Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:30

Gruziya muxolifati rossiyalik deputat "jinoyat"i tug‘dirgan namoyishlar davom etishini bildirdi


Aksar gruziyaliklar Rossiyani "agressor" davlat deb biladi va Duma deputatining mustaqil Gruziya parlamenti spikeri o‘rniga o‘tqazilishini o‘zlari uchun haqorat sifatida qabul qildi.
Aksar gruziyaliklar Rossiyani "agressor" davlat deb biladi va Duma deputatining mustaqil Gruziya parlamenti spikeri o‘rniga o‘tqazilishini o‘zlari uchun haqorat sifatida qabul qildi.

Gruziya muxolifati 21 iyun kuni norozilik namoyishlarini davom ettirishni va’da qildi. “Birlashgan milliy harakat” partiyasi raisi Grigol Vashadze mahalliy vaqt bilan soat 7 dan boshlab namoyishchilar parlament yaqinida to‘planishini ma’lum qildi.

20 iyun kuni Tbilisida o‘tgan Pravoslav parlamentlararo anjumanida Rossiya deputati Sergey Gavrilov tashkilot raisi sifatida Gruziya parlamenti raisi o‘rnida o‘tirib so‘zladi.

Bu holat protokolning qo‘pol buzilishi o‘laroq talqin qilinib, minglab gruziyaliklarning norozilikka chiqishiga sabab bo‘ldi. Namoyishchilar Gavrilov harakatlarini qoralab, navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilishi hamda parlament spikeri va Ichki ishlari vaziri iste’fosini talab qildi. Tunga borib parlament binosiga kirishga uringan namoyishchilar politsiya vakillari bilan to‘qnashdi.

Rossiya deputatining Gruziya parlamenti spikeri o‘rnida turib so‘zlagani ko‘plab siyosatchi, jumladan, prezident, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi hamda muxolifat vakillariga xush kelmadi.

20 iyun kuni Pravoslav anjumani davomidagi tanaffusdan keyin muxolifatchi deputatlar Gavrilovning spiker o‘rniga qaytishiga to‘sqinlik qildi. Natijada Gavrilov va Rossiya delegatsiyasi tansoqchilar qurshovida parlament binosini tark etdi.

Moskva 2008 yilda Gruziya bilan qisqa muddatli urush o‘tkazib, Janubiy Osetiya, keyinroq Abxaziyaga harbiy kuchlarini kiritgan edi. Moskva Gruziyaning bu ikki ayirmachi mintaqasini mustaqil davlatlar sifatida tan olgan.

Gruziyaliklar Gavrilovni prezident Vladimir Putinning yaqin hamkori deb biladi va siyosatchi Janubiy Osetiya va Abxaziyada ayirmachilarni qo‘llaydi, deb ishonadi.

20 iyun kuni kech boshlangan norozilik namoyishlari 21 iyun ertalabga qadar davom etdi. Hodisani yoritgan Ozodlik muxbirlari politsiya bilan to‘qnashuvlarda bir necha jurnalist ham jarohat olganini ma’lum qildi.

Ozodlik muxbirlariga ko‘ra, muxolifat yetakchisi Vashadze parlament spikeri Irakli Kobaxidze hamda Ichki ishlar vaziri Georgiy Gaxariya iste’fosini talab qilganidan keyin, politsiya bilan ziddiyat keskin tus olgan.

Soat 10:30 larda namoyishchilar parlamentga kirishga urina boshlashi ortidan politsiya ularga qarata rezina o‘qlarni otgan va ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan.

Tbilisi shifoxonalaridan biri namoyishchilarning biri ko‘zidan ayrilganini aytdi.

Parlament spikeri o‘rinbosari sodir bo‘lgan hodisalar uchun politsiya emas, balki “provokatorlar” aybdor ekanligini bildirdi.

Kunchiqarga yaqin politsiya vaziyatni to‘lig‘icha nazoratga oldi va namoyishchilar uyiga tarqala boshladi.

Mahalliy matbuot bir necha namoyishchi qo‘lga olinganini xabar qildi, ularning aniq soni hozircha noma’lum

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili aholini hissiyotga berilmaslikka chorladi.

Prezident, shuningdek, Gavrilov harakatlarini “yirik jinoyat” deya baholab, uning mamlakat obro‘siga putur yetkazganini ta’kidladi.

Ayni paytda prezident Gavrilov harakatlari namoyishlar va hukumat iste’fosini talab qilishga asos bo‘la olmasligini aytdi.

Tbilisida boshlangan noroziliklar ortidan Zurabishvili va spiker Kobaxidze Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan belgilangan uchrashuvni bekor qildi.

Gavrilovning o‘zi esa “Rossiya-24” telekanaliga bergan intervyusida Gruziyadagi namoyishlar “Rossiya va Gruziya xalqi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan urinishlarga putur yetkazishni ko‘zlovchi provokatsiya” ekanligini ta’kidladi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Karasin esa Gruziyadagi “radikal siyosiy kuchlarning” bu ishidan xavotir bildirdi.

AQShning Gruziyadagi elchixonasi Gavrilovning harakatlari gruziyaliklarga yoqmagani tushunarli holat ekanligini bildirar ekan¸ barcha taraflarni his-tuyg‘uga berilmay, konstitutsiyaga asoslanib ish tutishga chorladi.

Aksar gruziyaliklar mustaqil mamlakatning ikki mintaqasi - Janubiy Osetiya va Abxaziyani Gruziya tarkibidan ajratib olgan Rossiyani "agressor" davlat deb biladi va Duma deputatining mustaqil Gruziya parlamenti spikeri o‘rniga o‘tqazilishini o‘zlari uchun haqorat sifatida qabul qildi.

XS
SM
MD
LG