O‘zbekistonda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar bo‘lganini e’tirof etgan holda “diniy erkinlikning jiddiy buzilishi holatlari” davom etganini ta’kidladi.

AQSh Davlat departamenti o‘tgan yilning 11 dekabr kuni jahondagi diniy erkinliklar vaziyati to‘g‘risidagi navbatdagi yillik hisobotini e’lon qilar ekan, O‘zbekiston "alohida xavotirga molik davlatlar" ro‘yxatidan chiqarilganini ma’lum qilgan va O‘zbekistonni “maxsus nazorat qilinadigan davlatlar” ro‘yxatiga kiritgan edi.

Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi AQSh Davlat departamentiga bu qarorni qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi va O‘zbekistonni “alohida xavotirga molik” davlatlar qatoridan chiqarishga hali erta ekanini ta’kidladi.

"Minglab musulmonlar hali ham qamoqda saqlanmoqda"

Hisobot mualliflariga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekiston oliy Majlisi BMT maxsus hisobotchisining tavsiyalarini inobatga olgan holda diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilgani olqishga sazovordir.

“Hukumatning yuqori pog‘onalarida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganiga qaramay, diniy erkinliklarning jiddiy buzilishi davom etmoqda. Minglab musulmonlar hamon diniy ekstremizmda ayblanib qamoqlarda qolmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev ma’muriyati amnistiya bilan ozod qilganlardan birortasi to‘liq ravishda jamiyatning bir qismiga aylanadigan holatda reabilitatsiya qilinmadi. Hukumat sobiq mahbuslarning birortasiga o‘zlarini to‘la oqlanishlari uchun imkoniyat yaratib bermadi”, deyiladi hisobotda.

Komissiya O‘zbekiston maktablari va oliygohlarida hijobli qizlar o‘qishga kiritilmayotgani, bu holatni tanqid ostiga olgan qator blogerlar esa hibsga olinib, jarimalarga tortilganini ta’kidlagan.

Tavsiya: "Jasliq yopilsin"

Shu munosabat bilan Diniy erkinlik komissiyasi O‘zbekiston hukumatiga 1998 yilda qabul qilingan din to‘g‘risidagi qonunni qayta ko‘rib chiqib, isloh qilishni, dindorlarning huquqlarini xalqaro inson huquqlari me’yorlariga tenglashtirishni taklif qilgan.

Komissiya tavsiyalarning alohida bandida Toshkentga diniy motivlar bilan qamalganlarning asosiy qismi saqlanayotgan Jasliq qamoqxonasini yopishni ham maslahat bergan.

Mavzu tarixi

Prezident Mirziyoev 2017 yilning 1 sentabrida mamlakatda “diniy-ekstremist oqim a’zolari ro‘yxati”da bo‘lgan 17 ming odamdan 16 ming nafari nazoratdan chiqarilgani, ulardan 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlanganini ham aytgan edi.

Shulardan kelib chiqqan holda 2018 yilning may oyida AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda diniy erkinliklar vaziyatini yaxshilashga qaratilgan qadamlar tashlanayotganini olqishlagan holda, bu jarayon sekinlik bilan olib borilayotganini e’tirof etgan.

Davlat departamenti 2018 yilning dekabrida O‘zbekistonni "alohida xavotirga molik davlatlar" ro‘yxatidan chiqarib, “maxsus nazorat qilinadigan davlatlar” ro‘yxatiga kiritgan edi.

XS
SM
MD
LG