Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:39

Tahlil: Namoyishlar va Qozog‘istonning bashorat qilingan kelajagi


Qozog‘istonda 9 iyun kuni o‘tkazilgan saylovlardan oldin “Uyg‘on, Qozog‘iston!” harakati yuzaga keldi.

Ammo saylov kampaniyasi shunchalik zerikarli bo‘ldiki, uni kuzatgan har qanday odamga haqiqatda uyg‘onishni tavsiya qilish mumkin bo‘ldi.

Saylov kampaniyasi davomida nomzodlardan biri – Sadibek Tugelning Nursulton barlaridan biriga borib, mijozlarga aroq o‘rniga qimiz ichishni tavsiya qilgani esda qoladigan sanoqli holatlardan biri bo‘ldi. Bu nomzod saylovda eng kam ovoz to‘plab, oxirgi o‘rinni egalladi.

Saylovda Qasim-Jomart Toqaevning g‘olib chiqqani hech kimni hayratlantirmadi. 19 martda mamlakatni qariyb 30 yil boshqargan prezident Nursulton Nazarboev iste’fo berib, Toqaevni qo‘llashini ma’lum qilganidan keyin bo‘lajak saylovning natijasi hammaga ayon bo‘ldi.

Toqaev raqiblari Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlardagi nomzodlarga juda o‘xshash bo‘ldi.

Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ham “alternativ” nomzodlar ishtirokidagi saylovlarni o‘tkazgan. Qozog‘istonda ham aynan shunday bo‘ldi.

Ammo Qozog‘iston qo‘shnilaridan farqli o‘laroq, mustaqil nomzodlarga saylovda ishtirok etish imkonini berdi. Saylov qog‘ozida nomzod ismi ko‘p bo‘ldi, ammo ularning aksari qozog‘istonliklarga tanish emas edi.

Saylovda muxolifat nomidan Amirjan Qosanov nomzod bo‘ldi. Qosanov keyingi paytda jurnalistika bilan shug‘ullanib kelayotgan bo‘lsa-da, Qozog‘istonda muxolif partiyalar ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘lgan paytlardan beri muxolifatchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Qosanov 1 may kuni saylovni boykot qilishga chorlab namoyishchi to‘planganida hukumat Internetni o‘chirib qo‘yganini tanqid qildi. Ammo bu holat istisno bo‘ldi – saylov kampaniyasi davomida Qosanovdan boshqa eshitmadik. Nomzod saylovning rasmiy natijalarini darrov tan oldi.

Qozog‘istondagi saylovning yagona kutilmagan o‘zgachaligi saylovga bo‘lgan norozilik bo‘ldi.

Saylovchilarga haqiqiy tanlash imkonini bermagan saylovga qarshi namoyishchilarni biror nomzod qo‘llaganida, ularning harakatlari ko‘proq e’tibor qozongan bo‘lardi.

Nomzodlarning birortasi saylovga qiziqish uyg‘otish uchun biror ish qilmagani yoki gap aytmagani uchun kuzatishga arziydigan yagona hodisa aynan norozilik namoyishlari bo‘ldi. Norozilik namoyishlarida yoshu qari qatnashdi.

Fransiyada yashayotgan sobiq bankir va muxolifatchi Muxtor Ablyazov internet orqali qozog‘istonliklarni norozilik namoyishiga chiqishga va saylovlarni boykot qilishga chaqirdi. 2017 yilda qozoq sudi Ablyazovni mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirganlikda va jinoiy guruh tashkil etganlikda aybdor deb topib, sirtdan 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.

Shuningdek, qozoq sudi 2018 yilning martida Ablyazov qayta jonlantirgan Qozog‘iston demokratik tanlovi partiyasini man etib, uni ekstremistik guruh deb topdi. Natijada Ablyazovni yoki uning partiyasini qo‘llash hamda uning chaqirig‘i bilan norozilik namoyishlarida ishtirok etish xavfli bo‘lib qoldi. Ablyazov partiyasini qo‘llagan ayrim qozog‘istonliklar terrorchilikda ayblanib sudlangan holatlar ko‘p kuzatildi.

Ayrim qozoq rasmiylari joriy yilda uyushtirilgan namoyishlar Ablyazov partiyasiga aloqador ekanligini iddao qildi. Bundan maqsad qozog‘istonliklarni namoyishga chiqish va Ablyazovga aloqadorlik oqibatlari haqida ogohlantirish edi.

Ammo Qozog‘istonda joriy yilda o‘tkazilgan namoyishlar 2011 yilning aprelida g‘arbiy Qozog‘istonda yoki 2016 yilning aprel-mayida mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlarga ko‘proq o‘xshadi. Boshqacha qilib aytganda, namoyishlarga oddiy qozog‘istonliklar orasidagi hukumat siyosatidan norozilik turki bo‘ldi.

“Uyg‘on, Qozog‘iston!” harakati 5 iyun kuni yuzaga keldi.

Ammo ijtimoiy tarmoqlarda faollar bundan bir necha oy oldin kurasha boshlagan edi. Harakat Qozog‘istonda parlament tuzumini o‘rnatish hamda haqiqatan betaraf bo‘lgan sud tizimini yaratishga chorlamoqda. Harakat o‘zining topqir kampaniyalari tufayli ko‘plab qozog‘istonlik yuragidan o‘rin oldi.

Keyingi oylarda o‘tkazilgan namoyishlarning aksari sharqiy Qozog‘istonda – eng yirik Olmaota hamda Nur-sulton shaharlarida o‘tkazildi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zgarishlarni talab qilib aytilgan chaqiriqlarning aksari ham aynan sharqiy Qozog‘istondan chiqdi.

Qozog‘iston aholisining aksari mamlakat sharqida yashagani bilan, uning neft va gaz kabi boyliklari asosan g‘arbda joylashgan. Bu esa umumiy muxolifat tuzishni mushkullashtiradi.

Qozog‘istondagi norozilik aksiyalarida asosan 30 yoshga to‘lmagan shaxslar qatnashdi.

Namoyishlarda yoshi kattalar ham ishtirok etdi, ammo ularni birlashtirishda yoshlar harakatlari muhim o‘rin tutdi.

Bunday muxolifat an’anaviy muxolifat emas, va bunday oppozitsiya qisqa muddatda rasmiylarga katta ta’sir o‘tkaza olmasligi mumkin. Harakatning muayyan yetakchisi yoki yetakchilari yo‘q, muayyan platformasi yo‘q. Uni qo‘llovchilar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan emas. Ammo bunday muxolifat yoshlarning ovozidan iborat bo‘lgani uchun o‘zgachadir.

Vaqt, ishtiyoq va topqirlik bunday yangi muxolifat avlodiga qo‘l kelishini kutish mumkin. Qozog‘istonda 12 iyundan beri vaziyat sirtdan qaraganda barqarorlashdi, ammo norozilik ovozlari hali beri yo‘q bo‘lmaydi.

XS
SM
MD
LG