Samarqand YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatidan chiqariladigan ob’ektlar qatoridan joy olishi mumkin. Bu haqda YuNESKO rasmiy saytidagi hujjatda ma’lumot berildi.
Jahon merosi qo‘mitasining Ozarbayjon poytaxti Bokuda 30 iyundan 10 iyulgacha o‘tadigan 43-sessiyasi arafasida e’lon qilingan hujjatda aytilishicha, Samarqandning tarixiy qismiga yondosh bufer zonada uylar, mehmonxonalar va boshqa binolar qurilmoqda.
Bu esa madaniy qiymatga ega tarixiy binolarga zarar yetkazmoqda.
O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi Bokuda o‘tadigan 43-sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari ishtirok etishini Ozodlik muxbiriga bildirdi.
YuNESKOning Jahon madaniy merosi qo‘mitasi tarqatgan hujjatda ta’kidlanishicha, 2022 yilda o‘tadigan ShHT sammitiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston hukumatining Samarqandda yangi mehmonxonalarni va ko‘p qavatli binolarni qurish rejasi ham tashvish uyg‘otmoqda.
Qo‘mita ekspertlariga shu kungacha Samarqand-Siti va boshqa qurilishlar loyihasiga oid hujjatlar taqdim etilmagan.
"O‘zbekiston Respublikasidagi hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi 435-sonli qaror talabiga ko‘ra "Samarqand shahar tarixiy qismidagi har bir qurilish rejasi haqida Jahon madaniy merosi qo‘mitasiga ma’lumot berilishi" shart.
435-sonli qaror
YuNESKO tarafidan 2001 yilda “Samarqand madaniyatlar chorrahasi” degan nom ostida qo‘riqlanishi shart bo‘lgan obidalar buzilib o‘rniga kotlovan qazilaëtgan 2018 yilning yozida Vazirlar Mahkamasi “YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasidagi hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 435-sonli qarorni qabul qildi.
Qarorda “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” ob’ekti muhofazasi kuchaytirilishi zarurligi ta’kidlanadi.
2018 yilning 9 iyunida qabul qilingan qarorga ko‘ra¸ qurilish va obodonlashtirish loyihasi YuNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan avvaldan kelishilmagan bo‘lsa¸ bunday qurilishlar Umumjahon merosi markazi tomonidan ma’qullangunga qadar to‘xtatiladi.
Samarqand "yer yuzining sayqali" degan nomdan ayrilishi mumkin
Jahon merosi qo‘mitasi Samarqand yuzasidan 2008 yildan beri tashvish bildirib keladi. Qo‘mita YuNESKO markaziy kengashiga Samarqandning tarixiy qismini saqlab qolish masalasini kuchliroq nazorat ostiga olish iltimosi bilan murojaat qilgan.
Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jam Muhammadievning Ozodlikka aytishicha "shahardagi har bir g‘isht avaylab asralmoqda"
Samarqandlik haykaltarosh va ta’mir ustasi Nurmuhammad Qodirovning Ozodlik bilan 28 iyun kungi suhbatda ta’kidlashicha¸ Samarqand shahridagi YuNESKO ro‘yxatiga kirgan joylarda 27 ta noqonuniy qurilish qilingan va ayni ro‘yxatdagi 83 madaniy obida jismoniy va yuridik shaxslar tasarrufiga qonunsiz o‘tkazilgan:
- Samarqand shahrini YuNESKO uchta tarixiy bo‘lak bilan Umumjahon merosi ro‘yxatiga 2001 yili kiritgan .Bu “Temuriylar”¸ “Afrosiyob” va “Yevropa” deya nomlangan bo‘laklar uzviy bog‘lanib¸ yagona qadimiy Samarqandni tamsil qiladi. Muammo “Yevropa” deya nomlangan qismida yuz bermoqda. Chor ishg‘oli davrida qurilgan binolarga tarixiy asar deb qaramaslik oqibatidagi muammo bu¸ - deydi Nurmuhammad Qodirov.
