Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:33

Andijonda masjid uchun qurilgan imoratda 25 oila yashayapti. Hojatxona bitta


Andijon shahridagi Taxtako‘prik masjidi binosi
Andijon shahridagi Taxtako‘prik masjidi binosi

Andijon shahrining Taxtako‘prik mahallasi turg‘uni Shukrillo Yodgorov boshliq faollar "sobiq masjidning 100 kishi bitta hojatxonaga navbatda turadigan sassiq xarobaga" aylanganidan Ozodlikka shikoyat qilishdi.

Ularning aytishicha, 1991 yilda Saudiya Arabistoni moliyaviy ko‘magi va xalq hashari bilan qurilgan va faoliyatiga izn berilmagan masjid va madrasadan iborat binoga 2018 yili kam ta’minlangan 25 oila joylashtirilgan edi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi mulozimiga ko‘ra, bino 1998 yilga qadar masjid va madrasadan iborat majmua sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

- 1998 yilda bu kabi muassasalar qayta ro‘yxatdan o‘tkazilayotganda mazkur maskan ro‘yxatdan o‘tmasdan qoldi. Bino davlat tasarrufiga o‘tdi¸ - dedi Musulmonlar idorasi mulozimi.

Sobiq masjid binosiga yaqin joyda yashaydigan Shukrillo Yodgorovning Ozodlikka aytishicha¸ binoning odam yashashi uchun mo‘ljallanmagani bois antisanitariya holati yuzaga kelgan.

Yodgorov bu yuzadan aprel oyida prezident qabulxonasiga murojaat qilgani va olgan javobidan qoniqmaganini aytdi.

Rasmiy javob

Andijon shahar Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi mulozimining Ozodlikka 10 may kuni aytishicha¸ sobiq Taxtako‘prik masjidi davlat mulki sifatida 2018 yilda ro‘yxatga olingan va kam ta’minlangan turar-joyga muhtoj 25 ta oila joylashtirilgan:

- Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid “qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston prezidenti qaroriga asosan bu 25 oila hokimlik tasarrufidagi binoga vaqtincha joylashtirildi. Oldin masjid sifatida qurilgan bu binoning birinchi qavatidagi zal (nomoz o‘qiladigan joy - tahr.) Madaniyat boshqarmasiga kiyim-kechak ombori sifatida berib qo‘yilgan.

Ozodlik muxbirining¸ “Masjid uchun qurilgan binoning yashash uchun mo‘ljallanmagani bois u yerga ko‘chirilgan aholi nima uchun antisanitariya xolatida yashayapti?” degan savoliga mulozimning javobi mana bunday bo‘ldi:

- Davlat mulki bo‘lgan bino tashlandiq holatda edi. U yerda muhtoj oilalarning bir amallab yashab turgani - shu sharoitda ma’qul yechim. It-mushuk va narkomanlar yashganidan ko‘ra, o‘sha muhtojlar yashagani yaxshi. Bu 25 oila u yerda abadiy qolmaydi. Binoning kelajakda madaniyat sohasiga oid maskan bo‘lishi rejalangan.

Kambahallar yotoqxonasiga aylangan masjidga yondosh Andijon shahar Do‘stlik ko‘chasida yashaydigan va ismi efirda aytilmasligini istamagan mahalla posboni Ozodlik bilan suhbatda ba’zi tafsilotlarni hikoya qildi:

- Masjid ichiga joylashganlarning ko‘pi muqaddam sudlangan va muammoli oilalar. O‘zaro janjal ko‘p. Tualet talashib ham urishib ketishdi tunov kuni. Eri yo‘q xotinlar jazman talashib janjal qiladi.

Mustaqil jurnalistning ko‘rganlari

“Taxtako‘prik” mahallasi faollari mahalliy mulozim va jurnalistlar befarqligidan charchab mustaqil jurnalist Karimberdi To‘ramurodni “xarobaga aylangan sobiq masjid” muammosini yoritish uchun taklif qilishdi.

Jurnalist Karimberdi To‘ramurod sobiq masjid hujralarida yashayotgan 100 ga yaqin kishining o‘ta yomon sharoitlarda yashayotganini videotasvirga olib tarmoqda tarqatdi.

Erkagu ayol uchun umumiy bitta tualetga navbatda turgan o‘nlab kishilar¸ tor hujrada ota-ona va kelin-kuyovning tiqilib yashayotgani va har soatda portlashi mumkin bo‘lgan gaz ballonlar tasviri ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida tashvish bilan qarshilandi.

Ozodlik bilan suhbatda jurnalist Karimberdi To‘ramurod vaziyat videotasvirdagidan ham yomonroq ekanini aytdi:

- Videoda hid aks etmaydi, afsus. Men shu hujralarda besh minutdan ko‘p tura olmadim. Zax va sassiqdan ko‘nglim aynadi. O‘sha xujraning o‘rtasiga to‘rtta yostiq qo‘yib¸ ustiga kleyonka yozib, qo‘lbola vanna qilib cho‘milishar ekan. Kanalizatsiya yo‘q.

O‘zbekistonda ishlatilmay turgan masjidlardan ombor va yotoqxona sifatida foydalanish praktikasi mavjud.

Joriy yil boshida Xorazm viloyat, Xazorasp tumanida uylari buzilib, vaqtincha sobiq harbiy komissarlik binosida yashayotganlar foydalanilmay yotgan ikkita masjid binosiga ko‘chirilgan edi.

XS
SM
MD
LG