Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:41

Guvohlar: Mast holatda avariya sodir etgan IIB mayori o‘zini ikkinchi qavatdan tashlab qochishga urindi


O‘zbek militsiyasi avtomobili
O‘zbek militsiyasi avtomobili

Jizzax viloyati Zomin tumani IIB mayori mast holatda o‘z xizmat mashinasida yo‘l-transport hodisasini sodir etib, voqea joyidan g‘oyib bo‘ldi.

Hodisa 24 iyunga o‘tar kechasi Dashtobod shaharchasida ro‘y berdi.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, Dashtobod shaharchasi Oqar qishlog‘i uchastka noziri bo‘lib ishlovchi O‘.Q. “Matiz” mashinasida qarama-qarshi tomondan kelayotgan “Neksiya 2” mashinasi bilan to‘qnashgan.

“Neksiya 2” rulida bo‘lgan 23 yoshli Olim Abdurahmonov iddaosicha, militsiya zobiti “oyoqda turolmaydigan darajada mast” bo‘lgan.

Abdurahmonov militsiya zobitini tanishlari kelib, jinoyat joyidan yashirishgani, o‘zi esa avariya oqibatida “o‘rta darajadagi jarohat” bilan Dashtobod kasalxonasiga olib borilganini aytdi.

- Militsiya formasida, oyog‘ida turolmayapti, g‘irt mast. Inspektorlar kelmasidan tanishlari kelib, uni uyiga olib ketishdi. Avariya payti boshimdan jarohat olganim uchun meni kasalxonaga olib borishdi. Bo‘lgan voqeani tergovchilarga o‘sha yerda aytib berdim, - deydi Olim Abdurahmonov.

Jabrlanuvchining aytishicha, yo‘l-transport hodisasidan uch soat o‘tib tergovchilar avariya sababini aniqlash uchun militsiya zobitining uyiga borishgan paytda, mayor qochishga urinib, uyining 2-qavatidan yerga sakragan.

Yerga yiqilib jarohat olgan mayorni tergovchilar zambilda Dashtobod kasalxonasiga olib ketganlar.

Kasalxona xodimasi tibbiy tekshiruv payti militsiya zobiti O‘.Q. qoni tarkibida 0.885 promille alkogol borligi aniqlanganini Ozodlikka aytdi.

"Prokuratura va ichki ishlar xodimlari uni nosilkada olib kelishdi. Chunki u yurolmasdi, tepadan sakragan. Tekshirganimizda 0.885 promille alkogol borligi aniqlandi, bu juda katta miqdor. Alkotester ham qizardi, ham chiyilladi", - dedi Dashtobod kasalxonasi xodimasi.

Jizzax viloyati Zomin tumani prokuraturasining ma’lum qilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi, ya’ni transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan, hodisa tergov qilinmoqda.

Mast holatda yo‘l transport hodisasini sodir etgan IIB zobitining keyingi taqdiri haqida ma’lumot yo‘q.

Jabrlanuvchi sifatida ko‘rilayotgan Olim Abdurahmonov iddaosicha, militsiya zobiti kasalxonadan g‘oyib bo‘lgan.

-Tanishlari Gulistonga olib qochib ketishgan deyishyapti, lekin meni mashinamni tuzatib bersa bo‘ldi edi, - deydi Olim Abdurahmonov.

Huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan mast holatda yo‘l-transport hodisasini sodir etish ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Shu yilning aprel oyida Andijon viloyatining Marhamat tumanida prokuratura xodimi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida bir kishi hayotdan ko‘z yumgandi.

Ozodlik piyoda o‘limiga sabab bo‘lgan “Neksiya” mashinasi rulida Marhamat tumani prokurorining katta yordamchisi bo‘lganini aniqlagan edi.

6 aprel oqshomida esa Toshkent shahar, Chilonzor tuman, Muqimiy ko‘chasida yuz bergan avtohalokatda bir ayol halok bo‘ldi.

Ozodlik suhbatlashgan ikki nafar ichki ishlar zobitiga ko‘ra, yo‘l o‘rtasida borayotgan ayolni urib yuborgan shaxs Toshkent shahar IIB uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i, 38 yashar podpolkovnik U.Q bo‘lgan.

Bundan avval esa ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori M.H. (32 yosh) 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

XS
SM
MD
LG