Samarqand shahrida boshlangan keng ko‘lamli qurilishlar oqibatida YuNESKO tarafidan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bir nechta imorat buzilgan. Voqea joyiga borib ko‘rgan jurnalist va san’atshunoslarning Ozodlikka aytishicha¸ gap YuNESKO tarafidan 2001 yilda “Samarqand madaniyatlar chorrahasi” degan nom ostida qo‘riqlanishi shart bo‘lgan obidalar ro‘yxatiga kiritilgan Yevropa uslubidagi binolar haqida ketmoqda.
"Muammo yechimi ustida ishlanmoqda"
O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Madaniy meros boshqarmasi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ YuNESKO talabi bilan "Bufer zonasidagi qurilishlar to‘xtatilgan va nizoli yangi binolarni buzib tashlash bo‘yicha shahar sudi qaror chiqargan".
- YuNESKO tashvish bildirgan va Bokudagi majlis kun tartibiga kiritilgan muammoni barataraf qilish ishlari bir yildan beri ketmoqda. Oldingi rahbar Jo‘raev(xozir hibsda qolaëtgan viloyat hokimi Turobjon Jo‘raev) ko‘p shubhali developerlarga Samarqandning tarixiy qismida uy qurishga ruxsat bervorgan. Bu uylardan bittasini buzish boshlandi. Uy qurgan shirkat boshlig‘ining ishi sudda¸ - deydi mulozim.
Shaharning o‘zgarmas Genplani tuzilmoqda
Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jam Muhammadievning Ozodlikka aytishicha¸ shahar Bosh rejasi tuzish ustida ish olib borilmoqda.
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov nazorati ostida tuzilayotgan bu bosh reja¸ mulozim fikriga ko‘ra «bitta g‘ishtni uyoqdan bu yoqqa olib qo‘yishni ham cheklaydi»
Ayni paytda qo‘mita Samarqand shahar bosh planini tayyorlash rejasini olqishladi va bu reja YuNESKO tavsiyalarini e’tiborga olgan holda tayyorlanishiga umid bildirdi.
ShHT sammiti uchun qurilayotgan mehmonxona shaharning qadimiy manzarasini buzadi
Jahon madaniy merosi yoyinlagan hujjatda ta’kidlanishicha, 2022 yilda o‘tadigan ShHT sammitiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston hukumatining Samarqandda yangi mehmonxonalarni va ko‘p qavatli binolarni qurish rejasi ham tashvish uyg‘otmoqda.
Samarqandlik haykaltarosh va ta’mir ustasi Nurmuhammad Qodirov Ozodlik bilan suhbatda sammit mehmonlari uchun “Samarqand siti" loyihasi doirasida 25 ta zamonaviy mehmonxona qurilayotganidan tashvish bildirdi:
- Bu binolar loyihasi me’morlar tilida «eklektik kitch» deya ataladigan jo‘n va ëmon uslubda tiklanmoqda. Shaxar relyefi va gorizontal ko‘rinishini buzadigan binolar. Uch kunlik sammit uchun qadimiy shahar manzarasi buzilishiga qarshiman¸ deydi suhbatdosh.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi vakili ham Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i ham ShHT sammiti uchun qurilayotgan mehmonxonalar haqida Ozodlikka izoh bermadi.
Ta’mir ustasi Nurmuhammad Qodirovga ko‘ra¸ bu ketishda "Samarqandning boshiga Shahrisabzning kuni tushadi".
2016 yilda Shahrisabz ham Jahon madaniy merosi ro‘yxatidan chiqarilish tahdidi ostida qolgan edi.
2014 yilda Shahrisabzdagi tarixiy mahallalar buzib tashlangani ortidan YuNESKO O‘zbekiston hukumatiga bu yo‘qotish o‘rnini qanday to‘ldirish masalasida takliflar kiritishni iltimos qilgan.
Biroq uch yil davom etgan mazkur jarayonda O‘zbekiston tomoni yo‘q qilingan mahallalarni qayta tiklash bortasida jo‘yali taklif kirita olmagan.
2018 yilda O‘zbekiston YuNESKOga Shahrisabz tarixiy qismini saqlab qolish yo‘nalishidagi ishlarni kuchaytirishga va’da bergani ortidan, bu shahar Jahon madaniy merosi ro‘yxatida qoldirilgan.