Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:48

Masjidlarga Hayitda tushgan ehson pullarini yuz foiz "Vaqf"ga o‘tkazish buyurildi


O‘zbekistondagi masjidlarda imomlar Ramazon hayiti kuni tushgan hayr-ehson pullarini yuz foiz “Vaqf” fondiga o‘tkazish haqida topshiriq berildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan imomlar bunday topshiriq masjidlarda norozilikka sabab bo‘lganini aytishdi.

Imomlar ehson pullari “Vaqf” fondiga o‘tkazilayotgani sabab masjid harajatlarini qoplashga mablag‘ etmayotganidan nolimoqda.

Ayni paytda “Vaqf” fondi Ramazon oyida 1,8 milliard so‘mlik zakot va hayriya mablag‘larini haqdorlarga yetkazganini ma’lum qildi.

4 iyun - Ramazon Hayiti arafasida Andijon viloyatidagi tumanlar bosh imomlariga yo‘llangan audiomurojaatda viloyat bosh imom hatibi ekani ishonilayotgan shaxs Hayit namozida tushadigan pullarni hamda masjidlarga o‘rnatilgan ehson qutilaridagi pullarini yuz foiz "Vaqf" fondiga o‘tkazish haqida Muftiydan topshiriq bo‘lganini aytadi.

“Assalomu alaykum, hurmatli domlalar. Hamma bosh imomlar diqqatiga. Hozir Muftiy hazratlaridan topshiriq bo‘ldi, ertaga Hayit pulidan tashqari yashchiklarnikini ham ochib olib ketishar ekan. Yuz foiz hammasini o‘tkizaylik, yashchiklarga to‘sqinlik qilmanglar”, - deyiladi 4 iyun kuni imomlarga yo‘llangan audiomurojaatda.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:24 0:00
Бевосита линк

Andijondagi masjidlardan birining imomi ham hayr-ehson pullarini yuz foiz “Vaqf” fondiga o‘tkazish haqida ko‘rsatma bo‘lganini tasdiqladi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan imomga ko‘ra, bunday topshiriq masjidlarda norozilikka sabab bo‘lmoqda. Imom bunday dedi:

- Tushgan hamma ehson pullarini xuddi masjidda o‘g‘irlab ketadiganday ustida turib bir so‘migacha sanab olib ketishyapti. 40 foizini keyin masjidga qaytarib berar ekan. Endi buni bizga yoqmayotgan tomoni shuki, Hayit kuni xizmatda turgan, supur-sidir qilgan, savat ko‘tarib ehson yig‘ib yurgan mutavallilarga pul berolmayapmiz-da. Avvallari ularga tushgan puldan 50 -60 ming pul ajratib berar edik. Hozir bir so‘m ham qoldirmay olib hammasini olib ketyapti.

Ehsonning 40 foizi masjidning o‘ziga qaytariladigan bo‘lsa, nega imomlar bundan norozi?

Ozodlik muxbirining bu savoliga andijonlik imom shunday javob berdi:

- Bizga yoqmayotgani qutilarni ustida olti soliqchi turib hamma pulni qurtday sanab olayotgani. 40 foizi masjid harajatlariga kamlik qiladi. Hayit kuni yordam berayotganlarga naqd pul berolmayapmiz.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan boshqa imomlar ham ehson pullari “Vaqf” fondiga o‘tkazilayotgani sabab masjid harajatlarini qoplashga mablag‘ yetmayotganidan nolidi.

- Namozga kelganlar masjidga deb ehson beradi, lekin pulni fondga deb ovolishyapti. Har Hayitda 2-3 million so‘m pul tushadi. Shu pulga amallab turgan edik. Shuni ham ko‘p ko‘rishdi. Hozir endi o‘zimizni harajatlarni qoplashga pul qolmayapti, - deydi ismi ochiqlanmasligini istagan andijonlik yana bir imom.

O‘zbekistondagi masjidlar nizomida agar masjid o‘zini-o‘zi qoplay olmasa, yopilishi mumkinligi aytilgan.

O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi masjidlarda ham imomlar hayr-exson pullarini “Vaqf” fondiga o‘tkazish haqida topshiriq olgan.

Toshkent shahrining Qoraqamish mavzesidagi “Siroj solih” masjidi faollaridan biri bu yildan Hayitda tushgan barcha ehson pullari yuz foiz inkassa qilinayotganini tasdiqladi. Uning aytishicha, yangi tartib yo‘lga qo‘yilgach, tushum pullari nazorati yanada kuchaytirilgan:

“Bu yildan boshlab hamma tushgan pul inkassa qilinyapti. Qutilar soliq inspeksiyasidan kelgan odamlarning ko‘zi oldida ochiladi, suratga olinadi va hujjatlashtiriladi. Ochish payti soliqdan tashqari, IIB, MIB, MXXdan ham vakil bo‘ladi. ​40 foizini bizni hisob raqamga tushiradi, qolgani “Vaqf” fondiga olinar ekan”.

Ozodlik hayr-ehson pullarini yuz foiz “Vaqf” fondiga o‘tkazish haqida topshiriq berilgani yuzasidan O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga bog‘landi.

Idora mulozimi Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.

"Vaqf" jamg‘armasi

“Vaqf” xayriya jamg‘armasi O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan edi.

Rasmiy saytida yozilishicha, “Vaqf” fondi o‘z oldiga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruktsiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi ishlarni maqsad qilib qo‘ygan.

Shu yilning aprel oyida "Vaqf" rahbarining fondga kelib tushgan mablag‘larga o‘zining foydalanib yurishi uchun "Malibu 2" rusumli avtomobilni sotib olgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqda keng bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi.

"Malibu 2" O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan eng qimmat avtomobil hisoblanadi, uning narxi qariyb 276 million so‘m yoki qariyb 33000 AQSh dollarini tashkil etadi.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbariyati avtomobil ehsondan tushgan mablag‘larga emas, balki jamg‘armaning asosiy hisob raqamidagi pulga xarid qilinganini bildirgan.

Ammo, Ozodlik suhbatda bo‘lgan imomlar "Vaqf" fondiga tushayotgan ehson pullarining maqsadli foydalanishiga shubha bilan qarashini aytishdi.

- O‘zbekistonda minglab masjid bor. Odamlar masjidga deb ehson pulini tashlab ketadi. Shu pullar hozir shu fondga oqyapti. Fonddagilar esa “Malibu” olib minyapti. Bu borishda raketa ham sotib olishadi, - dedi andijonlik imom.

Ayni paytda “Vaqf” fondi Ramazon oyida 1,8 milliard so‘mlik zakot va xayriya mablag‘larini haqdorlarga yetkazilganini ma’lum qildi.

Fond matbuot xizmati 5 may kuni tarqatgan xabarnomada aytilishicha, zakot mablag‘lari hisobidan 263 nafar muhtoj insonlarga 405 million 730 ming so‘m ulashilgan.

"Mamlakatimiz masjidlariga 118 million so‘mlik kitob taqdim etildi. Xayriya mablag‘lari hisobidan 173 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tarqatildi. Diniy ta’lim muassasalari talabalarining to‘lov-shartnomalari, masjid, madrasa va ziyoratgohlar, ruhiy kasalliklar shifoxonasi uchun 440 million so‘m atrofidagi mablag‘lar sarflandi. Fondning 14 ta hududiy filiallari tomonidan Ramazon oyi davomida qariyb 700 million so‘mlik zakot va xayriyalar 6 mingga yaqin haqdor insonlarga yetkazildi", - deyiladi xabarnomada.

XS
SM
MD
LG