Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:43

Zelenskiy o‘z ma’muriyatini «bachkana» prezident saroyidan "Ukraina uyi" binosiga ko‘chirmoqchi


Zelenskiy o‘ziga Yanukovich va Poroshenkodan meros qolgan "oltin bezakli¸ bachkana" prezident kabinetida.
Zelenskiy o‘ziga Yanukovich va Poroshenkodan meros qolgan "oltin bezakli¸ bachkana" prezident kabinetida.

Volodimir Zelenskiy Ukraina prezidenti etib saylanganidan beri prezident kortejidagi avtomobillar sonini sakkiztadan ikkitaga ozaytirdi.

Endilikda Zelenskiy prezident ma’muriyatini Bankova ko‘chasidagi mashhur imoratdan boshqa binoga ko‘chirmoqchi.

Zelenskiyga shuhrat olib kelgan TV shou qahramoni ham prezident bo‘lganidan so‘ng aholiga xalaqit bermaslik uchun prezident saroyini boshqa joyga ko‘chiradi.

O‘z teleqahramonidan farqli Zelenskiy taklif qilayotgan yangi adres Kievning qoq markazida joylashgan bo‘lib, shaharliklar prezidentning bu qarori avtomobillar qatnovini yomonlashtirishini aytmoqda.

Zelenskiy ko‘chishga qaror qilishiga hozirgi saroydagi oltin bezaklar, hashamatli xonalar, yashirin koridorlar sabab bo‘lganini aytdi. Uning aytishicha, yangi bino prezident ma’muriyatini korrupsiya emas, ochiqlik va shaffoflik bilan bog‘lashga ko‘maklashadi.

Zelenskiy joriy prezident saroyi korrupsiya timsoliga aylanganini aytadi.
Zelenskiy joriy prezident saroyi korrupsiya timsoliga aylanganini aytadi.

Zelenskiy taklif qilayotgan yangi imorat “Ukraina uyi” deb ataladi. 1978-82 yillarda qurilgan besh qavatli imorat 1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanib ketgunicha Vladimir Lenin muzeyi vazifasini o‘tagan.

Sovet tarixiga qaramasdan, imorat 2013-14 yillardagi “Yevromaydon” namoyishlari paytidagi roli bilan tanilgan. O‘shanda binodan sobiq prezident Viktor Yanukovichga sodiq politsiya kuchlari foydalangan, ammo namoyishchilar ularni quvib chiqarganidan keyin, imorat namoyishlarni qo‘llovchi markazga aylangan edi. 2014 yildan beri esa binodan ko‘rgazma markazi o‘laroq foydalanib kelinadi.

Prezidentning ko‘chish rejasi haqidagi xabar Zelenskiyning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ulashildi.

Rasmiylarning aytishicha, imoratni qayta ta’mirlab, ulkan derazalarga ega “Yevropa stilidagi” ofisga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Prezidentning ushbu qaroriga qarshilarni nafaqat avtomobil qatnovi bilan bog‘liq muammolar, balki imoratni tubdan qayta ta’mirlash uchun kerak bo‘ladigan mablag‘ qaerdan olinishi qiziqtirmoqda. Prezident ma’muriyati yetakchisi Andriy Bohdan imorat Yevropa Ittifoqidagi nodavlat tashkilotlardan olingan mablag‘ evaziga qayta ta’mirlanishini aytdi.

Bankova ko‘chasidagi imorat 1991 yildan beri prezident saroyi vazifasini o‘tab keladi. Zelenskiy bu imoratni muzeyga aylantirishni istashini aytdi.

Zelenskiy va uning tarafdorlari hozirgi saroyning labirintsimon yo‘laklari hamda bachkana bezaklaridan nolib keladi. Masalan, prezident ofisi, jumladan, tualeti marmar va tilla bezaklar bilan bezatilgan. Boshqa xonalarda esa xrustal qandillar hamda ekzotik yog‘och bezaklarni ko‘rish mumkin. Ayrim ukrainaliklar uchun ushbu imorat mamlakatda chuqur ildiz otgan korrupsiya timsoliga aylangan.

Bankovadagi saroy oxirgi marta rossiyaparast prezident Yanukovich davrida qayta ta’mirlangan.

XS
SM
MD
LG