Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:46

Stalin jinoyatlarini hujjatlashtirgan tarixchi 9 yilga qamaldi


Kareliyalik tarixchi Sergey Koltirin.
Kareliyalik tarixchi Sergey Koltirin.

Rossiyada sovet diktatori Iosif Stalin hukmronligi davrida qatl etilgan minglab odam ko‘milmish umumiy qabrni o‘rgangan sobiq muzey direktori Sergey Koltirin voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilishda aybdor deb topilib, to‘qqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Kareliya Respublikasida joylashgan Medvejegorsk shahri sudi Koltirin bilan Yuriy Nosov ishi bo‘yicha o‘z hukmini 27 may kuni chiqargan.

Koltirin voyaga yetmaganlarga tajovuzkorlik qilishda ayblangan Sandarmox umumiy qabrini o‘rgangan ikkinchi tarixchidir.

Koltirin sudi ortidan Rossiya rasmiylari Stalin jinoyatlarini fosh qilayotganlar ovozini o‘chirishga jahd qilayotganiga oid xavotirlar urchidi.

Koltirin va Nosov o‘tgan yilning oktabrida qo‘lga olingan edi. Yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan sud ularning har ikkisini voyaga yetmagan bolani yo‘ldan urishda hamda voyaga yetmagan bola bilan jinsiy aloqa qilishda aybdor, deb topdi. Nosov 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Bu orada Kareliya poytaxti Petrozavodsk shahrida boshqa bir tarixchi – Sandarmox umumiy qabrini o‘tgan asrning 90-yillarida hujjatlashtira boshlagan Yuriy Dmitriev sudi yopiq eshiklar ortida davom etmoqda.

Dmitriev “Memorial” inson huquqlari tashkilotining Kareliyadagi bo‘limi yetakchisidir. Prezident Vladimir Putin hukumati tashkilotning Stalin jinoyatlari ko‘lamini fosh qilishga qaratilgan harakatlariga qarshilik ko‘rsatib keladi.

Dmitriev 2016 yili kompyuterida boqib olgan qizi suratlari topilishi ortidan bolalar pornografiyasida ayblanib, qo‘lga olingan edi.

Tarixchi suratlar qizi sog‘lig‘i haqidagi xavotirlar tufayli olinganini, unga qo‘yilgan ayblovlar Stalin davridagi jinoyatlarni fosh qilayotgani uchun o‘ch olishdan boshqa narsa emasligini ta’kidladi.

Petrozavodsk shahar sudi 2018 yilning sentabrida Dmitrievni aybsiz, deb topdi. Ammo ayblovchilar shikoyati ortidan Kareliya Oliy sudi uning ishini qayta ko‘rib chiqishni buyurdi.

Natijada tarixchi qayta qo‘lga olindi. Bu safar unga yanada og‘irroq bo‘lgan “14 yoshga to‘lmagan shaxsga qarshi seksual xarakterga ega zo‘ravonlikka qo‘l urish” ayblovi qo‘yildi.

1991 yildan beri Medvejegorsk mahalliy tarix muzeyiga direktorlik qilib kelgan Koltirin o‘tgan yili Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati Sandarmox atrofida olib borayotgan qazish ishlarini keskin qoraladi.

Koltirin va boshqa faollarning aytishicha, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan qizil armiya askarlarini izlashni ko‘zlayotgan ekskavatsiyalar Stalin o‘z xalqiga qarshi sodir etgan jinoyatlar ko‘lamini kichraytishni ko‘zlaydi.

Putin hokimiyat tepasiga kelganidan beri Stalin ramzi qayta tiklanib, uning mamlakatni sanoatlashtirish hamda fashistlar Germaniyasi ustidan g‘alaba qozonishdagi roliga urg‘u berilib kelinadi. Diktatorning qirg‘inlar, majburiy kollektivlashtirish, ommaviy siyosiy qatag‘onlar, surgunlar va mehnat lagerlarini yo‘lga qo‘yishdagi roli esa kichraytirib ko‘rsatilmoqda.

Putin Rossiya tanqidchilarini Stalinni “haddan ortiq qoralashda” ayblab keladi.

Sud hukmi e’lon qilinishi ortidan Koltirin va Nosov jurnalistlar bilan suhbatlashishdan bosh tortdi. Koltirinning sobiq advokati tazyiqlar ortidan mijozidan voz kechishga majbur bo‘lganini, natijada tarixchiga hukumat advokati berilganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG